| Jamiyat

Qozogʻistonning “Ayka” filmi Oskarga daʼvogar xorijiy tildagi filmlar short-listidan joy oldi

Aydar Ashimov

Suratda: Film bosh qahramoni – Ayka (aktrisa Samal Yeslyamova). Filmda uning bir qish davomida koʻrgan-kechirganlari tasvirlangan. (Samal Yeslyamova taqdim etgan surat)

Qozogʻistonlik aktrisa Samal Yeslyamova oʻtgan yilnin may oyida Kann kinofestivalida eng yaxshi aktrisa unvoniga sazovor boʻlgan edi. (Samal Yeslyamova taqdim etgan surat)

Ayka rolini ijro etgan qozoq aktrisasi Samal Yeslyamova. (Samal Yeslyamova taqdim etgan surat)

Samal Yeslyamova “Ayka” filmidagi roli uchun 2018-yilda Qozogʻistonda “Xalq sevgan sanʼatkor” mukofotiga sazovor boʻlgan. (Samal Yeslyamova taqdim etgan surat)

OSTONA – AQSH kinematografiya sanʼati va fani akademiyasiga koʻra, qozoq rejissyori Sergey Dvortsevoyning “Ayka” filmi 2019-yilgi Oskar mukofotiga daʼvogarlik qilayotgan 9 ta xorijiy film qatoridan joy oldi.

Short-list akademiya tomonidan 17-dekabr kuni eʼlon qilingan.

“91-Oskar mukofotining “Eng yaxshi xorijiy film” nominatsiyasi uchun keyingi bosqichda 9 ta film kurash olib boradi. Ular jami 87 ta film orasidan saralab olindi”, deyiladi akademiya bayonotida.


Qozogʻistonlik rejissyor Sergey Dvortsevoyning “Ayka” filmi Oskar mukofotiga daʼvogar xorijiy tildagi filmlar short-listiga kirgan. Suratda – film posteri. (Samal Yeslyamova taqdim etgan surat)

Qozogʻistonlik rejissyor Sergey Dvortsevoyning “Ayka” filmi Oskar mukofotiga daʼvogar xorijiy tildagi filmlar short-listiga kirgan. Suratda – film posteri. (Samal Yeslyamova taqdim etgan surat)

“Akademiyaning ovoz berishda qatnashish huquqiga ega aʼzolari ovoz berishdan oldin barcha 9 ta filmni koʻrib chiqadilar”, deyiladi xabarda.

Oskar mukofotini topshirish marosimi 24-fevral kuni Los Anjeles shahrida boʻlib oʻtadi.

Qozogʻistonlik rejissyor Sergey Dvortsevoy Moskvada kinochilikka oʻqigan boʻlib, “Ayka” (2018), “Lola” (2008) va “Jannat”(1995) filmlari bilan mashhur. Qozoq dashtlarida yashovchi choʻponlar haqida hikoya qiluvchi “Lola” (“Tyulpan”) kinofilmi 2008-yilda Kann kinofestivalining “Oʻzgacha nigoh” maxsus sovriniga loyiq koʻrilgan edi.

“Ayka”

“Ayka” filmida qirgʻizistonlik ishsiz yolgʻiz onaning Moskvadagi hayot-mamot kurashi tasvirlanadi. Bosh mavzu – mehnat migrantlarining ogʻir hayoti va onalik mashaqqatlari.

Qozogʻistonlik Samal Yeslyamova rol ijro etgan filmda bosh qahramon hayotidagi voqealar qishda sodir boʻladi.

“Lola” (“Tyulpan”) filmida ham bosh rolni ijro etgan Yeslyamova oʻtgan yilning may oyida “Ayka”dagi roli uchun Kann kinofestivalining “Eng yaxshi aktrisa” mukofotiga sazovor boʻlgan edi.

“Ayka” 6 yil davomida, asosan Moskvada va qish faslida suratga olingan.

“Ayka”da qirgʻizistonlik yosh mehnat migrantining hayoti aks ettirilgan, deydi ostonalik kinotanqidchi Artur Yermolayev. “Qiz Moskvada noqonuniy ravishda ishlaydi va Rossiyada mehnat migrantlari toʻqnash keladigan barcha muammolardan aziyat chekadi. U ish izlaydi, pulsiz qoladi va zoʻravonliklardan jabr koʻradi”.

“U homilador boʻlib qoladi, bola tugʻadi, biroq uni tugʻruqxonada tashlab ketadi. Keyinroq, oʻz xatosini anglab yetib, farzandini qidirib topish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qiladi”.

Film qaygʻuli voqelikka asoslangan, deydi Dvortsevoy.

“Internetda oʻqib qoldim – birgina 2012-yilning oʻzida Moskva tugʻruqxonalarida 248 ta qirgʻizistonlik ona oʻz farzandlarini tashlab ketgan”, dedi Dvortsevoy BBC bilan suhbatda.

“Bu menga juda gʻalati tuyuldi: ular nega bunday qilishadi?” deydi u. “Moskvaga kelgan migrant ayollar va yosh qizlar farzandlarini boqa olmaganliklari sababli ulardan voz kechishgan va ehtimol, hozir ham voz kechishmoqda.”

Film iliq qarshi olindi

Qozogʻistonliklar “Ayka” filmini oʻtgan yil sentabr oyida Olmaota festivali davomida tomosha qilish imkoniga ega boʻldilar.

Shu bilan bir vaqtda, Yeslyamova 2018-yilda oʻz mamlakatida “Xalq sevgan sanʼatkor” unvoniga sazovor boʻlgan. Bu haqda Tengrinews sayti 23-dekabr kuni ushbu mukofot haqidagi press-relizga tayanib xabar qildi.

“Film ogʻir, ammo koʻngilga yaqin”, deydi “Ayka”ning premyerasida ishtirok etgan olmaotalik tomoshabinlardan biri Sabina Bazarbayeva.

“Bu oddiygina qiz sizga tanishlaringiz – dugonalaringiz, singillaringizni yodga solishi mumkin – ularning har biri shunday murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolishi mumkin edi.”

“Mamlakatimizda bu kabi sifatli filmlar suratga olinayotganidan mamnunman”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

17
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha