Karvonsaroy
Tahlil

Hisobot: Rossiya xalqaro mojarolarda ishtirok etayotgan suriyalik yollanma jangchilarni maoshsiz qoldirgan

Karvonsaroy va AFP

Suriyaning Palmira shahri yaqinidagi Rossiyaning yollanma jangarilari, 2017-yil. [ISHID ovlovchilari/Twitter]

Suriyaning Palmira shahri yaqinidagi Rossiyaning yollanma jangarilari, 2017-yil. [ISHID ovlovchilari/Twitter]

Liviya va Togʻli Qorabogʻ kabi urush hududlariga joylashtirilgan suriyalik jangarilarni ekspluatatsiya qilayotgan rossiyalik yollovchilar ularni maoshdan mahrum qilgan, natijada koʻpchilik yoshlar jon saqlash uchun oʻgʻirlik, jinsiy qullik uchun odam oʻgʻirlab sotish kabi jinoyatlarni sodir etishga majbur boʻlgan, deyiladi oʻtgan hafta chop etilgan hisobotda.

2019-yilning oxiridan, Rossiya oʻn yildan beri davom etayotgan Suriya urushida bevosita yoki bilvosita jangari sifatida minglab erkaklarni yollagan, deb xabar beradi AFP.

Suriya adolat va hisobdorlik markazi (SJAC) “Suriyaliklar haqiqat va adolat tarafdori” tashkiloti bilan birgalikda bu jangarilarning ekspluatatsiyaviy yollanishi bilan bogʻliq holatlarini oʻrganib chiqib, 27-may kuni oʻz hisobotini eʼlon qildi.

“Vagner guruhi” kabi soyadagi Rossiyaning harbiy oʻyinchilari Suriya armiyasining sobiq askarlari va ittifoqdosh jangari guruhlar aʼzolarini yollagan.

Rossiya tarafidan yollanib, jangariga aylangan suriyalik yoshlar bir yildan oshibdiki, Moskva himoyasidagi liviyalik feldmarshal Xalifa Haftarni qoʻllab-quvvatlash uchun Liviyada boʻlib turibdi.

Ularning ayrimlari oʻtgan yili Togʻli Qorabogʻ bahsli mintaqasida jang qilganlar.

“Suriyaliklarning xorijda yollanma jangchi sifatida ishtirok etishi mamlakat ichidagi kriminal qurolli guruhlarning boyishi va kuchayishiga xizmat qilmoqda”, deydi SJAC ijrochi direktori Muhammad al-Abdulloh.

“Xalqaro hamjamiyat bu ishga aloqador tomonlarni javobgarlikka tortishi va nima sababdan aksar suriyaliklar uchun jangarilikka yollanish yagona tirikchilik manbai boʻlib qolayotganini oʻrganishi kerak”, deydi STJ ijrochi direktori Bassam al-Ahmad.

Maoshsiz qolganlar va aldanganlar

Hisobotda Liviya yoki Togʻli Qoraboqqa yuborilganlarning qanchasida bu masalada tanlov deyarli boʻlmagani va yollovchilar vaʼda qilgan pulning kichik qisminigina olgani aytiladi.

Kuzatuvchilar Liviya va Togʻli Qorabogʻda oʻldirilgan suriyalik jangarilarning yaqinlariga badal puli toʻlanmagani bilan bogʻliq holatlarni ham aniqlagan.

Hisobotga koʻra, Suriyadagi Rossiya harbiy kuchlari, ayniqsa Xoms va Dayr Az-zor viloyatlarida jangarilar yollashda viloyatdagi vositachilar va qabila boshliqlari yordamiga muhtoj.

Bu shaxslar Rossiya tomonidan tuzilgan Suriya armiyasi boʻlinmasi – 5-korpus nomidan oʻz hududlarida jangchilar yollash shartnomalarini reklama qilib, Rossiya kuchlariga yangi aʼzolar roʻyxatlarini taklif qilganlar, deb xabar bergan shu boʻlinma kapitani.

Yollanuvchilarning mutaxassisligiga qarab, jarohat olish yoki oʻlim holatida badal toʻlamaslik sharti bilan ularga bir oyga 1000 dan 2000 AQSH dollarigacha maosh taklif qilingan, deyiladi hisobotda.

Jangarilar pulni bevosita yoki komissiya toʻlanuvchi vositachi orqali olishgan.

Hisobotda aytilishicha, Togʻli Qorabogʻ bilan bogʻliq holatda, yollangan jangarilar Suriyaning Latakiya viloyatida joylashgan Rossiya nazoratidagi Xmeymim aviabazasiga olib borilgan, u yerdan esa samolyotda bahsli hududga olib ketilgan.

5-korpus kapitanining joylarda tergov olib borganlarga aytishicha, Liviyada jang qilishi kutilgan yollanma askarlar Togʻli Qoraboqqa olib ketilgan, “ular jarayon haqida toʻliq xabardor qilinmagan” va vazifalari keskin oʻzgarganidan bexabar qolishgan.

Rossiyaliklar Togʻli Qoraboqqa olib ketgan suriyalik jangarilarning vazifasi hamon noaniqligicha qolmoqda, deyiladi hisobotda.

Ayrim jangchilar harbiy va transport inshootlarni qoʻriqlashi kerak boʻlgan.

Baʼzi yollanma askarlar Liviyada jangarilik qilgani inobatga olinsa, Kreml Togʻli Qorabogʻda ularga jangovar vazifa yuklashni rejalagan boʻlishi mumkin, deyiladi hisobotda.

Togʻli Qorabogʻdagi janglarda halok boʻlgan suriyaliklar oilalarining guvohliklari bu farazni tasdiqlaydi.

SJAC ijrochi direktori al-Abdullohning aytishicha, maoshi toʻlanmagan jangarilarni xorijdagi jangovar harakatlar hududida olib borilayotgan maxfiy operatsiyadan saqlash jinoyat uchun vosita boʻlgan.

“Maoshlarning kamaygani oʻzini qonundan ustun deb biladigan jangarilarni yanada koʻproq jinoiy harakatlarga undadi”, dedi u AFPga.

Suriyalik yollanma askarlar Liviyada oʻgʻirlikka tushish, jinsiy qullik uchun odam oʻgʻirlab sotish kabi jinoyatlarni sodir etganlar, deydi al-Abdulloh.

Jangarilarni yollash Suriyada qolgan ayollar va bolalarga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi, deyiladi xabarda.

Asosiy boquvchisi yollanma jangarilikka oʻtib ketgan oilalarning aksariyati “oʻz uylarida yanada kattaroq ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlikka” duch kelganlar.

Yollovchilar Togʻli Qorabogʻda jang qilayotgan suriyaliklarning oilalarini ham chalgʻitgan. Koʻp oilalar ularning qarindoshlari Liviyada emas, balki Qorabogʻda jang qilayotganini eshitib, hayron qolishgan.

Hisobotda Rossiya “Suriyada jangovar harakatlar olib borish maqsadida qurolli guruhlar yoki shaxslarni bevosita yoki bilvosita moliyalashtirishni va ularni yollashni toʻxtatishga” chaqirilgan.

Rossiyaga xos ikkiyuzlamachilik

Soʻnggi hisobot Rossiyaning Suriyadagi ikkiyuzlamachiligini tasdiqlagan.

Suriyalik yoshlar uchun moʻljallangan ish eʼlonlari ijtimoiy tarmoqlarda “Doʻstlarimiz bilan shartnoma asosida ishlash” yoki “Rossiyalik doʻstlar bilan ishlash imkoniyati” kabi sarlavhalar bilan joylashtiriladi, degan edi suvaydalik faollardan biri Nizor Bu Ali aprel oyida.

Uning soʻzlariga koʻra, lavozim nomi va ish shartlari eʼlon qilinmaydi, faqat ayrim talablar – masalan, yosh, salomatlik holati va kerakli hujjatlarga ishora qilinadi, xolos.

Ular orasida hatto Liviyada katta maoshli “qoʻriqlash” ishlari haqidagi ayrim eʼlonlar ham bor, dedi u.

Bu Alining aytishicha, bir qator suriyalik yoshlar, jumladan uning qarindoshlaridan biri ham ishsizlik va moliyaviy tanglik sabab katta maosh vaʼda qilingan eʼlon orqali Liviyada ishga yollangan.

“Ular reklama beruvchi taraf bilan bogʻlandilar va ularga kerakli hujjatlar bilan Xmeymim bazasiga borish kerakligi aytildi, u yerda tezkor tibbiy koʻrikdan oʻtdilar”, dedi u.

“Ular uch oylik yangilanuvchi mehnat shartnomalarini imzolashgan, ularda neft obyektlarini qoʻriqlash, sirlarni oshkor qilmaslik va suratga olmaslik kerakligi taʼkidlangan”, deydi u.

Ammo ular Liviyaga yetib borishlari bilan “holat vaʼda qilinganidan umuman boshqacha ekanligini koʻrishgan va jangovar operatsiyalarda ishtirok etishga majbur boʻlishgan.”

Bu orada suriyalik faollar Moskvani “xususiy qoʻriqlash kompaniyalari” yordamida tiklanishga muhtoj yoki neft va togʻ-kon sanoati salohiyatiga ega hududlarda harbiy nazoratni qoʻlga kiritishga urinayotganlikda ayblaganlar.

Bu pudratchilar hozir va kelgusidagi har qanday tiklash ishlarida oʻz mavqelarini mustahkamlash uchun Suriya rejimi va Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) bilan bogʻliq boʻlgan raqib qurolli guruhlarni bu mintaqalardan siqib chiqargan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya doim uxlatib ketadi

Javob berish