Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistondagi hibslar: ekstremistlar terrorchilik faoliyati uchun jinoiy yoʻl bilan pul undirmoqda

Kseniya Bondal

MXQ kuchlari maxsus operatsiya chogʻida qoʻlga olingan gumondorlarni olib chiqmoqda, Chimkent, 2019-yilning apreli. [MXQ]

MXQ kuchlari maxsus operatsiya chogʻida qoʻlga olingan gumondorlarni olib chiqmoqda, Chimkent, 2019-yilning apreli. [MXQ]

OLMAOTA – Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (MXQ) Chimkent shahar departamenti tomonidan qoʻlga olingan uyushgan jinoiy guruhning olti aʼzosi oʻz terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun taʼmagirlik yoʻli bilan pul undirishda ayblangan.

Gumondorlar mahalliy tadbirkorlardan taʼmagirlik yoʻli bilan muntazam ravishda katta miqdorda pul undirib kelganlar, deyiladi MXQ matbuot xizmatining 5 aprel kungi xabarida. Hibslar Milliy gvardiyaning maxsus boʻlinmasi yordamida amalga oshirilgan.

“Jinoiy guruh aʼzolari zoʻravonlik bilan bogʻliq bir qator jinoyatlarni sodir etishda, jumladan, oʻqotar qurollarni ishga solishda ham gumonlanmoqdalar”, deb xabar bergan MXQ. “Uyushgan jinoiy xalqaning asosi bir necha bor oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblangan buzgʻunchi radikal harakat aʼzolaridan iborat boʻlgan.”

MXQ xabariga koʻra, gumondorlar mahalliy tadbirkorlarning biriga tahdid qilib, undan zoʻravonlik bilan 10 ming AQSh dollari (3,8 mln. tenge) undirayotgan paytda qoʻlga olinganlar.

Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi kuchlari tomonidan 2019-yil aprel oyida Chimkentda uyushgan jinoiy guruh qoʻlga olingan, uning aʼzolaridan biri yerda yotibdi. [MXQ]

Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi kuchlari tomonidan 2019-yil aprel oyida Chimkentda uyushgan jinoiy guruh qoʻlga olingan, uning aʼzolaridan biri yerda yotibdi. [MXQ]

Tintuv chogʻida MXQ xodimlari tomonidan yashirin qurol-yarogʻ ombori topilgan boʻlib, besh dona oʻqotar qurol va oʻq-dorilar musodara qilindi. Ayni vaqtda qoʻlga olinganlarning jinoyatni sodir etishdan diniy maqsadlarni koʻzlagani tekshirilmoqda.

Yashirin faoliyat

“Islom davlati”ga (ID) oʻxshash ekstremistik guruhlar aʼzolari terrorchilik faoliyatini moliyalashtirishning turli usullarini qoʻllaydilar. Suriyadagi urushga qadar bu guruh aʼzolari tarqoq holda harakat qilib, isyonchilik taktikasidan foydalanganlar.

Yaʼni, har bir mamlakatda uyushgan jinoiy guruhlar tuzilgan, ularning baʼzilar faol boʻlgan va terrorchilik harakatlari sodir etgan boʻlsa, boshqalari “uyqu rejimida” boʻlgan, deydi MXQning zahiradagi polkovnigi olmaotalik Arat Narmanbetov Karvonsaroy bilan suhbatda.

ID tor-mor etilganidan soʻng, kuchlarning boʻlinishi boshlangan”, dedi u. “Ularni yengish mushkulroq boʻlishi uchun yashirin faoliyat olib borishga oʻtganlar. Shu tariqa uyqudagi yacheykalar faollashishni boshlaydi. Bu jarayon Qozogʻistonga ham taʼsir qilishi mumkinligi haqida xavotirlar bor”.

Narmanbetovga koʻra, Qozogʻistonda teraktlar sodir etish harakatlarining navbatdagi toʻlqiniga yuzma-yuz kelish xavfi mavjud va ekstremistlar ularni moliyalashtirish yoʻlida hech narsadan tap tormasligi mumkin.

“Chimkentda qoʻlga olingan jinoiy guruh bunga misol boʻla oladi”, dedi u.

“Tadbirkorlardan taʼma yoʻli bilan pul undirish kabi talonchiliklar ular yaxshi tushunadigan usullardan biri”, dedi u. “Bizning Markaziy Osiyo mintaqasiga yaqin boʻlgan Afgʻonistonda boʻlgani kabi, ekstremistlar faol tarzda giyohvandlik moddalari yetishtirish bilan shugʻullanadilar yoki neft quvuriga ulanib, u yerdan neft oʻgʻirlab sotishdan ham hazar qilmaydilar.”

Tadbirkorlarni qoʻrqitish

Qozogʻistonda neft oʻgʻirlash bilan bogʻliq bu kabi holatlar avval ham qayd etilgan.

2006 yilda ekstremistlar Qumkoʻl-Qoraqayin quvuridan neft oʻgʻirlab sotish maqsadida Qiziloʻrda yaqinidagi Qumkoʻl neft koni ishchilarini yoʻldan urishgan. Oʻgʻirlangan xomashyo 18 ta maxfiy mini-zavodlarda turli xil neft mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan.

Narmanbetovga koʻra, bunday yoʻllar bilan topilgan mablagʻ ekstremistik mazmundagi adabiyotlar chop etish va tarqatish, qurol sotib olish va saqlash, keyinchalik esa payt poylab terakt sodir etish uchun ishlatiladi.

Chimkentdagi hibslar Qozogʻiston kuch ishlatar tuzilmalarining tadbirkorlarni qoʻrqitayotgan ekstremistlarni hibsga olishi bilan bogʻliq ilk holat emas, deydi Nur-Sultondagi geosiyosiy tadqiqotlar instituti direktori Asilbek Izbairov.

“2014-yilda ham shunga oʻxshash holat qayd etilgan – Suriyadan kelgan ikki erkak tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi amakisini oʻgʻirlab, uning uchun 10 ming AQSH dollari (3,8 mln. tenge) tovon puli talab qilishni rejalashtirgan edi”, dedi u Karvonsaroyga.

“Ular bu pulning 5000 dollarini terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun sarflash niyatida boʻlganlar. Oʻzlarining buzuq aqidalariga koʻra, ular bu ishni Alloh uchun, dinni targʻib qilish yoʻlida amalga oshirmoqchi boʻlishgan, bu esa islomni buzib talqin qilishdir”, dedi u Karvonsaroyga.

2004-yilda “Islomiy jihod ittifoqi” aʼzolaridan iborat jangari guruh Chimkentda mol-mulkini oʻgʻirlash uchun bir oilaga hujum qilgan va uning deyarli barcha aʼzolarini oʻldirgan edi.

Islomni buzib talqin qilish

Qozogʻiston qamoqxonalarida ekstremistlar va oddiy jinoyatchilarning aralashuvi bilan bogʻliq holatlar qayd etilgan, dedi Izbairov.

U qamoqxonada ekstremistlarning oddiy jinoyatchilarni oʻziga ogʻdirishga urinishi bilan bogʻliq holatlarni soʻzlab berdi.

Ekstremist oddiy jinoyatchining oldiga kelib, “islomni qabul qilsa, barcha gunohlari kechirilishini va hayotini yangidan boshlashi mumkinligini” aytadi, deydi Izbairov.

Ekstremistlar agar odam gʻayridin boʻlsa, uning mol-mulkini tortib olish, hatto uni oʻldirishni ham joiz deb hisoblaydilar.

“Aslida esa Islomda har qanday din vakilining mulki daxlsiz hisoblanadi”, dedi Izbairov.

“Ekstremistlarning bunday qonun-qoidalarni buzishi ularning tizimdan tashqarida ekani va din bilan niqoblanib yurishlarini anglatadi”, deb oʻz soʻzini davom ettiradi u. “Uyushgan jinoiy guruhlar islom asoslarini buzib talqin qilar va bunday buzuq aqidalarni oʻziga singdirar ekan, buni radikal mafkura emas, balki terrorchilik mafkurasi deb atash mumkin”.

Uning aytishicha, ekstremistlar tadbirkorlardan tortib oladigan mablagʻning katta qismini terrorni avj oldirishga sarflaydilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hibsga olinganlarning ismlari qani?

Javob berish

Bunaqalarni otib tashlash kerak. Boshqalarga ibrat boʻlishi uchun. Ularni qamoqqa tiqishdan nima foyda? Soliq toʻlovchilar hisobidan boqish uchunmi? Ular qamoqda erkinlikdagidan koʻra koʻproq ishlarni qilishadi.

Javob berish