OLMAOTA – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) yaqinda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda yordam tariqasida Qozogʻistonga laboratoriya uskunalari va ashyolarini yetkazib berdi, deb xabar beradi AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi dushanba (22-iyun) kuni.
300 ming dollarlik (120,9 mln. tenge) yordam USAIDning “Mahalliy sogʻliqni saqlash tizimini barqaror rivojlantirish” (LHSSP) loyihasi doirasida taqdim etildi.
“COVID-19 boʻyicha aniq va tezkor testlar virus tarqalishini toʻxtatishda oʻta muhim. Biz mamlakatdagi har bir odamning hayoti va salomatligini himoya qilish uchun Qozogʻiston hukumati bilan yaqindan ishlamoqdamiz”, deydi AQSHning Qozogʻistondagi elchisi Uilyam Mozer.
COVID-19ni aniqlash uchun testlar
Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan materiallar polimer zanjirli reaksiya (PZR) testlarini oʻtkazish uchun laboratoriya reagentlarini oʻz ichiga oladi – bu COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi virusni aniqlash va kuzatish boʻyicha eng ishonchli laboratoriya usullaridan biridir.
USAID Qozogʻiston hukumati bilan hamkorlikda yordamning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olgan va LHSSP loyihasi doirasida zarur laboratoriya ashyolarini yetkazib berishni davom ettiradi.
2020-yilning uchinchi choragida Qozogʻistonga umumiy qiymati 2 mln. AQSH dollaridan (805,9 million tenge) ortiq qoʻshimcha laboratoriya ashyolari yetkazib berilishi kutilmoqda.
USAID eng zaruriy ashyolarni aniqlash boʻyicha qozoq rasmiylari bilan birga ish olib bormoqda.
AQSH hukumati bugunga qadar yangi koronavirusga qarshi kurashda Qozogʻistonga yordam tariqasida 5,7 million dollardan (2,3 milliard tenge) ortiq mablagʻ ajratdi. Bu yordam Qozogʻiston sogʻliqni saqlash tizimining amaldagi barqarorlik strategiyasiga tayangan holda mamlakatning eng zaruriy ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan.
OTBning Tojikistonga yordami
Ayni vaqtda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) virusga qarshi kurashda Tojikistonga yordam bermoqda.
Qarorgohi Manila shahrida joylashgan bank Tojikiston hukumatiga 50 million dollarlik (515,2 million somoniy) grant ajratishni maʼqulladi, deyiladi OTBning 18-iyun kungi bayonotida.
“Mazkur grant hukumatning sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash, aholining nochor va himoyalanmagan qatlamlariga ijtimoiy yordamni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va kichik biznesni himoya qilish boʻyicha muhim choralarini moliyalashtirishga yordam beradi”, dedi OTB prezidenti Masatsugu Asakava.
“Grant hukumatning kompleks chora-tadbirlar rejasini moliyalashtirish uchun budjet yordamini taqdim etadi”, deyiladi bayonotda.
Ushbu choralar doirasida Tojikistonda COVID-19ga chalingan bemorlar bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarining ish haqini oshirish koʻzda tutilgan. Ularning kamida 80 foizi ayollardir.
Barakalla AQSH. Rossiyadagidan yaxshiroq
Javob berishFikrlar 3
Rossiya kimga ham kerak? Oʻsha amerikaliklar va yevropaliklarga oxirgi ishtonini ham sotib yubordi-ku.
Javob berishFikrlar 3
Bu yerdagi baʼzilar Rossiyani Ukraina va Qozogʻiston singari Anglo-saksonlarga sotishga ham tayyor... AQSHdagi tartibsizliklar va gʻalayonlar tufayli ular oʻz xoʻjayinlaridan qattiq xavotirda.
Javob berishFikrlar 3