Karvonsaroy
Biznes

1 trln dollarlik qazilma boyliklar zaxiralari ustida oʻtirgan Tolibon: kim investitsiya kiritadi?

Karvonsaroy va AFP

Mozori Sharif chekkasida ohak fabrikasida ishlayotgan afgʻonistonlik, 2018-yil, 20-iyun. [Farshod Usyan/AFP]

Mozori Sharif chekkasida ohak fabrikasida ishlayotgan afgʻonistonlik, 2018-yil, 20-iyun. [Farshod Usyan/AFP]

PARIJ – Bugungi kunda Tolibon trillion dollarlik qazilma boyliklar zaxirasining kalitlariga egalik qilmoqda – ularning ayrimlari dunyoning qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtishini taʼminlay olsa-da, guruh bilan biznes yuritishga juda kam davlatlar qiziqish bildirmoqda.

Hokimiyatdan agʻdarilganidan 20 yil oʻtib, yana iqtidorga kelgan Tolibon moliyaviy yordamga muhtoj boʻlib turibdi, zero yirik xalqaro yordam tashkilotlari Afgʻonistonni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatgan.

24-avgustda Jahon banki mamlakatga yordamni toʻxtatgani haqida eʼlon qildi.

Urushlar va qoloq infratuzilma sabab Afgʻoniston uzoq vaqt oʻzidagi ulkan konlarni oʻzlashtira olmagan.

Bagʻlon viloyatining Qora Zagʻon qishlogʻi yaqinidagi korxonada mehnat qilayotgan afgʻonistonlik konchilar, 2013-yilning 6-mayi. [Shoh Maray/AFP]

Bagʻlon viloyatining Qora Zagʻon qishlogʻi yaqinidagi korxonada mehnat qilayotgan afgʻonistonlik konchilar, 2013-yilning 6-mayi. [Shoh Maray/AFP]

AQSH Geologiya xizmatining (USGS) yanvar oyidagi hisobotiga koʻra, mamlakat qazilma boyliklari boksitlar, mis, temir rudasi, litiy va noyob tuproq elementlarini oʻz ichiga oladi.

Yuqori kuchlanish kabellarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan mis bu yil xaridorgir mahsulotga aylanishi natijasida uning bir tonnasi 10 ming dollardan oshgan.

Xalqaro energetika agentligi maʼlumotlariga koʻra, elektromobillar akkumulyatorlari, shamol elektrostantsiyalari va quyosh panellari ishlab chiqarishda muhim element hisoblanuvchi litiyga boʻlgan dunyodagi talab 2040-yilga qadar hozirgidan 40 barobar oshishi kutilmoqda.

“Nodir metallar uchun urush” kitobining muallifi Giyom Pitronga koʻra, Afgʻonistonda shu kungacha qazib olinmagan ulkan litiy zaxiralari mavjud.

Afgʻon zaminida shuningdek, toza energiya sohasida qoʻllaniladigan noyob tuproq elementlari: neodim, prazeodim va disproziy ham bor.

AQSH Geologiya xizmati (USGS) mamlakatning qazib olinmagan tabiiy boyliklarini 1 trillion dollarga baholagan, biroq Afgʻoniston rasmiylariga koʻra, bu raqam uch barobar koʻproq.

Afgʻoniston noyob tuproq elementlarini oʻzlashtirishga qiynalgan boʻlsa-da, zumrad va yoqut kabi qimmatbaho toshlar, shuningdek, yarim qimmatbaho turmalin va lazuritni qazib olishda muvaffaqiyat qozondi, lekin bu biznes Pokistonga noqonuniy kontrabanda tufayli oqsamoqda.

Shuningdek, mamlakatda talk, marmar, koʻmir va temir qazib olinadi.

Xitoy daromadni oʻz printsiplaridan ustun qoʻymoqda

Tolibonning hokimiyat tepasiga kelgani xorijiy investorlarni choʻchitayotgan boʻlsa-da, Xitoy u bilan biznes qilishga tayyor mamlakat boʻlib turibdi.

15-avgust kuni Tolibon Kobulni egallashi ortidan Pekin Afgʻoniston bilan “doʻstona va hamkorlik” aloqalarini oʻrnatishga tayyor ekanligi haqida bayonot berdi.

2007-yilda davlatga qarashli Xitoy metallurgiya guruhi korporatsiyasi (MCC Group) “Mis oynak” konini 30 yilga ijaraga olish va 11,5 million tonna mis xomashyosini qazib olish huquqini qoʻlga kiritgan edi.

Ammo, dunyodagi ikkinchi eng katta mis koni loyihasi “xavfsizlikka oid muammolar tufayli qayta ish boshlamagan”, deb yozadi Xitoyning Global Times davlat nashriga.

Global Times nashrining MCC Group korporatsiyasiga tayanib yozishicha, “vaziyatning barqarorlashuvi hamda xalqaro hamjamiyat, jumladan Xitoy hukumatining Tolibon rejimini tan olishi ortidan idora faoliyati qayta tiklanishi mumkin”.

Xitoy yetakchilari Tolibonlar hukumatni qoʻlga olganidan “xursand boʻlmasa-da, ular printsiplarning pragmatizm yoʻlida turishiga yoʻl qoʻymaydi”, deb yozgan Vashingtondagi Brookings tahliliy markazining katta ilmiy xodimi Rayan Xass oʻz blogida.

“Pekinning Mis Oynak koniga yirik sarmoya kiritishga shoshilmayotgani uning investitsiyalarning qoplanishida sabrli ekanligini anglatadi”, deb yozgan u.

Xitoy “oʻz biznes kelishuvlarida demokratik tamoyillarni shart qilib qoʻymaydi”, deydi frantsuz yozuvchisi Pitron.

Afgʻonistonning Eldoradoga aylanishiga ishonish qiyin, deb ogohlantirdi u.

“Buning uchun juda barqaror siyosiy muhit zarur”, dedi Pitron.

Mineral konlarni oʻzlashtirish va qazilma ishlarini olib borish uchun 20 yil muddat kerak boʻlishi mumkin, deydi u.

“Barqaror siyosiy va qonuniy tizim boʻlmas ekan, hech qanday kompaniya investitsiya kiritishni istamaydi”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500