| Terrorizm

Suriyada soʻnggi hududini boy bergan ISHIDning qoʻshtirnoq ichidagi “xalifaligi” qulamoqda

Salaam Times va AFP

Guruh “xalifaligi”ning soʻnggi onlari aks ettirilgan videolavhada jangarilar oʻzlarining soʻnggi manzillarida AQSH qoʻllovidagi kurd kuchlariga qarshi jang qilmoqdalar. Suriyaning Bogʻuz qishlogʻi, 2019-yil, 18-mart.

BOG‘UZ, Suriya – Shanba (23-mart) kuni AQSH yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya sharqiy Suriyada “Islom Davlatining” eng so‘nggi qo‘rg‘onidan ashaddiy jangarilarni quvib chiqarish bilan qoʻshtirnoq ichidagi “xalifalikning” qulatilganini e’lon qildi.

“Xalifalikning” yo‘q qilinishi tarixdagi eng yirik koalitsiyani birlashtirgan ulkan harbiy muvaffaqiyat, ammo ID va ekstremizmga qarshi kurash hali tugagani yo‘q”, dedi AQSH armiyasi general-leytenanti, Birlashgan operativ kuchlarning “Mustahkam qatʼiyat” operatsiyasi qo‘mondoni Pol LaKamera.

AQSH yetakchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari (SDK) Bog‘uzda o‘zlarining sariq bayroqlarini ko‘tardilar. Ushbu chekka hududda turli millatlarga mansub jangarilar o‘zlarining so‘nggi istehkomlarini joylashtirgan edilar.


IDning soʻnggi qoldiqlari tor-mor etilishidan bir necha kun avval – 20-mart kuni Suriyaning Bogʻuz qishlogʻi yaqinida Navroʻz bayramini nishonlash chogʻida gulxan oldida turgan SDK askari. (Juzeppe Kakache/AFP)

IDning soʻnggi qoldiqlari tor-mor etilishidan bir necha kun avval – 20-mart kuni Suriyaning Bogʻuz qishlogʻi yaqinida Navroʻz bayramini nishonlash chogʻida gulxan oldida turgan SDK askari. (Juzeppe Kakache/AFP)


18-mart kuni Bogʻuz qishlogʻida Suriya demokratik kuchlariga (SDK) qarshi janglar vaqtida “Islom davlati”ning (ID) soʻnggi hududidan chiqayotgan quyuq tutun. Havo zarbalari natijasida koʻprik vayron boʻlgan, IDning tutab yotgan soʻnggi istehkomida avtomobillar va chodirlar orasida qurollangan odamlar yugurib yuribdi. [Dalil Sulaymon/AFP]

18-mart kuni Bogʻuz qishlogʻida Suriya demokratik kuchlariga (SDK) qarshi janglar vaqtida “Islom davlati”ning (ID) soʻnggi hududidan chiqayotgan quyuq tutun. Havo zarbalari natijasida koʻprik vayron boʻlgan, IDning tutab yotgan soʻnggi istehkomida avtomobillar va chodirlar orasida qurollangan odamlar yugurib yuribdi. [Dalil Sulaymon/AFP]


AQSH qoʻllovidagi Suriya demokratik kuchlari (SDK) 23-mart kuni Suriyaning Bogʻuzidagi bino tomiga oʻz bayrogʻini oʻrnatmoqda. Qishloqda ISHIDning qoldiqlari butkul yoʻq qilindi. ID jangarilari soʻnggi tayanch nuqtasidan siqib chiqarilar ekan, kurdlar boshqaruvidagi kuchlar besh yillik kurashdan soʻng, nihoyat ID “xalifaligi” tugatilganini eʼlon qildilar. (Juzeppe Kakache/AFP)

AQSH qoʻllovidagi Suriya demokratik kuchlari (SDK) 23-mart kuni Suriyaning Bogʻuzidagi bino tomiga oʻz bayrogʻini oʻrnatmoqda. Qishloqda ISHIDning qoldiqlari butkul yoʻq qilindi. ID jangarilari soʻnggi tayanch nuqtasidan siqib chiqarilar ekan, kurdlar boshqaruvidagi kuchlar besh yillik kurashdan soʻng, nihoyat ID “xalifaligi” tugatilganini eʼlon qildilar. (Juzeppe Kakache/AFP)

Bir vaqtlar Iroq va Suriyaning kattagina qismiga egalik qilgan va deyarli yetti million kishini oʻz hukmi ostida ushlagan terrorchilik guruhining so‘nggi hududiga qarshi olib borilgan olti oylik qaqshatqich operatsiya SDKning gʻalabasi bilan yakunlangan.

Shanba kungi e’lon mintaqa qiyofasini oʻzgartirib, terrorchilik hujumlari to‘lqinini yuzaga keltirgan urush tugatilganining ramziy sanasi sifatida qabul qilinadi.

“IDga qarshi kurash davomida halok bo‘lganlarni esdan chiqarmaslik biz uchun muhim. To‘rt yillik kampaniya davomida minglab SDK va Iroq xavfsizlik kuchlari askarlari uylariga qaytmadi. Men halok bo‘lganlar uchun va jarohat olganlarning tezroq uylariga qaytishi uchun duodaman”, dedi LaKamera.

SDKning tayanch nuqtasi boʻlib xizmat qilgan Al-Omar neft qazib olish konida jangchilar qurollarini tashlab, bayramona liboslarida qo‘shiqlar kuyladilar va raqsga tushdilar.

Harbiy orkestr gimnlarni, jumladan AQSH gimnini ham ijro etdi. Marosimda Kurd armiyasining nufuzli shaxslari va rasmiylari ham ishtirok etishdi.

Terror davri

ID yetakchisi Abu Bakr al Bag‘dodiy guruh 2014-yil o‘rtalarida Iroq va Suriyada tartibsizliklar keltirib chiqarganidan soʻng, oʻz davlatiga asos solganini eʼlon qilgandi.

U Suriyaning Raqqa shahrini bu davlatning poytaxti deb atagan. Bu yerda ID odamlarni o‘g‘irlab, ularning boshlarini oldi, ommaviy qatllar, zo‘ravonliklar, etnik qirgʻinlarni amalga oshirdi. Xiyonatda ayblangan ayollarni toshbo‘ron qildi va bachabozlikda ayblanganlarni o‘ldirdi.

Vahshiyliklarning katta qismi videolavhalar orqali tarqatildi. Jangarilar bu usuldan juda yaxshi moliyalashtirilgan tashviqot yo‘lida foydalandilar.

ID yazidlardan iborat milliy ozchilikning tarixiy vatani boʻlmish Iroqning Sinjar tumanidagi hududni ishgoʻl qildi, natijada bu yerdagi yosh bolalar askarlarga aylantirilib, minglab ayollar jinsiy qul sifatida asirga olindi. Bu – guruhning inson huquqlarini poymol qilishi va harbiy jinoyatlaridan bir nechtasi, xolos.

2014-yil avgustda AQSH harbiy uchoqlari IDning shimoliy Iroqdagi pozitsiyalariga zarba berdi. Shundan soʻng, Vashington Iroq va Suriyada guruhga qarshi kurash uchun 70 dan ortiq mamlakat ishtirokida ittifoqchi kuchlarni shakllantirib, mintaqada 5 mingdan ortiq harbiyni joylashtirgan.

2017-yilda Iroq va Suriyada parallel ravishda olib borilgan hujumkor operatsiyalar natijasida guruhning bosh markazlari Mosul va Raqqa shaharlari qoʻlga olinar ekan, IDga qarshi kurash oʻzining burilish nuqtasiga yetdi.

ID nazorati ostida boʻlgan hudud oy sayin kichrayib bordi, oʻtgan yilning sentabr oyida esa SDK Ifrot vodiysida qoʻshtirnoq ichidagi “xalifalik”ning qoldiqlariga qarshi yakuniy operatsiyani boshladi.

SDK IDning Bogʻuz yaqinidagi qochoqlar lagerida taslim boʻlishdan bosh tortgan jangarilarini quvib chiqargan va oʻshandan beri Ifrot daryosining qamishli sohillarida jon saqlayotganlarni taʼqib qilib kelayotgan edi.

Zamonamizning eng shafqatsiz jangarilar guruhiga qarshi kechgan qariyb 5 yillik urush ming yillik shaharlarni vayronaga aylantirib, ularning aholisini boshpanasidan mahrum etdi.

Xavf saqlanib qolmoqda

SDKning Bogʻuzni ishgʻol qilishi ISHIDning qulatilganini anglatsa-da, jangarilar tahdidi hamon saqlanib qolgan.

“Adashmanglar, ID oʻz kuchini saqlab qolmoqda”, dedi Lakamera. “Sonlari va imkoniyatlari kamayib borgani sayin, ular bor narsani asrab qolishga hamda qochqinlar lagerlari va olis hududlarga borib, oʻsha yerda jon saqlashga qaror qilganlar. Ular qaytish uchun qulay payt poylamoqdalar.”

IDning kichrayib borayotgan hududidan vaqtida qochishga ulgurgan jangarilar allaqachon yangi guruhlar tuzib, Iroqdagi eski boshpanalarini tiklamoqda.

Hatto Pentagon ham yaqinda eʼlon qilgan hisobotida IDga qarshi doimiy kurashilmasa, jangarilar bir necha oy ichida maʼlum hududda nazoratni qaytadan qoʻlga olishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

“Biz harbiy choralarning oʻzi bilan muvaffaqiyatga erishib boʻlmasligini tan olamiz va IDni butkul tor-mor etish boʻyicha harakatlarni davom ettirish tarafdorimiz. Iroq va Suriya shimoli-sharqining xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi IDni butkul magʻlub etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bundan ham muhimi, biz ularning mafkurasiga qarshi kurashni ikki karra kuchaytirishimiz kerak”, deya xulosa qilgan Lakamera.

Sizga maqola yoqdimi?

32
32
Yo‘q
Fikrlar 3
Siyosat Captcha
Comment bubble | 2019-04-06

Karvonsaroy

Javob berish
Comment bubble | 2019-04-05

IDni AQSH yaratgan, AQSHning o‘zi uni yo‘q qildi.

Javob berish
Comment bubble | 2019-04-03

Navbatdagi yolg‘on

Javob berish