Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning hujumi sekinlashar ekan, ittifoqchilar Ukrainaga keng koʻlamli harbiy koʻmak vaʼda qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Ukraina harbiylari Lugansk viloyatidagi hujum oldidan Shvetsiya-Britaniyaning tankka qarshi boshqariladigan NLAW raketasini hozirlamoqda, 26-fevral. [Anatoliy Stepanov/AFP]

Ukraina harbiylari Lugansk viloyatidagi hujum oldidan Shvetsiya-Britaniyaning tankka qarshi boshqariladigan NLAW raketasini hozirlamoqda, 26-fevral. [Anatoliy Stepanov/AFP]

KIYEV – Son jihatidan ortiq boʻlgan Ukraina armiyasi Rossiya qoʻshinlarining poytaxt va boshqa yirik shaharlarni qoʻlga olish urinishlariga qarshilik qilar ekan, mamlakat ittifoqchilari Kremlning bosqinchilik urushiga qarshi kurashda yirik harbiy yordam vaʼda qilmoqda.

Ayrim tahlilchilar urushdan oldinoq Kiyevning bir-ikki kun ichida qulashini bashorat qilgan edilar. Rossiya kuchlari oʻtgan payshanba kuni Ukrainaga bostirib kirgan boʻlsa-da, dushanba (28-fevral) holatiga koʻra birorta ham yirik shaharni qoʻlga ololmagan.

Butun dunyodan favqulodda yordam

Rossiyaning kichik qoʻshnisi hududida bostirib kirganidan junbushga kelgan davlatlar Ukrainaga favqulodda yordam koʻrsatishga shoshilmoqda.

Yevropa Ittifoqi (YI) davlatlari Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib beradi, dedi yakshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat boʻyicha rahbari Xosep Borrel. U ittifoqning Kiyevga 450 million yevrolik (503,8 million dollar) qurol-yarogʻ taqdim etishga rozi boʻlganini aytdi.

26-fevral kuni Lugansk viloyatida Ukraina kuchlari tomonidan yoʻq qilingan Rossiya tanki yoʻl chetida tutab yotibdi. [Anatoliy Stepanov/AFP]

26-fevral kuni Lugansk viloyatida Ukraina kuchlari tomonidan yoʻq qilingan Rossiya tanki yoʻl chetida tutab yotibdi. [Anatoliy Stepanov/AFP]

27-fevral kuni internetda eʼlon qilingan videolavhada Ukrainaning Jitomir viloyatida Turkiyada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz samolyot Rossiya harbiy karvonini portlatib yubordi. [Ukraina qurolli kuchlari/Tvitter]

27-fevral kuni internetda eʼlon qilingan videolavhada Ukrainaning Jitomir viloyatida Turkiyada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz samolyot Rossiya harbiy karvonini portlatib yubordi. [Ukraina qurolli kuchlari/Tvitter]

Bu “blok tarixida ilk marta uning hujumga uchragan mamlakatga qurol yuborishi”, deb xabar beradi Axios.

Qoʻshma Shtatlar shanba kuni Kiyevga qoʻshimcha 350 million dollarlik harbiy yordam joʻnatishini maʼlum qildi, bu bilan oxirgi bir yil ichida taqdim etilgan umumiy koʻmak miqdori milliard dollardan oshadi.

“Bu joʻnatma hozirda Ukraina duch kelayotgan zirhli, havodagi va boshqa tahdidlarni bartaraf etish uchun qoʻshimcha halokatli mudofaa yordamini oʻz ichiga oladi”, dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.

Germaniya mojaro hududlariga qurol eksport qilmaslikka oid uzoq yillik taqiqni buzib, shanba kuni Ukrainaga 1000 ta tankka qarshi qurol, 500 ta “Stinger” yer-havo raketasi va toʻqqizta gaubitsa yuborishga vaʼda berdi.

Shuningdek, 14 ta zirhli mashina va 10 ming tonna yoqilgʻi begʻaraz taqdim etiladi.

Shanba kuni snayper vintovkalari va dubulgʻalar joʻnatgan Niderlandiya mudofaa vazirligi “qisqa fursatda 200 ta Stinger raketasi” yuborilishini aytdi.

Kanada Ukrainaga halokatli harbiy qurollar yuboradi va oʻzini himoya qilish uchun Kiyevga 500 million Kanada dollari (394 million dollar) qarz beradi.

Shanba kuni Chexiya “yaqin bir necha soat ichida” 4000 ta minomyot, shuningdek, 30 mingta toʻpponcha, 7000 ta avtomat, 3000 ta pulemyot, koʻplab snayper vintovkalari va bir million dona patron yuborishini aytdi.

Chexlar Kiyevga umumiy qiymati 1,5 million yevrolik (1,7 million dollar) 4000 ta minomyot vaʼda qilgan, ular yetkazib berilishi kutilmoqda.

Shvetsiya Ukrainaga 5000 ta tankka qarshi raketa, shuningdek, quruq oziq-ovqat va zirhli nimchalar yubormoqda.

Bu 1939-yilda Sovet Ittifoqi bosib olgan Finlyandiyaga yordam koʻrsatganidan beri Shvetsiyaning urush holatidagi davlatga ilk marta qurol yuborishidir.

Ukrainada yirik diasporaga ega Gretsiya (ulardan 10 nafari halok boʻlgan) “mudofaa jihozlari” hamda gumanitar yordam yubormoqda.

Portugaliya Ukrainaga tungi koʻrish koʻzoynaklari, oʻq oʻtkazmaydigan nimchalar, dubulgʻalar, granatalar, oʻq-dori va G3 avtomatik vintovkalari beradi.

Ruminiya yaradorlarni 11 harbiy gospitalida davolashni, shuningdek, 3 million yevro (3,4 million dollar) qiymatidagi yoqilgʻi, oʻq oʻtkazmaydigan jiletlar, dubulgʻa va boshqa “harbiy materiallar” yuborish taklifini bildirgan.

2020-yilda Liviya va Suriyadagi rossiyaparast kuchlarini yoʻq qilgan turk dronlari Ukraina harbiy harakatlari uchun juda asqotgan.

Yakshanba kuni Ukraina harbiylari tvitterda Jitomir viloyatida Rossiya harbiy kolonnasini portlatgan dron videosini joylagan.

Turli ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Yevropaning bir qancha davlatlaridan fuqarolar brigadalar tuzib, Rossiya kuchlariga qarshi jang qilish uchun Ukrainaga ketayotgani haqida xabar bermoqda.

Bosqinchilarga qarshi turish

Quruqlikda Rossiya kuchlari oʻzlari kutganidek hujum qila olmagan.

Dushanba kuni Ukraina armiyasi bir necha bor Rossiya kuchlarining tunda Kiyev chekkasiga bostirib kirish urinishlarini qaytargan va poytaxtga uchta raketa zarbasi berilganini aytgan.

Xabarga koʻra, 5300 ta askar oʻldirilgan, 191 tank yoʻq qilingan va natijada Rossiya hujumi “sustlashgan”.

Ukraina qoʻshinlarining soni ancha koʻp boʻlib, janglarga oddiy fuqarolar ham qoʻshilganlar.

Rossiya qurbonlar soni haqida xabar bermagan. Yakshanba kuni armiya aniq raqamlarni koʻrsatmagan holda bir qancha askarlar “halok boʻlgani va jarohatlanganini” tan oldi.

Dushanba kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik askarlarni xizmatdan bosh tortishga chaqirdi.

“Bu yerdan daf boʻlinglar. Qoʻmondonlaringizga quloq solmang. Tashviqotchilarga ishonmang. Oʻz hayotingizni saqlab qoling”, deb aytgan u.

Ukraina rasmiylari tomonidan joylashtirilgan boshqa videolarda qoʻlga olingan rossiyalik askarlar ularning qoʻmondonlari shunchaki “mashqqa” ketayotganlarini aytib yolgʻon gapirganlari haqida soʻzlab berishgan.

Ayrim rossiyalik oilalar ukrainlar tomonidan joylashtirilgan videolarda Ukrainani bosib olishga ketgan oʻgʻillarini asirlar safida koʻrishgan, deb xabar bergan London Guardian nashri yakshanba kuni.

Fuqarolar orasidagi yoʻqotishlar

Urush Ukrainaning tinch fuqarolari uchun jiddiy zarba boʻldi.

Rasmiy Kiyevga koʻra, payshanba kuni bosqin boshlanganidan keyin 352 fuqaro, jumladan 14 ta yosh bola halok boʻlgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) hisobi boʻyicha 102 kishi, ular orasida 7 ta yosh bola oʻlgan.

“Hozirga kelib, Ukrainadan qoʻshni mamlakatlarga 500 ming kishi qochib oʻtgan”, deb xabar bergan BMTning qochqinlar boʻyicha raisi Filippo Grandi oʻzining Tvitter sahifasida.

BMTning qochqinlar boʻyicha oliy komissarligining avvalgi raqamlariga koʻra, 280 mingdan ortiq kishi, umumiy qochqinlarning qariyb yarmi Polshaga ketgan.

85 mingga yaqin kishi Vengriyaga, 36 mingdan ortiq odam Moldovaga, 30 ming Slovakiyaga va yana 300 dan ortigʻi Belarusga oʻtgan, deb xabar bergan UNHCR.

Ukrainani tark etgan koʻpchilik boshqa Yevropa davlatlariga oʻtib olishgan, deb xabar bergan BMT agentligi ularning soni 34600 ta ekanini taʼkidlab.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Gʻarb tahlilchilari chinqirayotgan. Endi butun Yevropa Ittifoqi chinqirmoqda; Oʻylashimcha, bu sogʻliq uchun zarar, bemaʼni ishlar qilib qoʻyish mumkin.

Javob berish

Mustaqillikni asrab avaylashimiz, rossiya boshchiligidagi turli xil tuzilmalarga qoʻshilmaslik kerak

Javob berish

Ruslar “Kiyevni uch kun ichida olamiz” deb baqirgandi, ammo boshqa narsani olib, toʻgʻri ogʻziga solishga majbur boʻldi.

Javob berish