Karvonsaroy

Tolibon delegatsiyasi Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga keldi

AFP

TOSHKENT – Tolibon harakati delegatsiyasi o‘tgan haftada Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

7-10-avgust kunlari Toshkentda “Tolibon” harakatining Qatarda joylashgan siyosiy idorasi rahbari Sher Muhammad Abbas Stanikzay O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi, deyiladi vazirlik xabarida.

TIV bayonotiga ko‘ra, tomonlar “Afg‘onistondagi tinchlik jarayonining istiqbollari”ni muhokama qilganlar.

Uchrashuv ishtirokchilari tinchlik jarayoni hamda “temiryo‘l va elektr uzatish liniyalar xavfsizligi kabi istiqboldagi milliy loyihalarni” muhokama qildilar, deyiladi Tolibon harakati bayonotida.

Muzokaralar mart oyi oxirida Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga qilgan safari ortidan o‘tkazilgan.

Ushbu tashrif Kobul tomonidan qisman olqishlangan. Ayni paytda bu yerda qariyb 17 yillik urushga barham berish maqsadida jangarilarga qarshi bosim kuchayib bormoqda.

Afg‘oniston hukumatidan ko‘ra, AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish talabida turgan Tolibonlar boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan ham mustaqil aloqalar o‘rnatishga harakat qilganlar.

“Bunday uchrashuvlar haqiqiy muzokaralar boshlanmaguncha davom ettiriladi”, dedi Afg‘oniston Oliy tinchlik kengashining matbuot kotibi Ehson Tohir AFPga.

Shu oy oxirida Iyd ul-Adho munosabati bilan hukumat tomonidan otashkesim e’lon qilinishi kutilmoqda.

Iyun oyida erishilgan misli ko‘rilmagan sulh kelishuvi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va Tolibon harakati o‘rtasidagi jangovar harakatlarning vaqtincha to‘xtatilishiga olib kelgan va zo‘ravonliklardan charchagan afg‘onlar yengil tin olgan edilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500