| Ayollar huquqlari

Qirg‘izistonda kelin o‘g‘irlash holatlariga barham berish choralari koʻrilmoqda

Kanat Altinbayev


20 yashar tibbiyot bilim yurti talabasi Burulay Turdaali Qizining qarindoshlari Qirg‘izistonning Soʻquluq shahridagi uyi oldida qurilgan o‘tovda 40 kunlik maʼraka o‘tkazmoqdalar. Qurbon o‘z o‘g‘risi tomonidan militsiya idorasida o‘ldirilgan edi. 28-iyun. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

20 yashar tibbiyot bilim yurti talabasi Burulay Turdaali Qizining qarindoshlari Qirg‘izistonning Soʻquluq shahridagi uyi oldida qurilgan o‘tovda 40 kunlik maʼraka o‘tkazmoqdalar. Qurbon o‘z o‘g‘risi tomonidan militsiya idorasida o‘ldirilgan edi. 28-iyun. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

BISHKEK – Qirg‘iziston hukumati o‘tgan yili 20 yashar tibbiyot bilim yurti talabasi Burulay Turdaali Qizining shafqatsizlarcha oʻldirilishi ortidan kelin o‘g‘irlash holatlari yuzasidan ogohlikni kuchaytirmoqda.

30 yashar Mars Bodoshev o‘tgan yili muvaffaqiyatsiz kelin o‘g‘irlash hodisasi ortidan Turdaali Qizini Chuy viloyatining Jayil tumanidagi militsiya idorasida pichoqlagan. Sud dekabr oyida Bodoshevni aybdor deb topdi va unga 20 yillik qamoq jazosi tayinladi.

Hodisadan keyin bir nechta militsiya xodimi oʻz ishiga beparvo qaragani uchun jazolangan.


Kelin o‘g‘risi rolini o‘ynayotgan yigit o‘z qurbonini uyiga olib keldi, videolavha “Ochiq liniya” nodavlat tashkiloti tomonidan suratga olingan. (“Ochiq liniya”)

Kelin o‘g‘risi rolini o‘ynayotgan yigit o‘z qurbonini uyiga olib keldi, videolavha “Ochiq liniya” nodavlat tashkiloti tomonidan suratga olingan. (“Ochiq liniya”)


“Ochiq liniya” tomonidan tarqatilgan ogohlikka chaqiruvchi posterda kelin o‘g‘irlash holatlaridan jabrlangan qirg‘iz qizlariga nima qilish kerakligi uqtiriladi. (“Ochiq liniya”)

“Ochiq liniya” tomonidan tarqatilgan ogohlikka chaqiruvchi posterda kelin o‘g‘irlash holatlaridan jabrlangan qirg‘iz qizlariga nima qilish kerakligi uqtiriladi. (“Ochiq liniya”)

Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari tomonidan 2018-yilning eng muhim hodisalaridan biri deb atalgan mazkur holat Qirg‘izistonda kelin o‘g‘irlash odati va oilada ayollarga qarshi zo‘ravonlik muammolariga eʼtiborni jalb qildi.

Hujum mamlakatni larzaga solib, minglab namoyishchilarni ko‘chalarga olib chiqdi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va inson huquqlari guruhlarining keskin tanqidiga uchradi.

Ogohlikni oshirish

Koʻpincha jabrlanuvchilar bunday holatlarning jinoyat ekanligini bilmaydilar, deydi Issiqko‘l viloyati militsiya bo‘linmasi matbuot kotibi Stalbek Usubakunov Karvonsaroy nashriga.

“Shu bilan birga, o‘g‘irlangan qizlar sharmanda bo‘lishdan qoʻrqib, militsiya chaqirishga shoshilmaydilar”, dedi u.

Bu amaliyot qonunga zid ekaniga qaramay, Qirg‘izistonda kelin o‘g‘rilarini sud qilish holatlari juda kam uchraydi.

O‘tgan besh yil ichida viloyat militsiya boshqarmasiga kelin o‘g‘irlanishi bilan bogʻliq holatlar boʻyicha atigi 78 ta shikoyat kelib tushgan, dedi Usubakunov.

“Ularning ko‘pchiligi tergov bosqichida tomonlarning murosaga kelishi va boshqa sabablar bilan bekor qilingan”, dedi u. “Koʻplab tergov ishlarida jinoyat izi bo‘lmagan va faqat 12 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, bu ishlar yuzasidan sakkiz kishi jazoga tortilgan va to‘rt nafari jabrlanuvchilar bilan kelishib, javobgarlikdan qutulib qolgan.”

Issiqko‘l militsiya boshqarmasi chekka hududlarda, jumladan, ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazish orqali jamoat ogohligini oshirish ustida ishlab kelmoqda, dedi Usubakunov.

“Biz ommaga kelinni uning istagiga zid ravishda o‘g‘irlash odat emas, balki jinoyat ekanligini uqtirishga harakat qilyapmiz”, dedi u.

Noqonuniy o‘g‘irliklar

2016-yilda BMT tomonidan oʻtkazilgan so‘rovga ko‘ra, juda kam ayollar shikoyat bilan murojaat qilgan boʻlsa-da, Qirg‘izistondagi har beshta turmushdan biri kelin o‘g‘irlanishi bilan qurilgan.

Bunday hollarda, erkak o‘z do‘stlari bilan ko‘chadan qizni o‘g‘irlaydi va “kuyov”ning uyiga olib keladi, bu yerda qarindoshlar an’anaviy to‘y o‘tkazishga tayyorlanib turishadi.

Odatga ko‘ra, qirg‘izistonliklar bu ishga “qalin puli” (kelin uchun to‘lanadigan pul yoki uning ota-onasiga beriladigan sovg‘a) to‘lashga imkoni yoʻqligi sababli yoki ota-onasi qizning oʻz sevgilisiga turmushga chiqishiga qarshi boʻlganida qo‘l uradilar.

Ammo, ko‘pchilik erkaklar oʻz istaklariga qarshi rad javobini olganlarida ham bu odatni suiisteʼmol qilganlar. Bu “odat” qamoq jazosi beriladigan jinoyat bo‘lishiga qaramay, qishloqlarda haligacha saqlanib qolgan.

Issiqko‘l viloyatining Barskun qishlog‘ida yashovchi Asel Chotonovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili uning sinfdoshlaridan biri dugonasini yigiti borligiga qaramay o‘g‘irlagan va turmushga chiqishga majburlagan.

“O‘g‘rining qarindoshlari qizni uyda ushlashgan va uni qo‘yib yuborishmagan”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “U baqirgan, yig‘lagan, qo‘yib yuborishlarini so‘rab yalingan, ammo hech kim unga quloq solmagan.”

Jabrdiydalar huquqlarini himoya qilish

Kelin oʻgʻirlash bilan bogʻliq voqea jabrdiydalari ihotalangan boʻlib, oʻz huquqlarini qay tarzda himoya qilishni bilmaydi, deydi Bishkekdagi “Ochiq liniya” ayollar huquqlarini himoya qilish nodavlat tashkiloti direktori Munara Beknazarova.

Tashkilot “Xavfsizlik xaritasi” deb nomlangan mobil ilovani taqdim etgan boʻlib, u foydalanuvchilarga koʻchalarda sodir boʻladigan noxush hodisalarni real vaqt rejimida yuborish va ular haqda bir-birlarini ogoh qilishga imkon beradi.

“Har kim oʻzini xavfsiz va ishonchli his qilish hamda hujumlar, haqoratlar, shilqimlik, talon-taroj, oʻgʻirlik kabi holatlardan himoyalanish huquqiga ega”, deyiladi ilova vebsaytida.

Bunday ilova militsiyaga kelin oʻgʻirlash holatlariga qarshi oʻz vaqtida chora koʻrish imkonini berishi mumkin. Zero, bunday vaziyatlarda militsiyaga murojaat qilish har doim ham foyda bermaydi, sababi huquq-tartibot idoralari bunday holatlarni kamdan-kam tergov qiladilar, dedi Beknazarova Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Oʻrganishlarimiz natijasida maʼlum boʻlishicha, ayrim hollarda militsiya oʻgʻirlangan ayollarning arizasini qabul qilishdan bosh tortgan. Norin, Talas va Issiqkoʻl viloyatida yashovchilar bizga shunday holatlar haqida xabar berganlar“, dedi u.

“Bir ayolning bizga aytishicha, u militsiya idorasiga borgan vaqtida ariza bermasligi uchun unga psixologik bosim oʻtkazishga harakat qilishgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Beknazarovaga koʻra, kelin oʻgʻirlash holatlari boʻyicha malakali advokatni topish, hatto shaharda ham qiyin masala.

“Qirgʻiziston konstitutsiyasi erkaklar va ayollar uchun birdek huquqlar, shuningdek teng imkoniyatlarni kafolatlashi inobatga olinsa, bu holat bemaʼnilikdan boshqa narsa emas”, dedi u. “Bundan tashqari, Qirgʻiziston inson huquqlariga oid koʻplab xalqaro shartnomalar, jumladan, ayollarga nisbatan kamsitishning barcha turlariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga qoʻshilgan.“.

Sizga maqola yoqdimi?

24
6
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha