Karvonsaroy
Terrorizm

Rossiya askarlari Ukrainaning madaniy va tarixiy merosini oʻgʻirlamoqda va yoʻq qilmoqda

Aleksey Kostenko

Ukrainaning Sumi viloyati Trostyanets shahridagi meʼmoriy yodgorlik 14-aprelda rossiyaliklar tomonidan oʻqqa tutilganidan keyin olingan surat. [Ukraina madaniyat vaziri Oleksandr Tkachenko/Instagram]

Ukrainaning Sumi viloyati Trostyanets shahridagi meʼmoriy yodgorlik 14-aprelda rossiyaliklar tomonidan oʻqqa tutilganidan keyin olingan surat. [Ukraina madaniyat vaziri Oleksandr Tkachenko/Instagram]

KIYEV – Ukrainadagi Rossiya askarlari Mariupolning aksar qismini oʻz nazoratiga olganidan keyin shahardagi oʻlkashunoslik muzeyni talon-taroj qilganlar, deb xabar bergan rasmiylar oʻtgan oyda.

24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri talonchilik holatlari haqida bir qancha xabarlar olingan boʻlib, rossiyalik askarlar qarmoq ilgaklaridan tortib, traktorlargacha oʻgʻirlashda ayblanganlar.

Endi esa ularning diqqati tarixiy ahamiyatga ega va qimmatbaho buyumlarga qaratilgan.

Mariupoldagi rossiyalik askarlar guruh-guruh boʻlib, bir necha marta mahalliy oʻlkashunoslik muzeylariga bostirib kirishgan, deb xabar beradi shahar meri yordamchisi Petr Andryushchenko.

Ukrainaning Lugansk viloyati Lisichanskdagi oʻrta maktabning avvalgi va keyingi holati koʻrsatilgan surat, 3-may. Maktab 1800-yillar oxirida belgiyaliklar tomonidan barpo etilgan. Rossiya armiyasi 1 may kuni uni oʻqqa tutgan. [Ukraina madaniyat vaziri Oleksandr Tkachenko/Instagram]

Ukrainaning Lugansk viloyati Lisichanskdagi oʻrta maktabning avvalgi va keyingi holati koʻrsatilgan surat, 3-may. Maktab 1800-yillar oxirida belgiyaliklar tomonidan barpo etilgan. Rossiya armiyasi 1 may kuni uni oʻqqa tutgan. [Ukraina madaniyat vaziri Oleksandr Tkachenko/Instagram]

Chernigovdagi Vasil Tarnovskiy uy-muzeyining 11-mart kuni rossiyaliklar tomonidan oʻqqa tutilganidan keyingi holati. Bino 1800-yillar oxirida barpo etilgan. [V. V. Tarnovskiyning Chernigovdagi tarixiy muzeyi rahbari/Facebook]

Chernigovdagi Vasil Tarnovskiy uy-muzeyining 11-mart kuni rossiyaliklar tomonidan oʻqqa tutilganidan keyingi holati. Bino 1800-yillar oxirida barpo etilgan. [V. V. Tarnovskiyning Chernigovdagi tarixiy muzeyi rahbari/Facebook]

“Rossiyalik askarlar birinchi marta muzeyga kirganlarida maxsus medallar kolleksiyasi yoʻqolgan”, deb aytgan u.

Bino ichida turli asrlarga oid 50 mingdan ziyod har xil qiymatga ega buyumlar boʻlgan.

Rossiyalik askarlar muzeyga ikkinchi marta kelishganida eksponatlarning aksari joylashgan, maxsus jihozlar saqlanadigan omborxonaga kirganlar.

“Kecha va bugun rossiyalik askarlar hamda tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi rasmiylari muzey xizmatchilarini izlab topib, ularni muzey arxivlari va omboridagi hamma narsani koʻrsatishga majburlagan”, dedi Andryushchenko 26-aprel kuni.

“Ular qimmatbaho adabiy toʻplamlarni, jumladan bronza toʻqalar, nayza poynaklari kabi skiflar eksponatlarini olib chiqishni boshlashgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Eng qimmat buyumlar yuk mashinasiga ortilib, ishgʻol qilingan Donetsk shahriga olib ketilgan, deb aytgan u.

“Donetskda Rossiyadan kimdir borligini tushunib turibmiz. Avvaliga bu buyumlar saralanadi, keyin esa eksponat sifatida Rossiyadagi koʻrgazmalarga olib ketiladi.”

“Shu tariqa ular bizning madaniy va tarixiy merosimizni oʻgʻirlamoqda”, deb aytgan Andryushchenko.

Xerson muzeyi xavf ostida

Kuzatuvchilarga koʻra, 400 km gʻarbda Rossiya ishgʻol qilgan Xersondagi muzeylar ham xuddi shunday xavf ostida.

Rossiya qurolli kuchlari bir oydan oshibdiki, shaharni ishgʻolda ushlab turibdi.

Shaharda qolgan va oʻz vazifasini davom ettirgan Xerson meri Ixor Kolikayev 25-aprel kuni chiqarib yuborilganini aytgan.

“Kalitlarimizni olib, qoʻriqchilarimizni oʻzlariniki bilan almashtirishdi. Men kech soat 7:45 da ketayotganimda bino uzra Ukraina bayrogʻi hilpirab turgan edi”, deb yozadi Kolikayev oʻzining Facebook sahifasida.

Shahar Ukraina kuchlari nazoratida boʻlganida barcha muzeylar yopiq edi, deydi mahalliy oʻlkashunos va Rossiya ishgʻol qilgan hududga gumanitar yordam olib borgan koʻngillilardan biri Andrey Seletskiy.

Ammo, endi hammasi oʻzgarishi mumkin, deb aytgan u.

“Jang maydonida rossiyaliklar taʼzirini yeganidan keyin, ular tobora noadekvat boʻlib borishmoqda. Xerson muzeylariga shunchaki talonchilik qilish uchun ham kirishlari mumkin”, deb aytgan Seletskiy.

Xerson oʻlkashunoslik muzeyida Ukrainaning eng qimmatli antik davr kollektsiyalaridan biri mavjud boʻlib, u qadimgi Yunoniston shaharlari va mustamlakalariga tegishli eramizdan avvalgi 7-asrga oid arxeologik topilmalarni oʻz ichiga oladi.

“Bu kollektsiya nafaqat ajoyib madaniy boylik va janubning qadimiyligini aks ettirgani, balki Ikkinchi jahon urushidan omon qolgani bilan ham noyobdir”, dedi Seletskiy.

Butun dunyo rassomlarining asarlarini jamlagan Xerson sanʼat muzeyi kolleksiyasi undan-da kattaroq xavf ostida, deb qoʻshimcha qildi u.

“Qadimiy haykal yoki antiqa qabr toshini tashish shunchaki rasmni ramkadan kesib olib ketishdan qiyinroq”, deydi Seletskiy.

Bosqin tufayli sanʼat asarlariga allaqachon shikast yetgan.

Fevral oyi oxirida Kiyev viloyatining Ivankov qishlogʻidagi oʻlkashunoslik muzeyiga kelib tushgan Rossiya raketasi ukrainalik rassom Mariya Primachenkoning rasmlarini yoʻq qilgan.

Oʻshandan beri Ukraina madaniyat va axborot siyosati vazirligi Rossiya askarlari zarar yetkazgan madaniy meros obyektlari hisobini yuritmoqda.

Bu statistika kun sayin ortib bormoqda, deb yozgan Ukraina madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko 23-aprel kuni Telegramdagi kanalida.

“Hozirgi kunga qadar Madaniyat va axborot siyosati vazirligi 242 ta holatni qayd etdi. Madaniy merosimizning yoʻq qilinishi koʻproq Xarkov viloyatiga toʻgʻri keldi: 84 ta, Donetskda 45 ta, Kiyevda 38 ta, Chernigovda 24 ta, Luganskda 17, Sumida 14”, deb yozadi Tkachenko.

Tarixiy binolarning shikastlanishi

Tkachenko tilga olgan zararning aksar qismi mahalliy va milliy ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy binolarga Rossiya snaryadlarining kelib tushishi bilan bogʻliq.

Ming yillik tarixga ega Chernigov shahrida bunday binolar koʻp. 11-12-asrlarda qurilgan eng qadimiy binolar bir joyda jamlangan va uchta muzeyga tutash.

Chernigovning 30 kunlik qamali paytida hech qanday harbiy ahamiyatga ega boʻlmagan qadimiy binolar va muzeylar yaqiniga snaryadlar kelib tushdi, deydi ana shu muzeylardan birining direktori Sergey Layevskiy.

“Spaso-Preobrajenskiy sobori milliy ahamiyatga ega yodgorlik hisoblanadi. Uning fasadi kassetali snaryadlardan shikastlangan. Mahalliy ahamiyatga ega meʼmoriy yodgorliklar, jumladan, Ukraina qadimiy ashyolari uy-muzeyi ham eng koʻp jabr koʻrdi”, dedi Layevskiy Vasil Tarnovskiy Ukraina osori atiqalar uy-muzeyini nazarda tutib.

Tarnovskiy muzeyi 1918 va 1919-yillarda bolsheviklar tomonidan oʻqqa tutilgan, 1941-yilda esa fashistlarning bomba hujumlaridan omon qolgan, deb yozadi Layevskiy 11-mart kuni Facebook sahifasida.

Bu muzey Chernigovning tashrif qogʻozidir, deydi mahalliy oʻlkashunos va gid Volodimir Pilipenko.

“Qiymat va qadrni bir-biridan farqlay olish kerak. Qiymat - bu bino barpo etilgan material, qadr esa bu binolar zamiridagi maʼno va ularning ahamiyati”, deydi u.

Chernigovdagi boshqa binolar ham shikastlanmay qolmagan.

1930-yillar oxirida shaharning markaziy maydonida qurilgan kinoteatr Rossiya raketasi tarafidan deyarli butkul vayron qilingan.

Binoga 1941-yilda ham nemis bombasi kelib tushgan edi.

“Bir tomondan taqdir hazili, biroq boshqa tomondan, biz Chernigovni vayron qilishda natsistlarning izdoshi kim ekanligini aniq tushunib turibmiz”, dedi Layevskiy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ular faqat oʻgʻirlashni bilishadi; eng yomoni, bu asarlarning koʻpi keyinchalik turli shaxsiy kolleksiyalarda yoʻqolib, dom-daraksiz boʻlib ketadi.

Javob berish

Bobolar ham oʻgʻirlashgan!

Javob berish

Bu armiya emas, talonchilar va vahshiylar toʻdasi.

Javob berish

Qachondir boshqacha boʻlganmi? Hamma, har yerda va har doim talon-taroj qilgan :(
Turli oilalarning avlodlari gʻurur bilan saqlaydigan juda koʻp “urush oʻljalari” bor. Ular nafaqat talon-taroj qiladilar, balki uni toʻgʻri saqlay olmaydilar va insoniyat koʻplab qimmatli madaniy yodgorliklardan mahrum boʻladi.

Javob berish