Karvonsaroy
Salomatlik

Xitoy vaksinasi sinovlari toʻxtatildi: koʻngillilardan biri qoʻl-oyoqlarini qimirlata olmay qoldi

Karvonsaroy va AFP

Xitoyning Sinopharm kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19 vaksinasi bilan koʻngillilardan birini emlashga hozirlik koʻrayotgan tibbiyot xodimi, 9-dekabr, Lima, Peru. [ERNESTO BENAVIDES / AFP]

Xitoyning Sinopharm kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19 vaksinasi bilan koʻngillilardan birini emlashga hozirlik koʻrayotgan tibbiyot xodimi, 9-dekabr, Lima, Peru. [ERNESTO BENAVIDES / AFP]

LIMA, Peru – Peruda Xitoyning Sinopharm farmatsevtik giganti tomonidan ishlab chiqilgan vaksina sinovlari vaqtincha toʻxtatildi. Sinovda ishtirok etayotgan koʻngillilarning birida nevrologik muammolar qayd etilgan.

Koʻngillilardan biri qoʻlini yaxshi qimirlata olmay qolgach, Peru sogʻliqni saqlash milliy instituti juma (11-dekabr) kuni sinovlarni toʻxtatib turishga qaror qilgan, deb xabar beradi mahalliy OAV.

“Biz bir necha kun avval, talab qilinganidek, sinov ishtirokchilarining birida Giyyen-Barre sindromi deb ataladigan holatga mos kelishi mumkin boʻlgan nevrologik alomatlar paydo boʻlgani haqida nazoratchi organlarga xabar berdik”, dedi bosh tadqiqotchi German Malaga OAV bilan suhbatda.

Giyyen-Barre sindromi – bu kam uchraydigan, yuqumsiz kasallik boʻlib, qoʻl-oyoqlar harakatiga taʼsir qiladi. 2019-yilning iyun oyida ushbu kasallik bilan bogʻliq bir necha holat qayd etilishi ortidan Peru hukumati besh viloyatda sogʻliqni saqlash sohasida favqulodda holat eʼlon qilgandi.

1970-yillarda amerikaliklarni halokatli deb gumon qilingan choʻchqa grippi shtammiga qarshi emlash kampaniyasi toʻxtatilgan, bunga vaksina olganlardan 450 nafarida falajlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan sindrom kuzatilgani sabab boʻlgan.

Peruda Sinopharm vaksinasining klinik sinovlari shu haftada, taxminan 12 ming kishi sinovdan oʻtganidan soʻng yakunlanishi kerak edi.

Qariyb bir million kishi favqulodda foydalanish uchun Sinopharm vaksinasini oldi, degan edi kompaniya raisi noyabr oyida. Ammo u konkret raqamlarni oshkor qilmagan.

Kompaniyaning koʻplab sinovlari xorijiy mamlakatlarda, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Bahrayn, Misr, Pokiston, Iordaniya, Peru va Argentinada ham olib borilyapti.

Kompaniya dunyoda vaksina ishlanmalari boʻyicha “barcha jabhalarda yetakchi” ekanligini daʼvo qilsa-da, olib borayotgan sinovlari boʻyicha klinik maʼlumotlarni oshkor qilmagan.

Xitoyda emlanganlarning aksariyati farmatsevtik kompaniya sinovlarining rasmiy ishtirokchilari emas. Ular bu jarayonda oʻz xohishiga koʻra qatnashmoqda.

Biroq, kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, COVID-19ga qarshi tasdiqlangan vaksinani ishlab chiqargan birinchi mamlakat boʻlish uchun Pekin oʻz fuqarolarini bu sinovlarga turli yoʻllar bilan jalb qilmoqda yoki majburlamoqda.

Kuchayib borayotgan shubhalar

Xitoy sogʻliqni saqlash mutasaddilari va vaksina ishlab chiqaruvchilarining shaffof emasligi butun dunyoda Xitoyning COVID-19ga qarshi nomzod vaksinasiga boʻlgan ishonchga putur yetkazgan.

Bu holat, shuningdek pandemiyaga oid xabarlarni bostirish bilan dunyoni falokatga duchor qilgan va vaksinaga zoʻr berib oʻz obroʻsini tiklashga urinayotgan Xitoyning xatti-harakatlarini ham yoʻqqa chiqarmoqda.

Masalan, yakshanba (13-dekabr) kuni Braziliyada oʻtkazilgan soʻrovga koʻra, respondentlarning 50 foizi Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinani qabul qilmasligini, 47 foizi esa buning aksini aytgan.

Xitoy ixtiyorida jami toʻrtta vaksina (bittasi Sinopharm) boʻlib, ular ishlab chiqishning soʻnggi bosqichida va qator mamlakatlarda oʻtkazilgan ommaviy sinovlar tufayli ancha ilgarilashga muvaffaq boʻldi.

Ammo Moderna, AstraZeneca va Johnson & Johnson kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan vaksinalardan farqli oʻlaroq, Xitoy farmatsevtik kompaniyalari oʻz vaksinalari xavfsizligi yoki samaradorligi haqida juda kam maʼlumot berganlar.

Londonning Airfinity konsalting kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, noyabr oyining oʻrtalarida Xitoyning “Sinovac” va “Sinopharm” vaksinalariga 500 milliondan kam dozaga avvaldan buyurtma berilgan (asosan – sinovlarda qatnashgan mamlakatlar tomonidan).

Britaniyaning AstraZeneca kompaniyasi esa 2,4 mlrd, Pfizer yarim milliard dozaga yaqin buyurtma olgan.

Gʻarb vaksinalariga buyurtmalar va ishonch ortib borar ekan, Xitoy rejimi prezident Vladimir Putinning yaqinda Rossiyaga oid “Sputnik V” eksperimental vaksinasini reklama qilishiga oʻxshash taktikani qoʻllab, oʻzida ishlab chiqarilgan vaksinani nochor mamlakatlarga taklif qila boshlagan.

Ammo bunday saxiylik begʻaraz emas, sababi Pekin uzoq muddatli diplomatik aloqalarga umid qilmoqda.

“Shubha yoʻqki, oʻzining dogʻ tushgan obroʻini tiklash uchun Xitoy vaksina diplomatiyasini qoʻllamoqda”, deydi AQSH xalqaro aloqalar kengashining global sogʻliqni saqlash boʻlimi katta ilmiy xodimi Xuan Yanchjun AFPga.

“Xitoy buni oʻz global taʼsirini kuchaytirish va geosiyosiy muammolarini hal etish vositasiga aylantirgan.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Xitoy medisina tizimi dunyodagi eng sifatli va eng samaralilaridan biridir. Afsuski, virus manbai Sionizm imperiyasidagi laboratoriyalardir. Shu sababli, bu yoʻldagi poyga insoniyatning yoʻq boʻlib ketishiga olib keladi, vaksinalar esa Yer sayyorasidagi barcha odamlarning 95 foizini yoʻq qilish rejasiga yordam beradi, xolos.

Javob berish