Karvonsaroy
Terrorizm

Oʻzbekiston IDga aloqador oilalarning 92 aʼzosini Suriyadan vataniga qaytardi

Karvonsaroy va AFP

30-mart kuni Suriya shimoli-sharqidagi ID jangarilarining qarindoshlari uchun moʻljallangan kurdlar tasarrufidagi ikki jamloqning eng yirigi – “Al-Hol” yaqinida qoʻriqchilik qilayotgan Suriya demokratik kuchlari askari. [Delil Sulaymon/AFP]

30-mart kuni Suriya shimoli-sharqidagi ID jangarilarining qarindoshlari uchun moʻljallangan kurdlar tasarrufidagi ikki jamloqning eng yirigi – “Al-Hol” yaqinida qoʻriqchilik qilayotgan Suriya demokratik kuchlari askari. [Delil Sulaymon/AFP]

QAMISHLI, Suriya – Juma (30-aprel) kuni Suriya shimoli-sharqidagi kurdlar hukumati “Islom davlati” (ID) jangarilarining oila aʼzolari deb gumon qilingan 92 nafar oʻzbekistonlik ayol va bolani vataniga yuborish uchun Oʻzbekiston delegatsiyasiga topshirdi.

Kurd maʼmuriyati maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligining ishchi guruhi 24 ayol va 68 bolani olib ketish uchun Kurdlar nazorati ostidagi Qamishli shahrida boʻlgan.

Bolalarning yetti nafari yetim, dedi kurd rasmiysi Abdulkarim Omar.

2014-yilda Suriya va Iroqdagi katta hududlarni egallagan va oʻzini protodavlat deb eʼlon qilgan ID 2019-yil mart oyida asosan kurd jangchilaridan iborat Suriya demokratik kuchlari (SDK) va xalqaro koalitsiyaga yengilgan edi.

Suriya shimoli-sharqida ID jangarilariga qarindosh deb gumon qilingan minglab odam saqlanuvchi ikkita yirik jamloqni nazorat qilayotgan suriyalik kurdlar bir necha bor dunyo davlatlarini bu yerdagi fuqarolarini olib ketishga chaqirgan.

Ularning chaqiriqlari koʻp hollarda eʼtiborsiz qoldirilgan boʻlib, shu choqqacha cheklangan sondagi odamlar, asosan bolalarning vataniga qaytishiga ruxsat berilgan.

Oʻzbekiston ham boshqa Markaziy Osiyo davlatlari singari oʻz fuqarolarini vataniga qaytarish uchun kurdlar bilan hamkorlik qilayotgan asosiy mamlakatlar safidan oʻrin olgan.

Oʻzbekiston Suriya va Iroqdan 318 dan ortiq ayollar va bolalarni uch guruhga boʻlib vataniga olib kelgan. Bu haqda aprel oyida 92 nafar oʻzbekning vataniga qaytarilishi oldidan Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov AQSH jamoat teleradioeshittirish xizmatiga maʼlum qilgan edi.

Birinchi navbatda – bolalar

Suriya va Iroqdagi ayrim fuqarolarini vataniga qaytargan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ham bolalar repatriatsiyasiga ustuvor ahamiyat qaratdilar.

Qozogʻiston Suriyadan oʻz fuqarolarini olib kelgan Markaziy Osiyodagi ilk mamlakat boʻldi.

Qozoq hukumati “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida 188 nafar ayolni vataniga qaytardi. Ularning ekstremistik guruhdan koʻrgan dahshatlari haqidagi hikoyalari juda koʻp materiallarni taqdim etgan.

2019-yildan beri Iroq va Suriyadan qozogʻistonliklar, asosan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish boʻyicha beshta “Jusan” operatsiyasi amalga oshirilgan.

“Umumiy hisobda 700 dan ortiq fuqarolar repatriatsiya qilindi”, deb aytgan Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Yerjan Ashikbayev 8-yanvar kuni “Jusan-5” operatsiyasidan bir necha hafta oldin Vashingtondagi Atlantika kengashi mezbonligida oʻtgan videomuloqotda.

Vataniga qaytarilganlar orasida 490 nafar yosh bola, 187 ayol va “barchasi terrorchilikda ayblanib, jazoga tortilgan 33 nafar erkak” bor, dedi u.

Yaqinda amalga oshirilgan “Jusan-5” operatsiyasida bu raqamlar yanada ortdi – yana toʻrt erkak, bir ayol va yetti bola Qozogʻistonga qaytarildi. Bolalarning ikkitasi yetim qolgan.

Shuningdek, 16-mart kunidagi charter reys bilan Iroqdan 79 nafar qirgʻizistonlik bola vataniga olib kelingan, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi. Ularning onalari Iroqdagi qamoqxonada qolishgan.

Ular Qirgʻiziston hukumatining “Meyerim” (“Mehr”) insonparvarlik operatsiyasi doirasida vataniga qaytarilgan boʻlib, bu mamlakatning yuzlab fuqarolari Iroq va Suriyada jang qilayotgan ekstremistik guruhlar safiga qoʻshilganidan beri amalga oshirilgan birinchi yirik repatriatsiyadir, deb xabar bergan Tashqi ishlar vazirligi.

Yanvar oyidan beri Tojikiston Suriyadagi kurdlarga qarashli jamloqlardan 200 dan ortiq ayollar va bolalarni vataniga qaytarish ustida ishlamoqda, degan edi Quvaytdagi Tojikiston elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Karvonsaroy nashriga.

Bugungi kunga qadar nechta odam repatriatsiya qilingani nomaʼlumligicha qolmoqda.

Turkmaniston ID safiga qoʻshilgan fuqarolar soni yoki u yerdan qaytib kelganlar haqida maʼlumot bermagan.

Reabilitatsiya davri

Urush hududlaridan qaytganlar odatda reabilitatsiya jarayonidan oʻtadilar.

Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Aliza Soltonbekovaning soʻzlariga koʻra, mart oyida Qirgʻizistonga qaytib kelgan bolalar uchun bu jarayon psixologik baholash va toʻliq tibbiy koʻrikni oʻz ichiga olgan.

Bunga odam immunotanqisligi virusi (OIV), virusli gepatit, vabo va bezgakka tekshirish, shu bilan birga COVID-19 uchun polimeraza zanjirli reaktsiya (PZR) testini olish ham kiradi, dedi u.

“Bolalar uchun madaniy tadbirlar, jumladan sirk, qoʻgʻirchoq teatri, konsertlar, interaktiv oʻyinlar va musobaqalarga borishni tashkillashtirish rejalashtirilmoqda”, degan edi Soltonbekova aprel oyida.

Bolalar va onalarning mavjud hujjatlariga asoslanib, Qirgʻiziston hukumati ular uchun zarur hujjatlarni olish va bolalarning vasiyligini qonuniylashtirishni oʻz zimmasiga oladi, dedi Soltonbekova.

“Bolalarga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma kabi hujjatlarni olish yoki qayta rasmiylashtirish bilan tegishli davlat idoralari shugʻullanadi”, dedi u.

2020-yil may oyida Qozogʻistonda Yaqin Sharqdagi urush hududlaridan qaytgan bolalarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni koʻzda tutuvchi qonun qabul qilindi.

Yangi qonunga binoan, Taʼlim va fan vazirligi bu bolalarning ijtimoiy reabilitatsiyasini nazorat qiladi va koʻrilajak choralarni belgilaydi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500