http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/01/31/feature-03
| Terrorizm

Stokholmda yuk mashinasi bilan terakt sodir etgan O‘zbekiston fuqarosiga ayblov e’lon qilindi

AFP


Yuk mashinasi Stokholmdagi Ahlens do‘koni ichiga bostirib kirgan joy yaqinidagi vaqtinchalik yodgorlik oldida to‘planganlar hujum qurbonlarini xotirlamoqda, 2017-yil, 14-aprel. 7-aprel kuni yuk mashinasi odamlar bilan gavjum piyodalar yolakchasi bo‘ylab yurib borishi natijasida 5 kishi halok bo‘lgandi. (Jonatan Nekstrend/AFP)

Yuk mashinasi Stokholmdagi Ahlens do‘koni ichiga bostirib kirgan joy yaqinidagi vaqtinchalik yodgorlik oldida to‘planganlar hujum qurbonlarini xotirlamoqda, 2017-yil, 14-aprel. 7-aprel kuni yuk mashinasi odamlar bilan gavjum piyodalar yolakchasi bo‘ylab yurib borishi natijasida 5 kishi halok bo‘lgandi. (Jonatan Nekstrend/AFP)

STOKHOLM – Qochqinlik maqomini olish niyatida bo‘lgan 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Stokholmda yuk mashinasida hujum sodir etganini tan oldi. O‘tgan yil aprel oyida sodir etilgan hujum natijasida 5 kishi halok bo‘lgan. Ayblanuvchi Shvetsiyada “kofirlarga qarshi” hujumni bir necha oy davomida rejalashtirgan, deb xabar berdi 30-yanvar, seshanba kuni ayblov tomoni.

Hujumdan avval “Islom davlati”ga (ID) sodiqlikda qasamyod qilgan Rahmat Oqilov, Shvetsiya poytaxtida yuk mashinasini o‘g‘irlab, uni piyodalar yo‘lakchasi tomon haydab borganiga iqror bo‘ldi.

Yuk mashinasini do‘kon devoriga borib urganidan keyin, Oqilov mashina ichidagi 5 ta butan gazli kanistra, vintlar, o‘tkir tig‘li buyumlar va temir parchalaridan tarkib topgan qo‘lbola portlovchi qurilmani ishga tushirgan. Portlash natijasida yuk mashinasiga shikast yetgan bo‘lsa-da, hech kim jarohatlanmagan, deb ma’lum qildi ayblov tomoni.


Rassomning 2017-yil, 11-aprel kungi suratida Stokholmda uyushtirilgan terrorchilik hujumining asosiy gumondori – O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilov (o‘rtada) va uning himoyachilari aks ettirilgan. (Johan Hallnas/TT axborot agentligi/ AFP)

Rassomning 2017-yil, 11-aprel kungi suratida Stokholmda uyushtirilgan terrorchilik hujumining asosiy gumondori – O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilov (o‘rtada) va uning himoyachilari aks ettirilgan. (Johan Hallnas/TT axborot agentligi/ AFP)

U voqea yuz bergan joydan qochgan, ammo bir necha soat o‘tib, videokameralardagi tasvirlar yordamida qo‘lga olingan. Ertasi kuni u politsiya mahkamasida o‘z jinoyatiga iqror bo‘ldi.

Hujum natijasida 3 nafar shved, jumladan, 11 yoshli qizaloq, 41 yashar britaniyalik erkak va 31 yoshli belgiyalik ayol hayotdan ko‘z yumdi.

Oqilovga seshanba kuni rasman “terrorchilik va terrorchilik sodir etishga urinish” ayblovi qo‘yildi.

Oqilov “omma orasida vahima keltirib chiqarishga uringan va Shvetsiya hukumati hamda parlamentini shved armiyasining Iroqda IDga qarshi global koalitsiyadagi ishtirokini to‘xtatishga majbur qilmoqchi bo‘lgan”, deyiladi ayblov hujjatida.

Oqilov “Shvetsiyani jazolamoqchi” bo‘lgan

Oqilov nima sababdan radikallashgani noma’lumligicha qolmoqda, ammo u “hujum sodir etishiga yaqin radikal bo‘lib qolmagan”, dedi prokuror Hans Ihrman jurnalistlarga.

Ayblov tomoni 2017-yil yanvarda Oqilovning chatda “terrorchilik hujumini amalga oshirishga tayyor”ligi va “ID safiga qo‘shilish istagida” ekanligi haqida yozgan gaplarini, hujumdan avval telefonida olingan joy suratlari va kompyuterida internet orqali nishonda bo‘lgan joylar va bomba tayyorlash uchun materiallar qidirganini dalil sifatida taqdim etmoqchi.

“Uning maqsadi – IDga qarshi urushda qatnashgani uchun Shvetsiyani jazolash bo‘lgan”, deydi Ihrman.

Oqilovning advokati Yoxan Eriksson jurnalistlarga uning mijozi sud jarayonida sabablarni tushuntirishga harakat qilishini aytdi.

Erikssonning so‘zlariga ko‘ra, “u terrorchilik hujumini sodir etganini” va “jazolanishi kerakligini” hamda jazo muddatini o‘taganidan so‘ng, Shvetsiyadan chiqarilib yuborilishi kerakligini tan oladi. U Oqilov hujumdan tirik chiqishiga ishonmaganini qo‘shimcha qildi.

“Oqilov uni otib tashlashadi yoki o‘ldirishadi deb o‘ylagan.”

Seshanba kuni Stokholm tuman sudi mazkur ish bo‘yicha sud mahkamasi 13-fevralda boshlanishini e’lon qildi.

Aybi isbotlangan taqdirda Oqilovni umrbod qamoq jazosi kutmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?
12
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha