O‘zining 70 yilligini nishonlayotgan NATO Putin “imperializmining g‘arazli orzulariga” hozirlik koʻrmoqda

Karvonsaroy va AFP

VASHINGTON, KO – Payshanba (4-aprel) kuni NATOga a’zo davlatlar Rossiyaning zo‘ravonligiga qarshi kurashda ittifoqning yangi choralarini ifodalovchi qo‘shma bayonotni qabul qildilar.

Vashingtonda o‘tgan ikki kunlik muzokaralarni yakunlar ekan, 29 davlatdan iborat ittifoq “yanada zo‘ravon Rossiya” ishtirokidagi “kutilmagan va mushkul xavfsizlik vaziyatiga” duch kelganini ta’kidlagan.

“Vladimir Putin imperializmning g‘arazli orzularini ko‘ngliga tugib qo‘ygan. Uning Gruziya va Ukrainadagi bosqinchiligi, Suriya siyosatiga aralashishi va endilikda Venesuelada xatti-harakatlari shundan dalolat bermoqda. U bizning ittifoqimizni parchalamoqchi va demokratik qatʼiyatimizga putur yetkazmoqchi”, dedi AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo payshanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan NATO uchrashuvida.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, ittifoq yangi kuzatuv choralari hamda NATOga intilayotgan va Rossiya qo‘llovidagi ayirmachi kuchlar bilan yuzma-yuz kelayotgan Ukraina va Gruziyani qo‘llab-quvvatlash uchun Qora dengizda harbiy o‘quv mashqlari oʻtkazishni tasdiqlagan.

“Biz Qora dengiz mintaqasida oʻz sa’y-harakatlarimizni faollashtirmoqdamiz”, deb aytgan u jurnalistlarga.

Jurnalistning “NATO Ukraina va Gruziyaga a’zolikni taqdim etishni rejalashtirayotgani bilan Rossiyani g‘azablantirmayaptimi?”, degan savoliga Stoltenberg “qudratli davlatlar” boshqalarga shart qo‘ya olmaydi, deb javob bergan.

“Buni Rossiyaga qarshi provokatsiya deb tan oladigan boʻlsangiz, unda Rossiyaning qo‘shnilari nima qilish mumkinligini hal etishga haqqi borligini ham tasdiqlashingiz kerak”, dedi u.

Kreml zo‘ravonligining potensial nishonlari boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari anchadan beri uning Ukraina va Gruziyaga qarshi olib borayotgan siyosatini sergaklik bilan kuzatib bormoqdalar.

Rossiyaning noqonuniy xatti-harakatlari va Qrimni Ukrainadan tortib olinganining 18-mart kuni Qora dengiz yarimoroliga tashrif bilan Putin tarafidan nishonlangani mintaqa e’tiboridan chetda qolmadi.

Rossiyaning aralashuvi haqidagi xavotirlar Markaziy Osiyoda, ayniqsa Qozog‘istonda kuchayib bormoqda.

Qozog‘iston shimolida asosan etnik ruslar istiqomat qilgani sabab, mamlakat rahbariyati etnik qozoqlarni janubdan shimolga ixtiyoriy ravishda ko‘chirish chorasini qabul qilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

4
3
Yo‘q
Fikrlar 3
Siyosat Captcha
Comment bubble | 2019-04-07

Biz NATO tarafdorimiz.

Javob berish
Comment bubble reply | 2019-04-07

NATOinglar bilan bir joyga kirib ketasanlar

Javob berish
Comment bubble reply | 2019-04-08

Bu joy Rossiya tomonidan olingan

Javob berish