http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/08/29/feature-02
| Ommaviy axborot vositalari

“Islom davlati” OAV mashinasining ishdan chiqqani aytilmoqda

Karvonsaroy

Shu yili chiqarilgan IDga tegishli videolavha kadrida guruhning media-jamoasi aʼzolari aks etgan. (Fayl)

Afgʻoniston, Iroq va boshqa joylarda oʻtkazilgan xavfsizlik operatsiyalaridan soʻng, “Islom davlati”ning (ID) oʻz vaqtida juda sermahsul ishlagan targʻibot mashinasi tobora kichrayib bormoqda.

Soʻnggi oylarda IDning Telegram va boshqa platformalardagi kanallarida yuqori sifatli surat va videolavhalar deyarli joylanmagan, soʻnggi haftalarda esa ularda keskin pasayish kuzatilgan.

Yaqinda sodir etilgan yirik hujumlar terrorchilik guruhining siyqasi chiqib boʻlgan reklama kampaniyasini barbod qilgan.

Masalan, Kobulda 17-avgust kungi toʻyda xudkush terrorchi tomonidan sodir etilib, 80 kishining oʻlimi va qariyb 200 kishining jarohatlanishiga olib kelgan portlash haqida ID faqat matnli xabar eʼlon qilgan. Oʻtgan yili terrorchi guruh fotosuratlar, video va boshqa turdagi multimediali fayllarni joylagan edi.

Guruh yaqinda Iroq va Suriyada amalga oshirilgan boshqa hujumlar boʻyicha ham sifatsiz rasmlarni chop etgan, bu oʻtgan yilgi yuqori texnologik postlardan keskin farq qiladi.

IDning bir qator jabhalardagi zaiflashuvi

Koʻplab sabablar IDning OAV mashinasi faoliyatini yoʻqqa chiqarib bormoqda.

Birinchidan, mart oyida IDning Yaqin Sharqdagi magʻlubiyati guruhning eng asosiy tashviqot markaziga jiddiy zarba boʻldi, sababi “xalifalik” tor-mor etilishi ortidan uning koʻplab xodimlari va tashviqotchilari oʻldirilgan yoki hibsga olingan.

Ikkinchidan, bir qator xavfsizlik va razvedka operatsiyalari natijasida guruhning texnik imkoniyatlari cheklangan. Jumladan, 10-iyul kungi operatsiyada xavfsizlik xizmati xodimlari IDning Iroqdagi 100 dan ortiq serverlarini musodara qilganlar.

Iroq razvedkasi maʼlumotlariga koʻra, ID bu serverlardan oʻz teraktlarini translyatsiya qilish orqali tinch fuqarolarni qoʻrqitish, shuningdek Iroq va boshqa hududlardagi faoliyatini “OAV orqali yoritish” uchun foydalangan.

Yaqinda Iroq armiyasi boʻlinmasi IDning “Amaq” radiostantsiyasida ishlatilgan efirga uzatish uskunalarini musodara qilgan, deb xabar berdi Iroq mudofaa vazirligi.

Aprel oyida afgʻon kuchlari Kobulda Facebook, Twitter, Instagram va Telegram tarmoqlarida Afgʻoniston hukumatiga qarshi tashviqot va yangi aʼzolarni yollash bilan shugʻullanganini tan olgan olti nafar ID aʼzosini qoʻlga oldilar.

“IDni mazkur tizim va texnik imkoniyatlardan mahrum qilish bu bosqichda xavfsizlik kuchlari koʻzlagan asosiy maqsaddir”, dedi iroqlik tahlilchi Ahmad al-Sharifiy.

Uchinchi sabab – guruhning jamoatchilik fikriga nisbatan oʻz taʼsirini yoʻqotgani, dedi u.

“ID hukmron boʻlgan davrda yashagan fuqarolar endilikda guruh gʻoyalari diniy va insoniylik qadriyatlaridan naqadar yiroq ekanligini tushunib yetmoqdalar”, deb qoʻshimcha qildi u.

Guruh inqirozga uchragani sababli unga qarashli ommaviy axborot vositalarining faoliyati ham sustlashgan, deydi tahlilchi Ahmad al-Sharifiy.

U endi hech qanday hududni nazorat qilmayapti va oldingi moliyaviy manbalaridan mahrum boʻlgan, dedi u.

“Soʻnib bormoqda”

Xavfsizlikni taʼminlash yoʻlidagi faol saʼy-harakatlar guruhni aksariyat media-platformalari, texnologiyalar, tasvirchilar, ovoz sozlovchilari va tashviqotchilari bilan bir qatorda boshqa xodimlaridan mahrum qilgan, dedi Iroqning Al-Farobiy oliygohida ommaviy kommunikatsiyalar fanidan dars beradigan Kozim al-Miqdodiy.

Hukumat guruh mafkurasi va gʻoyalarini onlayn tarzda, “ayniqsa ijtimoiy tarmoqlar orqali” tarqatuvchi ID boʻlinmalari va uni qoʻllab-quvvatlovchilar yoʻliga toʻsiq qoʻyish boʻyicha maqsadli harakatlarni olib bormoqda", dedi u.

“IDning media-mashinasi yoʻqlikka yuz tutib bormoqda”, dedi al-Miqdodiy. Uning taʼkidicha, guruh “ishonchni yoʻqotgan va undan hech kim qoʻrqmay qolgan”.

Bagʻdod universiteti media kollejining reklama fani oʻqituvchisi Abdul Salom al-Samir IDning OAV mashinasini va uning dezinformatsiya tarqatadigan, psixologik urush olib boradigan texnologiyalarini nishonga olish muhimligini taʼkidladi.

“Biz uning texnologik imkoniyatlari va media-kontent yaratuvchi boʻlinmalarini yoʻqotishda davom etishimiz kerak”, dedi u. “Uning raqamli imkoniyatlari va ijtimoiy platformalari faoliyatiga barham berish lozim.”

Ammo bu imkoniyatlarni cheklashning oʻzi yetarli emas, OAVda aksilterror targʻibotni kuchaytirish zarur, deb taʼkidladi u.

“ID eʼlon qilgan xabarlardagi yolgʻon va dezinformatsiya fosh etilgach, jamoatchilik unga xayrixohlik bildirmay qoʻygan”, dedi u. “Ammo biz odamlarning terrorchilarga qarshi noroziligini kuchaytirishimiz va doim ularning qabih amallari va jinoyatlarini eslatib turishimiz kerak.”

“Biz ularning gʻoyalariga qarshi kurasha oladigan ijtimoiy ogohlik dasturlari, hujjatli filmlar va telekoʻrsatuvlar bilan ularning yanglish mafkurasini nishonga olishimiz kerak”, dedi al-Samir.

Sizga maqola yoqdimi?
7
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha
| 2019-08-30

Adashmasam, ISHID Isroilga aloqador boʻlgan, uning Afgʻonistonga koʻchib oʻtayotgani esa safsata.

Javob berish