Karvonsaroy
Terrorizm

Ekstremizmga yollovchilar Qozogʻistonda yanada faolroq taktika qoʻllamoqda

Kseniya Bondal

6-dekabr kuni Olmaota Markaziy masjidida xufton namozining boshlanishini kutayotgan qizlar. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

6-dekabr kuni Olmaota Markaziy masjidida xufton namozining boshlanishini kutayotgan qizlar. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

OLMAOTA – Qozogʻiston rasmiylari va tahlilchilarining ogohlantirishicha, radikal mafkurachilarning Internet orqali olib borayotgan daʼvati tobora shiddatli tus olib bormoqda.

Ekstremistik gʻoyalar tajovuzkor va jangovar ekanligida shubha yoʻq”, deydi Qustanay viloyati diniy birlashmalar bilan ishlash departamenti direktori Lazzat Kompishova 28-noyabr kuni “Kostanayskiye novosti” saytiga bergan intervyusida.

“Bugungi kunda internet har qanday nazariy yoki amaliy tadbirlar uchun qulay platforma hisoblanadi. Shuningdek, u yoshlar ongi va xulq-atvoriga taʼsir qila oladigan kuchli vosita boʻlib, mamlakat ichida va xorijda jamoatchilik fikrini oʻzgartirishi mumkin”, dedi Kompishova.

Kompishovaga koʻra, Qozogʻistonda qonunga xilof materiallar chop etilgan saytlarni aniqlash va bloklash uchun foydalaniladigan “Kibernazorat” tizimi yordamida joriy yilda 8700 dan ortiq buzgʻunchi akkauntlarni aniqlashga muvaffaq boʻlingan.

6-dekabr kuni Olmaotada yosh musulmonlardan biriga kitobdagi islomiy qadriyatlarni tushuntirayotgan imom. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

6-dekabr kuni Olmaotada yosh musulmonlardan biriga kitobdagi islomiy qadriyatlarni tushuntirayotgan imom. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaotadagi markaziy masjiddan chiqayotgan musulmonlar, 6-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaotadagi markaziy masjiddan chiqayotgan musulmonlar, 6-dekabr. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Qozogʻiston Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza jarayonida tasdiqlangan bu raqam “oʻtgan yildagidan bir necha mingga koʻp”, dedi u va mazkur akkauntlarning yarmidan koʻpi ekstremistik ekanligini qoʻshimcha qildi.

“Biz ushbu buzgʻunchi akkauntlarga obuna boʻlgan har bir kishiga bildirishnoma yuboramiz va ulardan obunani bekor qilishni soʻraymiz. Bu yili 3627 ta bildirishnoma yuborildi, 2000 ga yaqin odam obunadan voz kechdi”, dedi Kompishova.

Daʼvatni tezlashtirishdagi shiddat

Daʼvatdagi shiddat Qozogʻistonda ekstremistik veb-saytlarni yopish va noqonuniy adabiyotlarni musodara qilish kabi turli taqiqlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Ehtimol, terrorchilar oʻz gʻoyalarini tezroq yetkazmoqchi, deydi ekstremizmning oldini olish boʻyicha mutaxassis Asilbek Izbairov Karvonsaroyga.

Avvalroq ularda yollash uchun cheklanmagan vaqt bor edi, ammo endi ular oʻz daʼvatini qisqa muddatga yetkazishga harakat qilmoqda.

Dinshunoslik fakulteti aspiranti, olmaotalik Yelnar Berikbayevga koʻra, avval ekstremistlar gapni uzoqdan boshlab daʼvat qilar edi.

Ular dindorlarga Islomning asosiy qadriyatlari va har bir musulmon qabul qiladigan tamoyillari, masalan, tavhid (yakkaxudolik) haqida gapirib soʻz boshlar edilar. Ular Paygʻambar alayhissalom va u zotning sahobalari hayotidan hikoya qiladilar, dedi u.

Keyin ular asta-sekin oʻz someʼlarini dunyoviy davlat tuzumi va boshqa din vakillariga qarshi qayrashni boshlaydilar, dedi Berikbayev Karvonsaroyga.

“Boshqacha qilib aytganda, ilgari buzgʻunchi oqimlar yollovchilari hech qachon oʻz daʼvatini diniy adovat, dushmanlik, qotillik yoki terrorchilik harakatlarini targʻib qilish bilan boshlamagan”, dedi u.

Moliyaviy tang ahvoli va Suriya va Iroqdagi magʻlubiyati sabab “Islom davlati”ga (ID) “endi faqat hamdard odamlarni topishning oʻzi kifoya qilmaydi, balki ularga buyruq berilganda teraktlarni amalga oshiradigan faol izdoshlar kerak”, deydi Berikbayev.

Agar ular har bir davlatda radikallarni jalb qila olsa, oʻz shartlarini ilgari surib, siyosiy maqsadlariga erishishi mumkin”, dedi Berikbayev.

Terrorizm ustidan gʻalaba qozonilgani haqida gapirishga hali erta, chunki ID kelajakda nimalar qilishini hech kim bilmaydi, deb ogohlantirdi Izbairov.

Shunday boʻlsa-da, hozir IDning muammolari yoʻq emas: uning “oʻzagi parchalangan va mablagʻi yoʻq”, deydi Izbairov.

Yoshlar bilan bogʻliq xavf

Sobiq ekstremistlar bilan ishlash va ularni reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan “Akniyet” nodavlat tashkilotining Koʻkchatovdagi idorasi rahbari Rustam Saduyevga koʻra, yoshlar ekstremistlar safiga qoʻshilib ketish xavfi ostida qolmoqda.

Ilmiy darajada, yaʼni diniy mutaxassislar va imomlar kabi ilmli kishilar oʻrtasida kechadigan din va eʼtiqod borasidagi tortishuvlar islomga yangi kirgan odamlarni oʻziga tortadi, deydi u.

Ular bunday holatga tushgach, oʻzlarida paydo boʻlgan yangi savollarga, ziddiyatlar va shubhalarga javob izlashni boshlaydilar, deydi Saduyev.

Pandemiya vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Dindorlar boshqalar kabi, COVID-19 bilan bogʻliq cheklovlar va OAVdagi yomon xabarlardan charchadilar. Bunday sharoitda radikallarning jangovar ruhdagi targʻiboti kuchliroq taʼsirga ega boʻlishi mumkin, deb qoʻshimcha qildi Saduyev.

“Taxminan 25-30 yoshlardagi boʻydoq yoshlar bu bosim taʼsiriga tushishi mumkin. Bilamizki, oʻtmishda IDning Suriyaga borish haqidagi chaqiriqlariga asosan u yerga borib, joylashish umidida boʻlgan turmushdagi, bolali juftliklar ijobat qilishgan”, dedi u.

“Ammo ID qulaganidan soʻng, odamlar oʻz ayollari va bolalarini xavf ostiga qoʻymoqchi emas, shuning uchun ular Qozogʻistonda qolishga harakat qilmoqda”, dedi Saduyev.

Shu tariqa radikallarning hozirgi agressiv strategiyasi ehtimoliy qurbonlarni choʻchitishi mumkin, deydi Berikbayev.

“Ular faol jangovar harakatlar haqida gapirib, odamlarni oʻzlaridan uzoqlashtiradilar”, deb taxmin qiladi Berikbayev. “ID butunlay yakson qilingan va halokatli vaziyatda ekanligi sababli, ular shu yoʻldan borishmoqda.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500