Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Xitoy qazilma boyliklarga yoʻl ochish maqsadida Afgʻonistonni qaram davlatga aylantirmoqchi

Hamza

Bagʻlon viloyati, Qora Zagʻon qishlogʻi yaqinidagi togʻ yonbagʻrida joylashgan oltin koni ishchilarini kuzatayotgan afgʻon politsiyachisi, 2013-yil 6-may kuni olingan surat. [Shoh Maray/AFP]

Bagʻlon viloyati, Qora Zagʻon qishlogʻi yaqinidagi togʻ yonbagʻrida joylashgan oltin koni ishchilarini kuzatayotgan afgʻon politsiyachisi, 2013-yil 6-may kuni olingan surat. [Shoh Maray/AFP]

KOBUL – Afgʻonistonni iqtisodiy va siyosiy jihatdan Pekinga qaram qilishga qaratilgan xavfli rejani boshlagan Xitoy mamlakatdagi qazilma boyliklardan foydalanish va uygʻur boʻlginchilarining har qanday ehtimoliy tahdidiga qarshi turishni koʻzlamoqda, deydi tahlilchilar.

AQSH Geologiya xizmatining (USGS) 2021-yil yanvar oyidagi hisobotiga koʻra, Afgʻoniston qazilma boyliklari boksit, mis, temir rudasi, litiy va noyob tuproq elementlarini oʻz ichiga oladi.

Afgʻon zaminida shuningdek, toza energiya sohasida qoʻllaniladigan noyob tuproq elementlari: neodim, prazeodim va disproziy ham bor.

AQSH Geologiya xizmati mamlakatning qazib olinmagan tabiiy boyliklarini 1 trillion dollarga baholagan, biroq Afgʻoniston rasmiylariga koʻra, bu raqam uch barobar koʻproq.

Xitoy kompaniyalari avgust oyida Afgʻonistonning sobiq hukumati qulaganidan soʻng mamlakat togʻ-kon sanoatiga sarmoya kiritish istagini bildirganlar.

“Xitoy Afgʻonistonda xavfli oʻyin boshladi”, deydi Nuristonning sobiq hokimi, hozirda amerikada yashayotgan siyosiy tahlilchi Tamim Nuristoniy.

“Xitoy doim turli yoʻnalishlar, jumladan, kreditlar berish orqali saxovatli yordamlar bilan mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlash siyosatini yuritib kelgan”, dedi Nuristoniy.

“Ular olingan kreditlarni toʻlay olmagach, Xitoy har bir mamlakatning tabiiy va mineral resurslaridan foydalanish maqsadida qarzdor hukumatlarga bosim oʻtkazadi.”

“Biz Afrika va Lotin Amerikasining bir qancha mamlakatlarida Xitoy hukumatining hiyla-nayranglariga guvoh boʻldik”, dedi Nuristoniy.

“Xitoy Afgʻonistonga millionlab dollarlik gumanitar va moliyaviy yordamlar koʻrsatish orqali xuddi shu siyosiy maqsadni koʻzlamoqda. Bu bilan Xitoy Kobul hukumatini oʻzining siyosiy koʻmagiga qaram qilib qoʻyib, shu yoʻl orqali mamlakatimiz konlari va tabiiy resurslarini nazoratiga olmoqchi”, dedi u.

“Xitoy Afgʻonistonda oʻz hukmronligini mustahkamlab, Pokiston, Afgʻoniston, Eron, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq orqali iqtisodiy va siyosiy yoʻlak barpo etishni rejalamoqda”, dedi Nuristoniy.

Mineral resurslar

Avvalgi hukumat qulaganidan bir necha hafta oʻtar-oʻtmas, Xitoy Afgʻonistonga 31 million dollarlik shoshilinchi yordam vaʼda qilgan edi.

Ammo bu vaʼdalar puch boʻlib chiqdi.

Keyinroq Xitoy atigi 1 million dollarlik gumanitar yordam koʻrsatganini eʼlon qilib, Afgʻonistonga 5 million dollarlik oziq-ovqat va tibbiy yordam taqdim etishga vaʼda berdi.

“Afgʻonistonda bir qancha maqsadlarni koʻzlayotgan Xitoy mamlakatdagi qazilma boyliklar va boshqa xomashyodan foydalanmoqchi. Oʻz maqsadlariga erishish uchun Xitoy Afgʻonistonga millionlab dollar yordam vaʼda qilmoqda”, deydi Oʻzbekistonda yashovchi afgʻon siyosatshunosi Ahmad Saidiy.

“Xitoy Afgʻonistonning foydali qazilmalariga ochiqdan-ochiq sarmoya kiritish va ulardan foydalanish, shuningdek, Xitoy tovarlarini Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlarga eksport qilishni osonlashtirish uchun Afgʻonistonda uning resurslariga qaram boʻlib qoladigan ittifoqchi hukumat barpo etishga urinmoqda”, dedi Saidiy.

“Xitoyning Afgʻonistonda Amerika va Hindistonga qarshi hukumat tuzilishini qoʻllab-quvvatlash maqsadi ham bor”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Xitoy butun mintaqada sarmoya va savdo monopoliyasiga intilmoqda”, deydi Turkmanistonda istiqomat qiluvchi afgʻonistonlik iqtisodchi ekspert Said Masʼud.

“U Turkmaniston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻiston bozorlarida maʼlum taʼsirga ega. Okean suvlariga chiqish uchun, Xitoy (Pokistondagi) Gvadar portiga milliardlab dollar sarmoya kiritdi, endi esa Afgʻonistonning mineral resurslari tomon yoʻl ochishga harakat qilmoqda”, dedi u Hind okeani va Arab dengizini nazarda tutib.

“Xitoy Afgʻonistondagi kamyob yer elementlariga koʻz tikmoqda”, deydi kobullik siyosiy tahlilchi Salim Paygir.

“Mamlakatimizda milliardlab dollarlik tabiiy boyliklar mavjud. Xitoy millionlab dollar yordam vaʼda qilib, Afgʻonistonning foydalanilmagan tabiiy boyliklarini qoʻlga kiritish payida”, deydi u.

“Xitoy Afgʻonistonning iqtisodiy ahvolini yaxshilashdan koʻra, oʻzining iqtisodiy manfaatlariga erishishni koʻzlayapti”.

“Xitoy xalqaro qoʻshinlarning Afgʻonistondan olib chiqib ketilganidan Afgʻonistondagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hukmronligini taʼminlash uchun foydalanmoqchi”, deb qoʻshimcha qildi Paygir.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500