| Ta’lim

Qozog‘iston maktablari lotin alifbosiga o‘tmoqda

Kanat Altinbayev


Iste’dodli qizlar uchun mo‘ljallangan “Bilim-innovatsiya” litseyidagi dars jarayoni, Ostona, mart. Ushbu maktab sentabr oyidan lotin alifbosidagi qozoq tilida ta’lim berishga o‘tadigan o‘quv muassasalaridan biridir. (Bilim-Innovatsiya sayti)

Iste’dodli qizlar uchun mo‘ljallangan “Bilim-innovatsiya” litseyidagi dars jarayoni, Ostona, mart. Ushbu maktab sentabr oyidan lotin alifbosidagi qozoq tilida ta’lim berishga o‘tadigan o‘quv muassasalaridan biridir. (Bilim-Innovatsiya sayti)

OSTONA – Qozog‘iston poytaxtidagi 5 ta o‘rta maktab va 3 ta kasb-hunar kolleji qozoq tilini o‘qitishda kirill alifbosi o‘rniga lotin alifbosidan foydalana boshlaydi. Bu haqda Ostona shahar ta’lim boshqarmasi rahbari Anvar Jangozin 23-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot-anjumanida ma’lum qildi.

Bu 1991-yilda mustaqillikka erishgan Qozog‘istonda Rossiyaning ta’siri tobora kamayib borayotganidan darak bermoqda.

Jangozinning aytishicha, ota-onalar va o‘quvchilar uchun yangi alifbodan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan, deb xabar beradi Elorda yangiliklar sayti.

Uning ta’kidlashicha, shu tariqa ota-onalarning davlat tiliga e’tiborni kuchaytirish g‘oyalari qo‘llab-quvvatlangan va ushbu maktablarda rus sinflari bosqichma-bosqich qozoq tilida ta’lim beriladigan sinflarga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.

“Rejaga ko‘ra, birinchi sinflarda ta’lim 70 foiz rus, 30 foiz davlat (qozoq) tilida olib borilsa, beshinchi sinfga borib, barcha fanlar 100 foiz qozoq tilida o‘tiladigan bo‘ladi”, dedi Jangozin.

Uning aytishicha, maktablarda ta’limning yangi modeli Ostona hokimi Aset Isekeshovning topshirig‘i asosida joriy etilmoqda.

Butun mamlakat yangi alifboga o‘tish arafasida

Yaqin yillarda mamlakatdagi boshqa maktablar ham lotin tilida ta’lim berishga o‘tadi. Olmaota maktablaridagi ota-onalar qo‘mitalari bu jarayonga tayyorlanmoqda.

“Lotin alifbosiga asoslangan qozoq tilida ta’lim berishga qanchalik tez o‘tilsa, shuncha yaxshi”, deydi Olmaotadagi 148-sonli maktab-gimnaziyasi o‘quvchisining onasi Saule Tursunova Karvonsaroyga. “Biz farzandlarimizning qiynalishini, qozoq tilini avval kirill yozuvida o‘rganib, keyin lotin alifbosiga o‘tishlarini xohlamaymiz.”

Qozoq tili lotin yozuvida bo‘lsa, Qozog‘istondagi yosh avlodning xorijiy tillarni o‘rganishi va global hamjamiyatga integratsiyalashuvi osonlashadi, dedi u.

O‘tgan yilning 27-oktabrida prezident Nursulton Nazarboyev lotin alifbosiga o‘tishni ko‘zda tutuvchi farmonni imzolagandi. Mazkur ko‘p bosqichli jarayon 2025-yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Ingliz tili Qozog‘istonning barcha maktablarida majburiy fan hisoblanadi, shu sababli yoshlar lotin alifbosi o‘tishga qiynalmaydilar, deb aytgan Nazarboyev o‘z rasmiy saytida.

Qozog‘istonda alifbodan foydalanish masalasi murakkab tarixga ega. Qozoq tili ilgari (xuddi turk tili Turkiyaning sobiq prezidenti Kamol Otaturk islohotiga qadar bo‘lgani kabi) arab yozuvida bo‘lgan. 1929-yildan 1940-yilga qadar Qozog‘istonda lotin alifbosidan foydalanilgan, keyinchalik Iosif Stalin butun Sovet Ittifoqi hududida kirill yozuvidan foydalanishga buyruq bergan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

120
8
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha