Karvonsaroy
Terrorizm

Suriya jamloqlaridagi tojikistonlik ayollar va bolalar vataniga qaytariladi

Neʼmatullo Mirsaidov

Tojikiston Suriyadagi Al-Hol ва Roj qochqinlar lagerlarida boʻlib turgan fuqarolarini vataniga qaytarishni rejalamoqda. 2020-yilning dekabr oyida Al-Hol jamlogʻiga tashrif chogʻida Quvaytdagi Tojikiston elchixonasi xodimlari tomonidan olingan surat.

Tojikiston Suriyadagi Al-Hol ва Roj qochqinlar lagerlarida boʻlib turgan fuqarolarini vataniga qaytarishni rejalamoqda. 2020-yilning dekabr oyida Al-Hol jamlogʻiga tashrif chogʻida Quvaytdagi Tojikiston elchixonasi xodimlari tomonidan olingan surat.

DUSHANBE – Tojikiston diplomatlari va rasmiylari “Islom davlati”ga (ID) mansub xorijlik jangarilarning 800ga yaqin oila aʼzolarini Suriyaning al-Hasaka viloyatida joylashgan kurdlar nazoratidagi ikki jamloqdan vataniga qaytarish ustida ishlamoqda.

Tojikiston hukumatiga koʻra, sahrodagi ulkan “Al-Hol” va “Roj” jamloqlarida 800 nafarga tojikistonlik boʻlib, ularning aksariyati ayollar va yosh bolalardir.

Tojikiston TIV vakilining aytishicha, ularni vataniga qaytarish bilan Tojikistonning Quvaytdagi elchixonasi shugʻullanmoqda.

Dekabr oyi boshida Tojikistonning Kuvaytdagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Suriya rejimi rasmiylari va bu ikki jamloqda faoliyat olib borayotgan Suriya Arab Qizil yarim oy jamiyati vakillari bilan muzokara oʻtkazish uchun Damashqqa bordi, deb xabar beradi vazirlik.

Tojikistonning Spitamen tumanidagi Tagʻoyak qishlogʻi, 20-dekabr kungi surat. 2012-yilda Afgʻoniston hukumatiga qarshi jang qilish uchun bu qishloqni bir nechta oila tark etgan. Ayrim jangarilar halok boʻlishgan, ayrimlari hali ham Afgʻoniston qamoqxonalarida, bedarak ketganlar ham bor. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Tojikistonning Spitamen tumanidagi Tagʻoyak qishlogʻi, 20-dekabr kungi surat. 2012-yilda Afgʻoniston hukumatiga qarshi jang qilish uchun bu qishloqni bir nechta oila tark etgan. Ayrim jangarilar halok boʻlishgan, ayrimlari hali ham Afgʻoniston qamoqxonalarida, bedarak ketganlar ham bor. [Neʼmatullo Mirsaidov]

22-dekabr kungi surat: Oqila Oʻroqova, qizi Halima (oʻngda) va jiyanlaridan biri bilan, Spitamen tumani Tagʻoyak qishlogʻidagi qaynonasining uyida. [Neʼmatullo Mirsaidov]

22-dekabr kungi surat: Oqila Oʻroqova, qizi Halima (oʻngda) va jiyanlaridan biri bilan, Spitamen tumani Tagʻoyak qishlogʻidagi qaynonasining uyida. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Bu jamloqlar Kurd muxtoriyati rahbariyati tomonidan nazorat qilinadi.

Xalqaro koalitsiya qoʻllovidagi Suriya demokratik kuchlari (SDK) – maʼmuriyatning harbiy qanoti – 2019-yil mart oyida IDni Suriyadagi soʻnggi istehkomidan quvib chiqargan .

“Biz Al-Hol va Roj jamloqlarida boʻlib, Kurd kuchlari vakillari bilan bevosita muzokaralar oʻtkazdik”, dedi Zubaydzoda Karvonsaroy bilan onlayn suhbatda.

“Davomli muzokaralardan soʻng, biz farzandlari bilan vataniga qaytishga tayyor boʻlgan 200 dan ortiq tojikistonlik fuqaroning roʻyxatini tuzdik”, dedi u.

“Gumanitar inqiroz”

Tojikiston ichki ishlar vazirligi (IIV) maʼlumotlariga koʻra, birgina Al-Hol jamlogʻining oʻzida 600 ga yaqin tojikistonlik ayollar va bolalar bor, boshqa jamloqlarda esa 200 nafar tojik fuqarosi boʻlishi mumkin.

Zubaydzodaning aytishicha, “Al-Hol”dagi sharoitlarni gumanitar inqirozga yaqin deyish mumkin. Jamloqdagilar oziq-ovqat, suv, dori-darmonlar tanqisligi hamda bolalar oʻlimining koʻpligidan shikoyat qilmoqda.

“Yomgʻir yogʻsa, hammayoq loy va koʻlmakka toʻladi, atrofda esa antisanitar sharoitlar”, deydi u. “Biz oʻz fuqarolarimizni bu ofatdan qutqarish uchun barcha vositalarni ishga solamiz. Bu ishni uddalay olishimizga aminmiz.”

Vazirlikdagi manbaning xabar berishicha, delegatsiyaning Suriyaga safari oldidan IIV faqat “Al-Hol”dagi vaziyat toʻgʻrisida aniq maʼlumotga ega edi, hozir esa “boshqa jamloqlardagi vaziyat ham oydinlashmoqda”.

“Suriya jamloqlaridagi tojikistonlik ayollar va bolalar soni hali aniq emas”, deydi mavzuga oid koʻplab maqolalar chop etgan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining tojik xizmati muxbiri Moʻmin Ahmadiy.

“Tojikiston rasmiylari faqat kurdlar nazorati ostidagi jamloqlar haqida maʼlumotga ega”, deydi u. “Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyatidagi qochqinlar lagerlarida tojikistonliklarning bor-yoʻqligi nomaʼlum”. Halab viloyatidagi turk qoʻshinlari va Suriya ozodlik armiyasi tomonidan nazorat qilinadigan Afrin hududida tojiklarning bor-yoʻqligi toʻgʻrisida ham hech qanday maʼlumotlar yoʻq.

Suriya rejimi nazoratidan chiqib ketgan Idlibda “Tahrir ash-Shom” ittifoqi va boshqa muxolifat guruhlari hukmronlik qilmoqda. Bu hududda Suriya rejimi va Rossiya kuchlari jangovar harakatlar olib bormoqda.

ID tarafdorlari ketishni istamayati

Repatriatsiya ishlari boshlanar ekan, Suriya jamloqlaridagi ayollar uyiga qaytishni istayotgan boʻlsa-da, ular orasida guruhning halokatini tan olishdan va vataniga qaytishdan bosh tortayotgan IDning qatʼiy tarafdorlari ham bor.

Bu ayollardan baʼzilari oʻzboshimchalik bilan “hisba” (“islomiy politsiya”) nomli ogohlik guruhlarini tuzib, ular orqali jamloqlardagi boshqa ayollarning ID va uning ekstremistik mafkurasiga sodiq qolishi uchun ularga bosim oʻtkazgan.

Aytishlaricha, ID tarafdorlari safini buzmoqchi boʻlgan ayollar hujumga uchragan – ayrim hollarda ular hatto oʻldirilgan, chodirlari esa yoqib yuborilgan.

Moʻmin Ahmadiyning aytishicha, Al-Hol va Rojdagi ayollar bamisoli ikki guruhga boʻlingan, biri hali-hamon IDni qoʻllab-quvvatlaydi, ikkinchisi esa buning aksi. Bu ikki guruh tez-tez nizolashib turadi.

“Ayrim tojik ayollari tunislikman desa, oʻzbekistonlik ayollar oʻzini uygʻur deb koʻrsatadi”, dedi Ahmadiy.

“Shaxsan oʻzim oʻnlab tojik ayollari bilan suhbatlashdim, ular IDning parchalangani vaqtincha deb oʻylaydilar”, dedi u.

“Ehtimol, bu IDning Idlibda hamon faol boʻlib turgani bilan bogʻliqdir”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ularning aksari jamloqdan qochib, Idlibdagi ittifoqdoshlari safiga qoʻshilishdan umidvor.”

Davlatning fuqarolar oldidagi majburiyati

Markaziy Osiyo davlatlaridagi siyosatchilar, diplomatlar, tahlilchilar va diniy ulamolar fuqarolarning oʻz vataniga qaytarilishi tarafdori. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston ayni muammo ustida ish olib bormoqda.

Repatriatsiya jarayoni yangi koronavirus (COVID-19) pandemiyasi sababli sekinlashgan edi, ammo vaziyatning barqarorlashuvi bilan mintaqadagi barcha mamlakatlar bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni jadallashtirgan.

“Islom musulmonlarni yaxshilik, rahm-shafqat, hamdardlik, rahmdillikka chorlaydi”, deydi Xoʻjanddagi “Nuri Islom” masjidi imom-xatibi Azizullo Salomov Suriya jamloqlaridan qaytarilganlar haqida gapirar ekan.

Suriyaga ketganlar orasida “aldanganlar, yoʻldan adashganlar va tavba qilganlar koʻp”, dedi u. “Kechirimli va mehribon boʻlish Qurʼon va paygʻambarimiz Muhammadning (u kishiga Allohning salovotu salomlari boʻlsin) hadislarida ham aytib oʻtilgan.”

Tojikiston konstitutsiyasi davlatning fuqarolar oldida burchini belgilab qoʻygan, deydi Tojikiston prezidenti huzuridagi islomshunoslik markazi rahbari oʻrinbosari Rustam Aziziy.

Bundan tashqari, ular Tojikiston fuqarolari, dedi u repatriatsiya choralarini nazarda tutib. “Ular jinoyat sodir etganmi-yoʻqmi, davlat oʻz burchini bajarmoqda.”

Afgʻonistondan qaytarilganlar

Tojikiston hukumati Suriyadagi choralar bilan bir qatorda, Afgʻonistonda qolib ketgan ayollar va yosh bolalarni ham vataniga qaytargan.

2019-yilda Oqila Oʻroqova, Nodira Usmonova, Shafoatxon Homidova va ularning farzandlari Afgʻoniston shimolida arang kun kechirayotgan edilar .

Turmush oʻrtoqlari ekstremistlar taʼsiriga tushib, afgʻon jangarilari safiga qoʻshilgach, bu ayollar ularning ortidan urush iskanjasidagi mamlakatga joʻnab ketgan edi.

Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari ularning erlarini qoʻlga olgan va keyinchalik qamagan, ayollar esa oʻzi ham qiyin ahvoldagi mahalliy aholining qoʻliga qarab qolgan.

Tojikiston hukumati ayollarning ota-onalariga Afgʻonistonga borib qizlari va ularning farzandlarini olib kelish uchun mablagʻ ajratgan.

Oʻroqova va Homidova 2019-yil yanvar oyida, Usmonova esa 2019-yil iyunda Tojikistonga qaytib kelishgan.

Ularning turmush oʻrtoqlari hali ham qamoqda. Eson-omon Tojikistonga qaytib kelgan ayollar va bolalar chet davlatlarda, qashshoqlik, ochlik, bomba va snaryadlar portlashi ostida kechirgan yillarini qoʻrqinchli tush kabi xotirlaydilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500