Karvonsaroy
Inson huquqlari

GULAGning surgun qilingan farzandlari Stalin davriga oid jinoyatlar yuzasidan adolat istamoqda

Karvonsaroy va AFP

Stalinizm qatagʻonlari qurbonlarini xotirlash milliy kuni – 2015-yil 30-oktabrda Sovet davrining GULAG mehnat lagerlari tizimiga bagʻishlangan yangi muzeyning ochilish marosimiga tashrif buyurganlar Stalin dafn marosimining multimedia koʻrgazmasini tomosha qilmoqda. [VASILIY MAKSIMOV/AFP]

Stalinizm qatagʻonlari qurbonlarini xotirlash milliy kuni – 2015-yil 30-oktabrda Sovet davrining GULAG mehnat lagerlari tizimiga bagʻishlangan yangi muzeyning ochilish marosimiga tashrif buyurganlar Stalin dafn marosimining multimedia koʻrgazmasini tomosha qilmoqda. [VASILIY MAKSIMOV/AFP]

ZOLOTKOVO, Rossiya – Rossiya qishloqlarining biridagi yogʻochdan yasalgan tashlandiq xarobada yashovchi Yelizavetta Mixaylova 30 yildan beri adolat izlaydi.

GULAG mahbusining 72 yoshli qizi – mashhur Sovet davri lageriga surgun qilinganlarning keksayib qolgan, oʻzlariga vaʼda qilingan kompensatsiyani ololmayotgan farzandlaridan biridir.

1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanishidan keyin chiqqan qonunga koʻra, ular ota-onalari surgun qilinishidan avval yashagan shaharlarida turarjoy bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan edi. Mixaylovaga esa hozirgi turgan joyi – Moskvadan 300 km uzoqlikdagi hududdan uy berilishi kerak.

“Ota-onam qaytishimizni istar edi, shu bois men hali ham kurashyapman”, deydi nafaqadagi tish shifokori.

Inson huquqlari boʻyicha 30 yoshli advokat Grigoriy Vaypan Moskvadagi GULAG muzeyida AFP nashriga intervyu bermoqda, 2020-yil, 22-dekabr. [Natalya KOLESNIKOVA/AFP]

Inson huquqlari boʻyicha 30 yoshli advokat Grigoriy Vaypan Moskvadagi GULAG muzeyida AFP nashriga intervyu bermoqda, 2020-yil, 22-dekabr. [Natalya KOLESNIKOVA/AFP]

U Moskva shahridan besh soatli masofada joylashgan Zolotkovo qishlogʻi yaqinidagi 40 kvadrat metrli xarobasida ikki qizi bilan bu kompensatsiyani uzoq vaqtdan beri kutadi.

Yashash sharoitlari juda ogʻir. Xonani isituvchi pechni yoqish uchun oʻtin qalashadi, hojatxona esa oddiy parda bilan toʻsib qoʻyilgan.

Mixaylovaning otasi Semyon kimyo sanoatida ish boshqaruvchi boʻlib ishlagan, Iosif Stalin tashabbusi bilan boshlangan ommaviy qatagʻonlar davrida aksilinqilobiy tashkilotga aʼzolikda ayblanib hibsga olingan edi.

Sakkiz yillik umrini Uzoq Sharqdagi lagerda oʻtkazgan Semyon 25 yilga Sibirga surgun qilingan, 1953-yili Stalinning oʻlimidan keyin bu muddat qisqartirilgan edi.

“Oila fojiasi”

Sobiq mahbuslarga aksariyat shaharlardan 100 km masofada yashash taqiqlangani tufayli Semyoning oilasi dastavval hozirgi Moldova hududida yashadi, keyinroq Rossiyaga qaytdi.

“Bu fojia, oilamizning fojiasi”, deydi Mixaylova.

Bundan bir necha yil avval, Mixaylova chamadon toʻla hujjat bilan endigina Moskva davlat universiteti va Garvardni tamomlagan Grigoriy Vaypanning idorasiga kirib kelgan edi.

“Bu ayolni oʻz holiga tashlab qoʻya olmasligimizni oʻshandayoq tushungan edik”, deydi inson huquqlari boʻyicha 30 yoshli advokat.

U Mixaylovaning ishi bilan birga, hanuzgacha olis hududlarda, sobiq lagerlar yaqinida yashayotgan yana ikki nafar GULAGchilar farzandlari – Alissa Meysner va Yevgeniya Shashayevalarning ishi bilan ham shugʻullanishni boshlagan.

Ular 2019-yilda ilk gʻalabani nishonladilar – Rossiya konstitutsiyaviy sudi kompensatsiyaga oid qonun oʻzgaruvchan va qariyb imkonsiz shartlar sababli ijro qilinmayotganini tan oldi. Sud qonun chiqaruvchilardan muammoga yechim topishni talab qildi.

Oʻshandan beri Rossiya Davlat dumasining quyi palatasida qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi, ammo Vaypanning taʼkidlashicha, bu Mixaylova va unga oʻxshaganlarga yordam berish uchun yetarli emas, sababi, qonunga koʻra ular ijtimoiy uy-joylar uchun navbatga turishlari kerak edi.

Moskvada bunday uy-joy oʻrtacha 30 yil kutiladi.

Qonun loyihasining ikkinchi oʻqilishi yanvar oxiriga belgilangan edi, ammo bu ish amalga oshmadi.

“Ular butun umrlarini surgunlikda oʻtkazdilar”, deydi Vaypan. Ota-onalariga tegishli uylarni qaytib olishning umuman iloji boʻlmasa-da, ular kamida oʻz shaharlariga qaytarilishi kerak.

Tarixni oqlashga urinishlar

Tarafdorlarga koʻra, davlat Rossiya hukumati koʻpincha eʼtiborga olmaydigan Stalin qatagʻonlarining qurbonlariga eng kamida shuni qilib berishi kerak.

Amerikalik tarixchi Sara Kameron qalamiga mansub “Och qolgan dasht: ocharchilik, zoʻravonlik va sovet Qozogʻistonining tashkil topishi” asari va Olmaotadagi “MG Productions” kompaniyasi suratga olgan bu yilgi Oskarga nomzod “Dasht yigʻisi” filmidagi 1930-yillarda Qozogʻistonda yuz bergan Stalin davriga oid ocharchilik dahshatlari ham – tarixchilar yuzaga chiqarishga urinayotgan voqealardan biri.

Soʻnggi yillarda Rossiyada millionlab odamlar hayotiga zomin boʻlgan Stalinning hukmronlik davrini ijobiy tomondan koʻrsatish, qatagʻon va majburiy kollektivizatsiyani xaspoʻshlashga urinish tendentsiyasi kuzatilmoqda.

Tarixni bu kabi qayta yozishga urinishlar Stalin zulmidan aziyat chekkan Markaziy Osiyolik oilalarning yaralarini yangilagan.

Stalin davri qurbonlari va ularning oilalari bilan bogʻliq dahshatlar kamlik qilgandek, oʻtgan yil aprel oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin sobiq Sovet ittifoqini qayta tiklash “afzalliklarini” maqtagan edi.

“Oʻtmishning fobiyalari, Sovet ittifoqi va imperiyasining tiklanishiga oid qoʻrquvlarni yengib, birlashish hamma uchun manfaatli ekanligi haqidagi tushuncha oʻzi uchun muqarrar yoʻl ochib bormoqda”, deb aytgan u “Rossiya-1” davlat telekanalida.

Ayrim davlatlar uchun bu (birlashish) mustaqillikni boy berish demakdir, deydi tahlilchilar.

“Kelajagini boy berganlar”

GULAG farzandlarining aksariyati 70-80 yosh orasida. Rossiyada ularning 1500 tasigina qolgan, deydi Moskvadagi GULAG muzeyi rahbari 38 yashar Roman Romanov.

“Ularning barbod boʻlgan kelajagi oʻshandan beri oʻnglanmagan. Bu odamlar hanuzgacha qatagʻon oqibatlaridan aziyat chekib kelishmoqda”, dedi u.

Va nihoyat ularga yordam berishga imkon tugʻilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi yaqinda Rossiya hukumatini chora koʻrishga chaqirdi. Yanvar oyi oʻrtalarida 100 dan ortiq taniqli arboblar adolat talabi bilan yoʻllangan ochiq xatga imzo chekkanlar.

Vaypan yuborgan petitsiyani 80 mingdan ortiq kishi imzolagan. U Mixaylova va unga oʻxshash taqdir egalarining oʻz uylariga qaytishiga yordam beradi.

“Shunday odamlar borligini koʻrsatishga va ularga eʼtibor qaratilishiga erishdik”, deydi Vaypan. “Ular uylariga qaytishga haqli. Qonun ishlashi kerak.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Iflos Stalin ashaddiy manyak boʻlgan.

Javob berish