http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/10/10/feature-01?ca_001_a=true
| Terrorizm

Qozogʻistonda tomoshabinlarni terrorchilik xavfi haqida ogohlantiruvchi hujjatli film namoyish etildi

Aydar Ashimov

Suratda: “Tinchlik bahosi. Shimol” filmidan olingan kadrda reyd chogʻidagi maxsus kuchlar askari.

NUR-SULTON – Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (MXQ) tomonidan namoyish etilgan hujjatli filmda terrorchilarni yollash va mintaqadagi xavfsizlik muammolari yoritilgan boʻlib, jamoatchilikka bu illatga qarshi kurashga koʻmaklashuvchi maʼlumotlar taqdim etilgan.

“Tinchlik bahosi. Shimol” deb nomlangan film 4-oktabr kuni Qozogʻiston televideniyesida, keyinroq esa YouTube tarmogʻida keng omma uchun namoyish etildi.

Bu rejelashtirilgan turkum filmlarning ikkinchisi boʻlib, unda mamlakat shimolidagi terrorchilik va narkotrafikka qarshi kurash choralari haqida soʻz yuritiladi.

“Tinchlik bahosi. Shimol” filmidan olingan kadrda qamoqxonada mashq qilayotgan mahbus aks etgan.

Iyul oyining oxirida taqdim etilgan birinchi filmda Qozogʻiston gʻarbida olib borilayotgan aksilterror saʼy-harakatlar yoritilgan edi.

Terror xronikasi

Koʻp hollarda terrorchilik narkofurushlikdan olingan daromadga bogʻliq boʻladi, shu sabab filmda narkotrafikka qarshi kurash haqida soʻz boradi.

Aksariyat sintetik giyohvand moddalar Qozogʻistonga chet eldan kirib kelayotgan bir paytda, oʻtgan yili Qustanay viloyatida xufiyona laboratoriya ishga tushgan. Filmda giyohvand moddalar ishlab chiqaruvchi jinoiy guruh fosh etilgan. Jinoyatchilar Qozogʻistonda ogʻufurushlik bilan shugʻullanib, giyohvand moddalarni pochta orqali boshqa davlatlarga ham joʻnatganlar.

Hujjatli filmdagi yana bir hikoyada 2016-yildagi voqealar aks ettirilgan, unda ehtimoliy xudkushlar baliqchilar niqobi ostiga yashiringan edilar.

Oʻshanda MHQ informatori bir guruh odamlar oʻz uylarida metall quvurlar va elektr simlarini sotib olib, payvandlash ishlarini olib borgani haqida huquq-tartibot idoralarini ogohlantirgan.

Tergovchilarning aniqlashicha, xudkushlik belbogʻlarini tayyorlashda portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan quvurlardan foydalanilgan. Terrorchilar “Islom davlati”ning (ID) tashviqiy videolavhalari taʼsiri ostida qoʻlbola portlovchi moslamalar yordamida hujumlarni rejalashtirganlar.

Huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan reyd chogʻida ekstremistlardan biri oʻzini portlatib yuborgan. Operatsiya davomida terrorchi guruhning sakkiz aʼzosi qoʻlga olingan. Ularga sakkiz yildan 14 yilgacha qamoq jazosi berildi.

“Hozirgi kunda Internetda hamma maʼlumotlar bor. Terroristlar (maishiy kimyo va simlar kabi) qoʻlbola ashyolardan portlovchi moslama yasab olishlari mumkin”, deydi Qaragʻanda viloyati MXQ idorasi boʻlim boshligʻining oʻrinbosari Chingiz Isxakov filmda.

Noqonuniy migratsiya va terrorizm

Qamoqxona har doim ham ekstremistlarni qayta tarbiyalay olmaydi.

Hujjatli film qamoqxonada radikal qarashlarni qabul qilgan sobiq mahkumlar haqida hikoya qiladi. Ular ozodlikka chiqqanlaridan soʻng, odamlarni jangarilikka yollab, Afgʻoniston-Pokiston chegara hududiga joʻnatganlar.

“Ular internetdan “Jangovar varaqa” dasturini yuklab olib, qoʻlbola portlovchi moslamalar yordamida qanday qilib fuqarolar urushi olib borishni oʻrganganlar va konspiratsiya koʻnikmalarini oʻzlashtirganlar”, deydi filmdagi intervyusi chogʻida MXQning Qustanay viloyatidagi boshqarmasi boshligʻi Bulat Musabekov.

Uning soʻzlariga koʻra, bu kimsalar Qozogʻistondan chiqishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida jinoyat sodir etib, avtomobil oʻgʻirlaganlar. Oʻz sheriklari yordamida ular mashinaning yukxonasida noqonuniy ravishda Qirgʻizistonga oʻtib, u yerdan Turkiya va Afgʻonistonga borishni rejalaganlar.

Ekstremistlar Qozogʻiston va Qirgʻiziston maxsus xizmatlarinin hamkorlikdagi operatsiyasi natijasida Bishkekda qoʻlga olingan.

“Terrorchilik tashkilotlari noqonuniy migratsiya kanallari va umumiy migratsiya oqimlaridan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishi mumkin”, deydi MXQning Qustanay viloyati boshqarmasi rahbari Jonqoʻzi Qodirbekov filmdagi intervyusida. “Ushbu kanallar orqali terrorchilik faoliyati sababli xalqaro qidiruvda boʻlgan shaxslar ham harakatlanishi mumkin. Ular ushbu noqonuniy migratsiya yoʻnalishlaridan faol foydalanib keladilar.”

Milliy xavfsizlik qoʻmitasi, jumladan, ekstremizm va terrorizmda ayblangan mahbuslarni kuzatib borish va radikallashuvdan xalos qilish bilan shugʻullanadi va bu ishlarga diniy mutaxassislar ham jalb qilinadi.

“Noqonuniy migratsiya xavfli, sababi migrantlar orasida xalqaro terrorchilik tashkilotlari aʼzolari ham boʻlishi mumkin”, deydi KNBning Qaragʻanda viloyati boshqarmasi rahbari Kendebay Adambekov. “Suriyadagi mojaro oʻz nihoyasiga yetay deb qolgan, endi u yerda fuqarolar urushi ketmoqda. U yerda 100 mingdan ortiq jangarilar bor edi. Ularning asosiy qismi qayerga gʻoyib boʻldi? Hamma terrorchi tashkilotlar rahbarlari oʻldirilgani yoʻq. Terrorchilik harakatlari Markaziy Osiyoga, shu jumladan Qozogʻistonga qaratilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.”

“Terrorizm haqida ... gapirish kerak”

“Terrorizm jamoatchilikka ogʻir jinoyat deb tushuntirilishi lozim. Darhaqiqat, terrorchilar koʻpincha odamlarni garovga oladilar, begunoh insonlar ularning qurboniga aylanadi. Terrorchilik harakati xavfi sharoitida oʻzini tutish qoidalarini bilishimiz kerak. Ruhshunoslarga qurbonlar bilan qanday suhbatlashishni oʻrgatish kerak”, deydi “Jayik Dausi” (Ural ovozi) nodavlat notijorat tashkiloti rahbari, uralsklik Kadisha Mukanova.

Uning aytishicha, Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatining oʻzida Suriyadan qaytgan 26 ayol va 66 bola bor.

“Bu katta raqam. Ular bilan ehtiyotkorona ish olib borish kerak”, deydi Mukanova.

“Bunday filmlarni hatto bolalar ham koʻrishi kerak”, dedi oilasi bilan filmni tomosha qilgan tarazlik Berik Kaliyev.

“Biz bu videoni koʻrdik va uni koʻp muhokama qildik, chunki bunga befarq boʻlish qiyin”, dedi u. “Asosiy xulosalar shuki, odamlar aldanadilar va oʻzgalarning urushiga boradilar. Bu jangarilar orasida oddiy jinoyatchilar ham koʻp. Ammo odam qanday qilib oʻz vatandoshlarini ommatan oʻldirishni yoki terrorchilik xurujini rejalashtirishi mumkin? Bu mutlaqo aqlga sigʻmaydi.”

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha