Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning Qozogʻistonda elektron hukumat platformasini joriy qilishdagi ishtiroki xavotirga sabab boʻlmoqda

Kseniya Bondal

Yuqori chap tarafdan soat mili yoʻnalishida: Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, “Sberbank” bosh direktori va raisi German Gref, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin 3-sentabr kuni onlayn marosimda raqamli hamkorlikka oid bitimni imzoladilar. [Qozogʻiston bosh vazirining sayti]

Yuqori chap tarafdan soat mili yoʻnalishida: Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, “Sberbank” bosh direktori va raisi German Gref, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin 3-sentabr kuni onlayn marosimda raqamli hamkorlikka oid bitimni imzoladilar. [Qozogʻiston bosh vazirining sayti]

OLMAOTA – Qozogʻistonning raqamli boshqaruv platformasini ishga tushirishda Kremlga aloqador kompaniyaning ishtirok etishi Rossiya qozogʻistonliklarning shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Qozogʻiston bosh vaziri Asqar Mamin va “Sberbank” bosh direktori German Gref 3-sentabr kuni Qozogʻistonning raqamli transformatsiyasiga oid hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Ushbu memorandum doirasida “Sber” – Kreml bilan yaqin aloqada boʻlgan kompaniyalar guruhi – Qozogʻiston Respublikasi elektron hukumati (egov.kz) sayti uchun GovTech raqamli platformasini joriy qilishi kutilmoqda.

Kelishuvga koʻra, “Sber” barcha davlat idoralari maʼlumotlar bazalarini bitta platformaga ulaydi.

“Sberbank” logotipining koʻrinishi, bankning Moskvadagi bosh ofisi, 2020-yil, 25-sentabr. [Natalya Kolesnikova/AFP]

“Sberbank” logotipining koʻrinishi, bankning Moskvadagi bosh ofisi, 2020-yil, 25-sentabr. [Natalya Kolesnikova/AFP]

Bekend dasturchisi Asxat Abdikari, 20-sentabr kuni Olmaotada olingan surat. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Bekend dasturchisi Asxat Abdikari, 20-sentabr kuni Olmaotada olingan surat. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Sayt shaxsiy maʼlumotlar, jumladan, Qozogʻiston fuqarolarining salomatligi, ularning oila aʼzolari, manzillari, shuningdek, ularning mulklari va soliq toʻlovlariga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Raqamli taraqqiyot vaziri Bagdat Musinga koʻra, Qozogʻistonning axborot texnologiyalari (AT) kompaniyalari platformani ishga tushirishga koʻmaklashadi, jamoatchilik faollari esa jarayonni monitoring qilib boradilar.

Loyihaning taxminiy bahosi – 500 million dollar atrofida (213 milliard tenge). Ishlab chiqish sanasi maʼlum qilinmagan.

“Bu summaning bir qismi mahalliy IT-bozoriga kiritiladi, u platformali yondashuvni joriy qiladigan qozoq kompaniyalariga beriladi. Mablagʻning yana bir qismi infratuzilmaviy yechimlarga yoʻnaltiriladi. Shundan keyin qoladigan qismigina “Sber”ning oʻzidan yechimni sotib olishga sarflanadi”, deb aytgan Musin 14-sentabr kuni raqamlarga aniqlik kiritmay.

“Sber” mutaxassislar bilan mashgʻulotlar tashkillashtiradi, ular platformaning qanday ishlashini koʻrsatib, treninglar oʻtkazadilar. Keyinchalik bu ish bilan qozogʻistonliklarning oʻzi shugʻullanadi, dedi Musin.

Rossiya kompaniyasiga dasturiy taʼminotni topshirish, shuningdek, davomli texnik koʻmak koʻrsatish sharti qoʻyilgan.

“Xatarli” xavotirlar

Saylovlar jarayoniga aralashuvchi Sankt-Peterburgdagi Internet tadqiqotlari agentligi (ITA) kabi Rossiya qoʻllovidagi xakerlarning badnomligi qozogʻistonliklarning xavotiriga sabab boʻlmoqda.

Qolaversa, Rossiya Qozogʻistonning jismoniy yoki raqamli chegaralarini hurmat qilishi masalasi ishtibohli, zero Rossiya parlamenti aʼzolari Qozogʻistonning legitim davlat ekanligini bir necha bor savol ostiga qoʻyganlar.

Yangi elektron hukumat platformasini ishlab chiqishni xorijiy kompaniyaga ishonib topshirilishining oʻzi xavotirli, deydi Olmaotadagi “Azimut Solutions Group” IT-kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yerkegali Mashir.

“Shubhasiz, “Sber” – katta kompaniya, lekin uning bunday loyihalarni amalga oshirish tajribasi bormi, degan savol tugʻiladi”, deydi u.

“Ikkinchidan, GovTech asosida davlat xizmatlari koʻrsatiladi, bunda barcha IT tizimlar va hukumat maʼlumotlari bilan aloqa koʻzda tutilgan, bu esa strategik ahamiyatga ega maʼlumotlar hisoblanadi”, dedi u. “Shu sababli men bu loyihaning xorijiy dasturchilar tomonidan amalga oshirilishini yoqlamayman.”

Qozogʻiston GovTech platformasini mustaqil ravishda ishlab chiqa oladi – bu faqat vaqt va pul masalasi, dedi u.

Qozogʻiston hukumati “Sber” bilan ishlash toʻgʻrisida shartnoma tuzgan ekan, yangi platformaning barcha manba kodlarini Qozogʻistonga topshirilishini taʼminlash zarur, dedi u.

“Bundan tashqari, tizimni ishga tushirish bilan mahalliy mutaxassislar shugʻullanishi lozim.”

“Umuman olganda, GovTech platformasining oʻzi loyihaning 30 foizini tashkil qiladi”, dedi u. “Loyihaning 70 foizi tizimlarning oʻzi va davlat xizmatlarini joriy qilishdan iborat”.

“Hamma narsa risoladagidek ishlashi va maʼlumotlar Qozogʻistondan chiqib ketmasligi uchun, ularga kirishni nazorat qilish masalasiga jiddiy yondashish zarur”, deb ogohlantirdi Mashir.

Musin foydalanuvchilar maʼlumotlari “Sber” uchun ochiq boʻlmasligini aytsa-da, kompaniya davlat idoralariga tegishli boʻlgan ayrim maʼlumotlarga kira olishi mumkin, chunki loyiha big data platformasi bilan toʻliq integratsiyani nazarda tutadi, deydi olmaotalik bekend dasturchisi Asxat Abdikari.

“Shu bois men davlat va jamoatchilik uchun bunday muhim loyihada xorijiy kompaniyaning ishtirok etishiga qarshiman.

Masalan, loyiha kodini yozadigan dasturchi oʻzi uchun “maxfiy eshik” yaratib, unga kira olishi mumkin, dedi Abdikari.

“Sber aynan shunday qiladi, deyishdan yiroqman. Shunchaki, integratsiyada ishtirok etayotgan dasturchi shunday imkoniyatga ega”, dedi u.

Qozogʻiston innovatsiyalari

Ayrim manfaatdor tomonlar Qozogʻiston bu loyihani “Sber” yordamisiz amalga oshirishi kerakligini aytmoqdalar.

Qozogʻistonda yetarli malakaga ega kadrlar bor, deydi Qozogʻiston-Britaniya texnika universiteti axborot texnologiyalari fakultetining 3-bosqich talabasi, olmaotalik Ablayxon Odilbek.

“Misol uchun, London fond birjasida oʻz aktsiyalarini joylashtirgan va investorlardan 1 milliard dollar jalb qilgan Kaspi.kz texnologik kompaniyamiz Qozogʻistonning eng qimmat kompaniyaga aylandi”, dedi u.

“Uning aksiyalariga boʻlgan talab “Tinkoff Bank” va “Sberbank” kabi Rossiya bozori gigantlarini ortda qoldirdi. “Bu mamlakat ichidagi innovatsion muvaffaqiyatga misol boʻla oladi.”

GovTech haqida fikr bildirar ekan, Odilbek, tabiiyki, oddiy foydalanuvchi sifatida elektron hukumat sayti yaxshi ishlashini istamoqda.

Maʼlumotlar xavfsizligi nuqtai nazaridan, veb-saytga ulangan davlat organlarining maʼlumotlar bazalarida shaxsga oid maxfiy maʼlumotlar shunchalik koʻpki, u mazkur jarayonda xorij kompaniyasining ishtirokiga qarshi.

“Sber – B2G (business-to-government) darajasida ishlaydigan kompaniya, yaʼni Rossiya hukumati bilan yaqin aloqada”, dedi u. “Shuning uchun men va yaqinlarimga tegishli maʼlumotlarga rossiyaliklarning kirishiga rozi emasman.”

“Biz GovTech tizimini mustaqil ravishda joriy etishimiz kerak”, dedi u. “Qozogʻistonda buni amalga oshirish uchun aqlli dasturchilar yetarli. Bu ish “Sber” qilganidek tez bitmasa-da, maʼlumotlar xavfsizligi – shoshmaslik kerak boʻlgan sohadir”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500