BISHKEK – YI va Qirgʻiziston kengaytirilgan hamkorlik bitimi boʻyicha muzokaralarni deyarli yakunladi, deb xabar beradi 24.kg nashri.
Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Markaziy Osiyo boʻlimi rahbari Boris Yaroshevichning seshanba, 20-noyabr kuni maʼlum qilishicha, hozirda bitimning siyosat va savdoga oid bandlarini muhokama qilish qolgan.
Yaroshevich muzokaralarning 2019-yil boshiga qadar yakunlanishiga umid bildirdi.
“Umid qilamanki, biz Qirgʻiziston bilan muzokaralarni yakunlaymiz va 2019-yilning yoz-kuz oylariga qadar kelishuvni tasdiqlaymiz”, dedi u.
Bu orada Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari chorshanba, 21-noyabr kuni Bryusselda YIning bosh diplomati Federika Mogerini bilan uchrashishi kutilmoqda, deb maʼlum qildi Yaroshevich jurnalistlarga.
Uchrashuv chogʻida vazirlar va YI rasmiylari mintaqadagi vaziyatni muhokama qiladilar hamda atrof-muhit va xavfsizlikka oid muammolar yuzasidan fikr almashadilar, dedi u.