http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/11/13/feature-01
| Xavfsizlik

Qozog‘istonda havo kemalaridagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

Kseniya Bondal

image

“Air Astana” kompaniyasi samolyoti qoʻnish chogʻida, 15-iyul, 2016-yil. (Patrik Baz/AFP)

OLMAOTA – Samolyotlarni olib qochish bo‘yicha bir necha yillardan beri qonunchilikda mavjud bo‘lgan bo‘shliqdan so‘ng, Qozog‘iston aviatsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha xalqaro hujjatni imzoladi.

5-noyabr kuni prezident Nursulton Nazarboyev Xalqaro fuqarolik aviatsiyasiga nisbatan noqonuniy hatti-harakatlarga qarshi kurash boʻyicha 2010-yilgi konvensiyani (Pekin konvensiyasi nomi bilan ham mashhur) ratifikatsiya qilishga oid qonunni imzoladi.

Yo‘lovchi samolyotlardan qurol sifatida foydalanish harakatini jinoyat deb qabul qiluvchi bu hujjatni 60 dan oshiq mamlakat imzolagan yoki ratifikatsiya qilgan.

Ratifikatsiya qarori matni e’lon qilinmagan. Zakon.kz nashrining xabar berishicha, yangi qonun parvoz paytida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni koʻzda tutadi.

image

2016-yil Qozog‘istonda samolyotni qo‘lga olishni rejalashtirgan shaxslar, KTK TV lavhasidan olingan kadr. KNB xodimlari rejani fosh etib, ularni hibsga oldilar. (KTK TV lavhasidan olingan kadr)

Bu jinoyatlar qatoriga parvoz vaqtida samolyotga zarar yetkazish, samolyotlardan qurol tashishda, biokimyoviy va toksik moddalarni tarqatishda foydalanish va boshqalar kiradi.

Konvensiya aviatsiyaga oid jinoyatlar uchun jazolarni belgilaydi, mamlakatlararo aviatsiya sohasidagi tahdidlar bo‘yicha razvedka ma’lumotlari almashinuviga yordam beradi va gumondorlarga nisbatan adolatli munosabatni kafolatlaydi.

Shu kunga qadar Qozog‘iston qonunchiligida parvoz xavfsizligiga tahdid solgan shaxs jinoyatchi deb qabul qilinmagan, unga faqat jarima belgilangan, deydi Qozog‘istonning asosiy aviakompaniyasi “Air Astana” prezidenti Piter Foster Karvonsaroy nashriga.

“16 yillik faoliyati davomida kompaniyamiz buzg‘unchi yo‘lovchilar bilan ko‘p muammoga uchragan”, dedi u. “Samolyotni yo‘ldan qaytarib, boshqa aeroportlarda qo‘nishga majbur bo‘lganmiz.”

Bunday yo‘lovchilarning jinoiy javobgarlikka tortilishi, ularga jarima o‘rniga qamoq jazosi belgilanishi tufayli endi Qozog‘istonda parvozlar xavfsizligi ortadi, dedi u.

Samolyotni qo‘lga olish fitnasi fosh etildi

Shu kunga qadar Qozog‘istonda samolyotni qo‘lga olish hodisasi yuz bermagan.

Ammo, 5-sentabr kuni KTK telekanalida 2016-yiln boshida ekstremistlar samolyotni qo‘lga olib, terrorchilik harakatini amalga oshirish rejalari haqidagi lavha eʼlon qilindi. Shunga o‘xshash reja haqidagi xabarlar 2016-yil sentabrida e’lon qilingan edi.

Ikki Qozogʻiston va bir Oʻzbekiston fuqarosi Taldiqoʻrgʻon shahrida fuqarolik va harbiy obyektlarga zarba berish maqsadida laynerlar harakatini kuzatganlar.

Fitnachilar guruhi muqaddam sudlangan va jazoni oʻtagan shaxslardan iborat boʻlib, ular “jamoat joylarida terrorchilik harakatlarini amalga oshirishning turli usullarini oʻrganib chiqqanlar”, dedi KNB matbuot kotibi Saken Minbayev KTK telekanaliga.

“Ular 11-sentabrdagi kabi hujumni amalga oshirish maqsadida Taldiqoʻrgʻon aeroportida yoʻlovchi yoki harbiy samolyotni qoʻlga olish variantlarini oʻrganib chiqqanlar”, dedi u.

Pekin konvensiyasiga qoʻshilish Qozogʻistonga hujjatni imzolagan boshqa mamlakatlar yordamidan foydalanish imkonini beradi, deydi Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) zahiradagi polkovnigi Arat Narmanbetov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Samolyotni olib qochish yoki havo transporti bilan bogʻliq boshqa jinoyat yuz bergan vaqtda Konvensiyaga qoʻshilgan davlatlar yordam soʻrab boshqa mamlakatlar xavfsizlik organlariga murojaat qilishlari mumkin. Ular inqirozli vaziyatlarga qarshi birgalikda kurashadilar.

Uning soʻzlariga koʻra, maxsus boʻlinmalar nafaqat terrorchilarni zararsizlantirish, balki teraktlarning oldini olishga ham tayyor boʻlishi kerak. Buning uchun KNB muntazam ravishda razvedka operatsiyalarini oʻtkazib kelmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?
9
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha