Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi ortidan Oʻzbekistonda oziq-ovqat narxlari oshmoqda

Rustam Temirov

Fargʻona viloyatida gʻalla hosilini yigʻib olayotgan dehqonlar, 15-iyun. [Timur Yoʻldoshev]

Fargʻona viloyatida gʻalla hosilini yigʻib olayotgan dehqonlar, 15-iyun. [Timur Yoʻldoshev]

TOSHKENT – Rossiyaning Ukrainaga asossiz bosqini toʻrtinchi oy davom etar ekan, iyun oyi boshidan beri Oʻzbekistonda non, un va shakar narxlari oshgan.

Oʻzbekiston urushdan olisda boʻlsa-da, Rossiya xatti-harakatlarining oqibatlaridan chetda qololmadi.

Rossiya harbiy dengiz kuchlarining Ukrainadagi Qora dengiz portlarini qamal qilishi oqibatida bugʻdoy va makkajoʻxori eksporti boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadigan mamlakatdan bu mahsulotlarning chiqishi toʻxtagan, bu esa daromadi past davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi va ocharchilik xavotirini keltirib chiqargan.

Ukraina hukumatiga koʻra, jami 20-25 million tonna mahsulot ushlab turilgan boʻlib, ular tez orada joʻnatilmasa, chiriy boshlashi mumkin.

Qarshi koʻchalaridagi kulcha non sotuvchilari, 10-iyun. [Gulchehra Hamidova]

Qarshi koʻchalaridagi kulcha non sotuvchilari, 10-iyun. [Gulchehra Hamidova]

Birlashgan Millatlar Tashkiloti asosan bugʻdoyning yarmidan koʻpini Ukraina yoki yana bir yirik ishlab chiqaruvchi – Rossiyadan import qiladigan Afrika mamlakatlarida “ochlik boʻroni” haqida ogohlantirgan.

Oʻz navbatida Oʻzbekistonda ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshib, shakar taqchilligi kuzatilmoqda.

Ukrainadagi urush tufayli yashash qimmatlashib ketdi, deydi Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi 46 yoshli Zafar Toʻlayev.

“Un, sariyogʻ va shakar narxi sezilarli darajada oshdi. Tandirda non pishirish uchun unni doim qoplab sotib olamiz”, deydi yetti kishilik oila boshligʻi Toʻlayev.

“Ukrainadagi urushga qadar bir qop (50 kg) un 250 ming soʻm (22,60 dollar) turgan boʻlsa, hozir 400 ming soʻmdan (36,20 dollar) sotib olyapmiz”, dedi u.

Bozorda avvallari 3 ming soʻm (0,27 dollar) boʻlgan yopgan nonning bir donasi endi 4-5 ming soʻmdan (0,36-0,45 dollar) sotilmoqda.

Mamlakatda eng kam oylik 920 ming soʻmni (83,3 dollar) tashkil etadi.

Shakar taqchilligi mamlakatdagi oziq-ovqat doʻkonlari va bozorlarda sarosima keltirib chiqargan.

Termizlik 39 yashar Gʻulom Aliqulovning aytishicha, urush boshlanganidan beri shakar narxi ikki baravar oshgan.

Bir kilogrammi 11 ming soʻm (1 dollar) turgan shakar endi doʻkonlarda 22 ming soʻmdan (2 AQSH dollari) sotilmoqda. Uning narxi bozorda 17 ming soʻmgacha (1,54 AQSH dollari) boʻlsa-da, kishi boshiga 2 kilogrammdan ortiq berilmaydi.

“Ammo 40 daraja issiqda bozorda navbatda turish – azob. Avvalgi tinch hayot va barqaror narxlar qaytsa yaxshi boʻlardi”, deydi Aliqulov.

Import xarajatlari oshmoqda

Rossiya bosqini va savdo qamalining taʼsiri Oʻzbekiston import qiladigan oziq-ovqat narxlarining oshishida oʻz aksini topmoqda.

2022-yilning dastlabki toʻrt oyida oziq-ovqat importi qiymati 48,9 foizga yoki 370,2 million dollarga oʻsdi. Oʻzbekiston hukumatiga koʻra, mamlakat oziq-ovqat importi uchun jami 1,12 milliard dollar sarflagan.

2021-yilning dastlabki toʻrt oyida bu raqam 756,4 million dollarni tashkil etdi. Xaridlarning asosiy qismi bugʻdoy, shakar xomashyosi, margarin va vodorodlangan yogʻlar, goʻsht va kartoshkadan iborat boʻlgan.

Rossiya 283 million dollardan ortiq oziq-ovqat yetkazib bergan boʻlsa, Belarus va Ukrainaning ulushi tegishli ravishda taxminan 49 million va 12 million dollarni tashkil etdi.

Oʻzbekiston rasmiylari jamoatchilikni oziq-ovqat yetarli ekaniga ishontirmoqda.

30-may kuni Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekistonda joriy yilning avgustigacha yetadigan gʻalla zaxirasi borligini maʼlum qildi.

“Iyun oyida dalalarimizdan 7 million tonnadan ortiq gʻalla yigʻishtirib olamiz. Bu yilgi hosil oʻtgan yilgiga nisbatan 1 million tonnadan koʻproq boʻlishi kutilmoqda”, degan edi oʻshanda vazirlik vakili Abdulla Mansurov Podrobno.uz nashriga.

“Shundan 5,5 million tonna gʻalla aholi isteʼmoli va boshqa ehtiyojlar uchun yetarli boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiya muammolari

Oʻzbekiston narxlarning keskin oshishiga qisqa muddat bardosh bera olsa-da, Rossiya bosqinining uzoq muddatli oqibatlarini taxmin qilish mushkul, deydi iqtisodchilar.

“Rossiya iqtisodiyoti tanazzulga uchramoqda. 2022-yil oxirigacha YIMning 30 foizga tushishini prognoz qilmoqdamiz”, deb yozgan Xalqaro moliya instituti bosh iqtisodchisi Robin Bruks may oyida Tvitterda.

Rossiya iqtisodiyoti vayron boʻlishi mumkin va bu Yevroosiyodagi barcha iqtisodlar uchun xavflidir”, deydi toshkentlik moliyaviy tahlilchi Abdulla Abduqodirov.

Rossiya oʻzining 1990-yillardagi iqtisodiy koʻrsatkichlariga qaytmoqda, deb ogohlantirdi u. “Keksa avlod oʻshanda Rossiyada nimalar boʻlganini juda yaxshi eslaydi. Davlatchilik koʻz oʻngimizda parchalanib ketgan edi”.

Shvetsiyada yashovchi oʻzbekistonlik siyosatchi Poʻlat Oxunov Ukrainadagi urush bilan bogʻliq boshqa qiyinchiliklarga ham toʻxtalib oʻtgan.

Avvallari Oʻzbekistonga yoʻnalgan barcha asosiy transport yoʻlaklari Rossiya orqali oʻtar edi, ammo endi sanktsiyalar tufayli Rossiya hududi orqali yetkazib berish toʻxtatildi yoki qiyinlashdi, dedi u.

“Yil ogʻir oʻtadi. Oziq-ovqat bilan bogʻliq katta muammolar yuzaga keladi. Narxlar koʻtariladi. Rossiya urushni davom ettiradigan boʻlsa, Afrika va Yaqin Sharqqa oziq-ovqat inqirozi tahdid solishi mumkin”, dedi Oxunov Karvonsaroyga.

“Bizda ham muammolar boʻladi, ammo ocharchilik boʻlmaydi. Narxlar oʻsishda davom etadi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Oʻzbekiston oziq-ovqat yetkazib berishning yangi yoʻllarini va yangi hamkorlarni izlashi kerak, dedi u.

Oʻzbekiston hukumati nihoyat Rossiyaga “bogʻliqlikdan” voz kechib, transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishni boshlashi kerak; aks holda Rossiyadagi kichik muammolar Oʻzbekistonda ham muammolar paydo qiladi, deydi Oxunov.

“Oʻylashimcha, yaqin 2-3 yil ichida Oʻzbekiston oʻz oziq-ovqat xavfsizligi haqida oʻzi qaygʻurishi kerak”, deydi oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha toshkentlik tahlilchi Oybek Kimsanboyev.

Rossiya va Ukraina, shuningdek, qisman Qozogʻiston va Belarus ham Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, gʻalla, boshqa ekinlar va oʻgʻitlarning asosiy eksportchilari boʻlib, oziq-ovqat importining qariyb 40-45 foizi shu mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi, dedi u.

Eng avvalo Oʻzbekiston ekinlarning genetik seleksiyasi va urugʻlarni, ayniqsa genetik modifikatsiya qilingan ekinlarni yetishtirishga alohida eʼtibor qaratishi kerak, deydi u.

“Bu aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash nuqtayi nazaridan milliy xavfsizlikning juda muhim sohasidir.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500