Karvonsaroy

AQSH savdo delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi

Karvonsaroy

TOSHKENT – AQSH Savdo vazirligining Oʻzbekiston uchun rasman tasdiqlagan savdo delegatsiyasi joriy haftada ilk bor Toshkentga tashrif buyurdi, deb xabar berdi Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasi seshanba (18-iyun) kuni.

Missiya tarkibidan 13 ta Amerika kompaniyasining 30 ga yaqin vakili oʻrin olgan. Ular Oʻzbekistondagi biznes va investitsiya muhiti bilan tanishadilar.

Delegatsiya “General Electric”, “Bechtel” va “John Deere” kabi yirik AQSH kompaniyalari vakillarini oʻz ichiga olgan.

“AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo hajmi 2017-yilda qariyb 150 million dollar (1,3 trln. soʻm), 2018-yilda esa 300 million dollardan (2,6 trln. soʻm) ortiqni tashkil etib, ikki baravar oshgan boʻlsa ham, tijoriy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun zarur imkoniyatlar mavjud”, deb aytgan AQSH Savdo vaziri Uilbur Ross elchixona xabariga koʻra.

“Oʻzbekiston hukumatining jiddiy islohotlari natijasida Oʻzbekistonning iqtisodiy qiyofasi jadal oʻzgarib bormoqda”, dedi AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum. “Biz AQSH va Oʻzbekiston xususiy sektorlari oʻrtasida yanada chuqurroq va kengroq munosabatlar oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlaymiz.”

Oʻzbekistonning energetika, transport va sogʻliqni saqlash vazirlari oʻz sohalaridagi investitsiya imkoniyatlari haqida taqdimotlar qilib, savdo delegatsiyasining savollariga javob berdilar.

“Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston Respublikasining strategik hamkoridir. Ishonchim komilki, bunday tadbirlar mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilib, hamkorlik uchun yangi sohalarni topishga yordam beradi”, dedi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500