http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/03/21/feature-01
| Terrorizm

“Gʻam, azob-uqubat va umidsizlik”: tojik jangarilarining ayollari hikoyasi

Negmatullo Mirsaidov


Oqila Oʻroqova (orqa qatordan oʻrtada) onasi (chapda), qaynonasi (oʻngda) va 5 qizidan 4 nafari (chapdan oʻngga): Maryam, Halima, Fotima va Subaya bilan. Surat 27-fevral kuni Spitamen tumanining Tagʻoyak qishlogʻida olingan. [Negmatullo Mirsaidov]

Oqila Oʻroqova (orqa qatordan oʻrtada) onasi (chapda), qaynonasi (oʻngda) va 5 qizidan 4 nafari (chapdan oʻngga): Maryam, Halima, Fotima va Subaya bilan. Surat 27-fevral kuni Spitamen tumanining Tagʻoyak qishlogʻida olingan. [Negmatullo Mirsaidov]

XOʻJAND, Tojikiston – Tojik jangarisining ayoli Oqila Oʻroqova Afgʻonistonga kelib, notanish mamlakatda uch farzandi bilan yolgʻiz qolgach, uyiga qaytish yoʻllarini izlagan.

“Biz qaygʻu, azob-uqubat va umidsizlikdan boshqa narsa koʻrganimiz yoʻq. Bor-yoʻq aybimiz – shariat qonunlariga boʻysunib, erlarimiz ortidan ergashganimiz”, deydi Oʻroqova Karvonsaroy bilan suhbatda.

Soʻgʻd viloyatining Spitamen va Istaravshan tumanida yashagan Oʻroqova boshqa bir jangarining rafiqasi Shafoatxon Hamidova bilan viloyat televideniyesi efirga tayyorlagan koʻrsatuvda chiqish qilganlar. Ular turmush oʻrtoqlari bilan Afgʻoniston va Pokistondagi jangovar harakatlar hududlarida sarson-sargardonlikda yurib, koʻrgan-kechirganlarini soʻzlab berganlar.


Murodjon Xoʻjamonov oddiy mehnat migranti edi (surat sanasi nomaʼlum). U radikal mafkura taʼsiriga tushgunigacha zavodda va qurilishda ishlagan. (Xoʻjamonovlar oilaviy arxividan)

Murodjon Xoʻjamonov oddiy mehnat migranti edi (surat sanasi nomaʼlum). U radikal mafkura taʼsiriga tushgunigacha zavodda va qurilishda ishlagan. (Xoʻjamonovlar oilaviy arxividan)


Shafoatxon Hamidova Pokistonda tugʻilgan farzandlari - Fotima va Zaynab bilan, Soʻgʻd viloyati televideniyasining lavhasidan olingan kadr.

Shafoatxon Hamidova Pokistonda tugʻilgan farzandlari - Fotima va Zaynab bilan, Soʻgʻd viloyati televideniyasining lavhasidan olingan kadr.

Uchinchi ayol va uning uch nafar farzandi esa yurtiga qaytishga muvaffaq boʻlolmagan.

Yanvar oyi oxirida Tojikiston huquq-tartibot idoralari afgʻon hukumati bilan hamkorlikda Oʻroqova va uning uch farzandini (ikki nafari Pokistonda tugʻilgan) vataniga qaytardi. Shuningdek, Homidova ham ikki qizi bilan Tojikistonga qaytarilgan.

“Turmush oʻrtoqlarimiz Afgʻoniston hukumat kuchlari tomonidan qoʻlga olinganlaridan soʻng, men va Shafoatxon yosh bolalarimiz bilan yolgʻiz qolib ketdik”, dedi Oʻroqova. “Uch yillik mashaqqatlar va muhtojlik bizni uyga qaytish yoʻllarini izlashga majbur qildi.”

“Biz Paqtiyadan Badashxon viloyatiga oʻtdik. Men otamga qoʻngʻiroq qildim, erimni afgʻon qamoqxonasidan Tojikistonga olib ketishganini eshitgach, otamdan meni bolalarim bilan uyga olib ketishini soʻradim.”

“Ikki oy oʻtib, men va Shafoatxonni olib ketish uchun otalarimiz kelishdi”, dedi u.

Mehnat muhojirligidan jangarilikka

Oʻroqovaning qiyinchiliklari bundan 10 yil oldin boshlangan edi.

Xoʻjamonovlar oilasi uchun, 18 ming aholi istiqomat qiladigan Spitamen tumani Tagʻoyak qishlogʻidagi boshqa oilalar singari, chetda mehnat migranti boʻlib ishlash 2000-yillar boshida birdan-bir daromad manbai edi.

Oʻroqovaning turmush oʻrtogʻi Murodjon Xoʻjamonov 2005-yildan beri har yili Moskva viloyatiga qatnar, u yerda zavodda, qurilishda ishlar yoki koʻcha supurib pul topar edi.

U oʻsha yerda masjidga qatnay boshladi, keyinroq esa ekstremistik mafkura taʼsiriga tushib qoldi. Shu tariqa Xoʻjamonov Tojikistonga qaytgach, taqiqlangan Turkiston islom harakati (Oʻzbekiston Islom Harakati) safiga qoʻshiladi.

Soʻngra, 2010-yil sentabrda oʻzini “Ansarulloh jamoati” (AJ) deb eʼlon qilgan radikal diniy tashkilot Tojikistonning Xoʻjand shahridagi politsiya idorasida hudkushlik hujumini uyushtirdi. Bu voqea ortidan ommaviy hibslar boshlangan edi.

Taʼqib ostiga olinganlar orasida AJning Spitamen viloyatida yashovchi aʼzolari ham bor edi.

Gumondorlar roʻyxatida Xoʻjamonov ham bor edi, bu vaqtda u Rossiyada boʻlgan. U Tojikistonga ekstraditsiya qilinishidan qoʻrqib, oilasi bilan Eron orqali Pokistonga qochdi.

Lagerlardagi hayot

Xoʻjamonov va Oʻroqova bir yarim yashar qizlari Fotima bilan Moskvadan Istambulga uchdilar, u yerdan esa Eronning Mashxad shahriga oʻtdilar. Yoshi sal kattaroq qizlari Mardona va Subayyani esa bobosi va buvisi bilan Tojikistonga joʻnatdilar.

Ular Mashhaddagi tojikistonlik hamyurtlarining yordami bilan Eronning Zohidon shahriga, soʻngra Pokistonning Mironshohiga yetib keldilar (bu yerda ular Homidova va uning eri Olimjon Xolmatov bilan uchrashdilar). Oxir-oqibat Pokistonning Mir Ali shahriga qadam qoʻygan oila u yerda tojik, oʻzbek, chechen, uygʻur, qozoq va arab millatiga mansub boshqa jangarilarni uchratganlar.

Bu yerda Xoʻjamonov asosan tojikistonliklardan iborat boʻlgan “Ansarulloh jamoati” aʻzosiga aylandi. Pokistonning Dagan qishlogʻi yaqinida jangovar tayyorgarlikdan oʻtdi. Radikal guruhda tashkilotchilik koʻnikmalariga ega boʻlgani uchun uni “Oila amiri” etib tayinladilar.

2013-yilda Pokiston hukumat kuchlari tan olinmagan Vaziriston amirligining ayirmachilariga qarshi bir qator maxsus operatsiyalarni oʻtkazdi, bu guruh safida Markaziy Osiyolik jangarilar ham bor edi.

Xoʻjamonov, Xolmatov va boshqa jangarilar oilalari bilan Afgʻonistonning Paqtiya viloyatiga qochganlar.

Tojikistonga qaytish

Ayolining aytishicha, Xoʻjamonov qurol olib yurgan boʻlsa-da, janglarda qatnashmagan.

2015-yilning 14-noyabr kuni afgʻon harbiylari AQSH maxsus kuchlari koʻmagida Paqtiya viloyatida tolibonlarga qarsh reyd oʻtkazib, Xoʻjamonov bilan uning guruhiga toʻqnash kelishgan.

Xoʻjamonov va Xolmatov afgʻon kuchlariga taslim boʻldilar, natijada nafaqat oʻzlari, balki ayollari va farzandlarining hayotini saqlab qoldilar.

Guruh safida boʻlgan yana bir tojik fuqarosi – Abdumannon Yoqubov qarshilik koʻrsatishga uringan vaqtida oʻldirilgan. Keyinroq, uning ayoli uch nafar bolasi bilan uyida oʻzini portlatgan.

Voqeada ularning 10 yashar oʻgʻli – Bilongina omon qolgan.

Homidova uni oʻz qaramogʻiga oldi va uyiga olib keldi. Tojikistonga qaytgacha, bolani Istaravshanda yashaydigan bobosi ixtiyoriga topshiradi.

2017-yilning iyulida Afgʻonistonning Parvan viloyati sudi Xoʻjamonovni 16 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Afgʻoniston rasmiylari uni oʻtgan yil avgustda Tojikistonga ekstraditsiya qilganlar.

Spitamen tuman sudi Xo‘jamonov ishini koʻrib chiqishni yakunlamoqda va jazo muddatiga yetti yil qo‘shib berishi mumkin. Aksincha, muddat kamaytirilishi ham mumkin, dedi Spitamen tuman sudi sudyasi Loyiqsho Zikriddinzoda.

“Xo‘jamonov ishida aybni yengillatuvchi bir nechta holatlar mavjud, bu uning chin dildan iqror boʻlgani, yosh farzandlari borligi, Pokiston va Afg‘onistondan tojikistonlik fuqarolarni qaytarish operatsiyasida faol hamkorlik qilganidir”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Bu omillar inobatga olinadi.”

Xolmatov ham JAga a’zolikda ayblanib, Spitamen tumanida sudlanmoqda.

Fuqarolarni uylariga qaytarish

Shu bilan birga, Tojikiston hukumati ekstremistik gurhlarga qo‘shilish uchun chet elga jo‘nab ketgan fuqarolarni qaytarishda davom etmoqda.

Yanvar oyining o‘zida ektremistik tashkilotlar, jumladan “Islom davlatiga” (ID) a’zolikda ayblangan to‘qqiz nafar tojikistonlik chet eldan qaytib kelgan. Bu haqda So‘g‘d politsiyasi xabar bergan.

Ularning toʻqqizovi ham afv etildi, “sababi ular o‘z ixtiyori bilan qaytgan va qilgan ishidan pushaymon”, dedi So‘g‘d politsiyasi boshlig‘i Qudratullo Bobo Nazarzoda 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilda chet eldagi urushlarda ishtirok etgan 99 tojikistonlik vataniga qaytgan. Hukumat ma‘lumotlarida esa 2015-yildan beri chet elda jang qilgan 188 ta fuqaro uyga qaytgani aytiladi.

“Biz fuqarolarimizni nizoli hududlardan qaytarish boʻyicha sa‘y-harakatlarni davom ettiramiz. Buni amalga oshirishda eng avvalo ota-onalar, ularning farzandlariga ta‘siri, OAV va ijtimoiy tashkilotlar yordamiga umid qilamiz”, Nazarzoda.

Tojikistonlik tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, qaytganlar bilan doim ishlash kerak bo‘ladi.

“Nima boʻlganda ham ularni qahramonga aylantirib, xatti-harakatlarini oqlashimiz kerak emas”, dedi Tojikiston prezidenti qoshidagi Strategik tadqiqotlar markazi tahlilchisi Sherali Rizoiyon Karvonsaroy nashriga.

“Tabiiyki, ularni jamiyatdan ajratish ham yaramaydi”, dedi u. “Agar jamiyat ularni qabul qilmasa, ular radikal yo‘ldan borib, o‘z isyonlarini davom ettirishlari xavfi mavjud.”

Sizga maqola yoqdimi?
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha