Axborot byulletenimizga obuna bo‘ling
Twitter
Facebook
Youtube
Rss
M.logo uz latn

2018-08-06 | Ommaviy axborot vositalari

Qozog‘istonning “Ona tomon yo‘l” tarixiy dramasi AQSH kinoteatrlarida namoyish etiladi


Ilyos urushdan so‘ng uyiga qaytmoqda. (Qozoqfilm taqdim etgan surat)

Ilyos urushdan so‘ng uyiga qaytmoqda. (Qozoqfilm taqdim etgan surat)

Ksenia Bondal

OLMAOTA – Qozoq kinematograflarining sovet zamonidagi Markaziy Osiyoda yuz bergan voqealar haqida hikoya qiluvchi “Ona tomon yo‘l” badiiy filmi bu yil Amerika Qo‘shma Shtatlarida namoyish etilishi kutilmoqda.

Filmda 1920-yillarda o‘z onasi Maryamdan ajralib qolgan Ilyos Yersainovning hayot yo‘li ko‘rsatiladi.

Ona-bola bir-birini topishga oshiqar ekan, ular Qozog‘istonni parchalagan og‘ir kunlar, jumladan 1932-1933-yillarda 2 million kishi hayotiga zomin bo‘lgan ocharchilik va ikkinchi Jahon Urushi qirg‘inlariga bardosh berishadi.


Ilyosning onasi va sevgilisi qamoqxonaga uni ko‘rgani ketishmoqda. (Qozoqfilm taqdim etgan surat)

Ilyosning onasi va sevgilisi qamoqxonaga uni ko‘rgani ketishmoqda. (Qozoqfilm taqdim etgan surat)


Filmdagi eng yirik sahnalarda Dnepr jangi aks etgan. Film treyleridan olingan suratda sovet askarlari qadam tashlamoqdalar.

Filmdagi eng yirik sahnalarda Dnepr jangi aks etgan. Film treyleridan olingan suratda sovet askarlari qadam tashlamoqdalar.

AQSHning World Wide Motion Pictures Corporation (WWMPC) korporatsiyasi filmni namoyish qilish huquqlarini sotib oldi, deb xabar berdi Olmaotada joylashgan Qozoqfilm 24-iyul kuni.

WWMPC “xorijiy tildagi film yo‘nalishida Oskar mukofotiga da’vogarlik qila oladigan avlodlar haqidagi ushbu chuqur ma’noli dramani namoyish qilishdan mamnun”, deyiladi WWMPC saytida.

“AQSHdagi oilalar, ayniqsa, onalar bu ta’sirli filmni iliq qarshi oladilar”, dedi WWMPC korporatsiyasining rahbari Pol Henkok.

Qozoq ijodkorlarining zamonaviy mahsuloti

Madaniyat va sport vazirligi qozog‘istonlik rejisyor Akan Satayevga “Ona tomon yo‘l” filmini suratga olishni topshirdi.

Film 2016-yil sentabrda Qozog‘istonda taqdim etilgan, dedi Qozoqfilm matbuot kotibi Aynur Isayeva Karvonsaroy nashriga.

Endi u AQSHning beshta shahrida, jumladan, Los-Anjeles va Nyu-Yorkda namoyish etilishi kutilmoqda. Talabga qarab kinofilm boshqa shaharlarda ham taqdim etilishi mumkin, dedi u.

2017-yil iyun oyida “Ona tomon yo‘l” filmi beshinchi Nyu-York Yevroosiyo kinofestivalining “Eng yaxshi badiiy film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Film 2018-yil Oskar tanlovining dastlabki ro‘yxatga kiritilgan edi, ammo finaldagi filmlar qatoridan joy ololmadi, dedi u.

Filmning ijrochi prodyuseri festivalda Aliya Nazarbayeva “Kinoda Yevroosiyo ayollari” nominatsiyasida, aktrisa Altinay Nogerbek eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida yutib chiqishdi, dedi Isayeva.

O‘tgan yili film Fransiya, Ruminiya, Rossiya, Belarussiya, Ispaniya, Italiya, Finlandiya, Gretsiya va Xorvatiyada namoyish etilgan edi. Bu yil esa undan Singapur, Gonkong va Vashingtonlik tomoshabinlar bahramand bo‘ldilar.

“Ona tomon yo‘l” Amerika kinoprokati vakillarini qiziqtirgan yagona film emas. “Ko‘chmanchi: jangchi” va “Likvidator” filmlari 2007 va 2011-yillarda Qo‘shma Shtatlarda namoyish etilgan edi.

Tarixdan ilhomlanib

“Birinchi qarashda Maryam juda itoatli ayol”, dedi bosh ayol rolini ijro etgan Nogerbek Karvonsaroy nashriga.

Ammo Maryam o‘z bardoshini namoyon qilishi bilan bu taassurot yo‘qoladi.

Qozog‘istondagi ocharchilik vaqtida erini yo‘qotib, o‘g‘lidan ajralib qolishiga qaramay u o‘z shijoatini saqlab qoladi va hatto yetim qizni boqib oladi.

Film rejissyor Akan Satayev uchun “juda qadrdon”, uning ota-onasi Qarag‘anda teatrida aktyor bo‘lib ishlagan, dedi Nogerbek.

“Sovet Ittifoqi davrida aktyorlar viloyatlarga uch oyga gastrolga ketar edilar. Qishloqlarning birida, Akanning ota-onasi daraxt tagida o‘tirgan qora beshpet (qozoq milliy libosi) kiygan kampirni ko‘rib qoladi.”

Qishloq aholisi bu ayolning ko‘p yillardan beri Ikkinchi Jahon urushida bedarak yo‘qolgan o‘g‘lini kutayotganini aytishadi.

Satayev bu hikoyadan ilhomlanib, uni ssenariyga kiritadi, dedi Nogerbek.

Qozog‘iston uchun mas’uliyat

Ilyos rolini ijro etgan Adil Axmetov ham suratga olish jarayonidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ilyosning frontga ketish oldidan sevgilisi Umit bilan temiryo‘l stansiyadagi uchrashuvi vaqtida unutilmas voqealardan biri sodir bo‘ldi. Ushbu sahna ko‘rinishi shu qadar ta’sirli ediki, ommaviy sahnalarda ishtirok etayotgan odamlar o‘zlarini ushlab tura olmadilar.

“Ular rol o‘ynash o‘rniga, xuddi kinoteatrda film tomosha qilayotgandek qarsak chala boshladilar”, dedi Adil.

Filmni suratga olish uchun 6 oy vaqt kerak bo‘ldi, suratga olish guruhi va aktyorlar jamoasi Qozog‘iston, Ozarbayjon va Belarusda bo‘lishdi, dedi u.

“Jarayon hissiyotlarga to‘la bo‘ldi”, dedi u Dnepr jangini suratga olish ishlari haqida gapirib. “Bobolarimizga urushda jang qilish naqadar og‘ir bo‘lganini oz bo‘lsa-da, his eta oldik.”

“Umuman olganda, suratga olish jarayonida men o‘z mamlakatim oldida mas’uliyatni his qildim, sababi Ilyas - qozoq xalqining obrazi”, deydi Ahmetov.

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 0

Fikrlar 2

Captcha
Алтынай | 2018-08-07

Ura! Ura! Film uchun xursandman. Bosh rollardan birini ijro etganim uchun emas, Qozog‘iston fuqarosi, oddiy qozoq ayoli sifatida ushbu film bilan faxrlanaman. O‘tmishni unutmaslik kerak. Undan o‘sib kelayotgan yosh avlodni xabardor qilish kerak! Biz buyuk xalqmiz!!!

Javob berish
Жомарт | 2018-08-06

Shu kungacha menga yoqqan yagona qozoq filmi bu.

Javob berish