Toʻqayev iyun oyida navbatdan tashqari saylovlar oʻtkazilishini eʼlon qildi

Karvonsaroy va AFP

NUR-SULTON – Seshanba (9-aprel) kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart Toʻqayev iyun oyida navbatdan tashqari saylovlar oʻtkazilishini eʼlon qildi. Uzoq muddat iqtidorda boʻlgan prezident kutilmaganda isteʼfo berganidan soʻng mamlakat yangi yetakchiga muhtoj, deb xabar beradi AFP.

Mustaqil Qozogʻistonning yagona rahbari boʻlgan Nursulton Nazarboyev oʻtgan oyda kutilmaganda oʻz lavozimini tark etishi haqida eʼlon qilgan edi. U qariyb oʻttiz yil davomida mamlakatni boshqardi.

Isteʼfosidan keyin ham Nazarboyev muhim vakolatlarini saqlab qolgan. U Toʻqayevni prezidentlik muddati tugaguniga qadar oʻz oʻrinbosari deb aytgan. Bu muddat kelasi yil tugashi kerak edi.

Seshanba kuni Toʻqayev 9-iyunda prezidentlik saylovlari oʻtkazilishini eʼlon qilgan.

Televideniye orqali xalqqa murojaatida Toʻqayev muhim qarorga kelish oldidan elboshi boʻlmish Nazarboyev va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan maslahatlashganini aytgan.

“Biz elboshining ijtimoiy dasturlari va strategiyasini muvaffaqqiyatli va samarali amalga oshirish ustida ishlashni davom etishimiz zarur”, deb aytgan Toʻqayev Nur.kz xabariga koʻra.

“Vaqtinchalik davlat rahbari vazifasini oʻtovchi shaxs sifatida men saylovlar ochiq, oshkora va shaffof oʻtishini kafolatlayman.”

Toʻqayev saylovda ishtirok etish-etmasligini aytmagan, ammo koʻpchilik tahlilchilar uning Nazarboyev oʻrniga kamida qisqa muddatga saylanishini aytib oʻtganlar.

Nazarboyevning 55 yashar qizi Darigʻa Nazarboyeva otasidan keyin prezident lavozimiga tayinlanishi haqida aytilgan boʻlsa-da, seshanba kuni uning iyun oyida boʻladigan saylovlarda ishtirok etmasligi haqida xabar berildi.

“Yoʻq, Nazarboyeva saylovda ishtirok etishni rejalashtirmayapti”, dedi uning vakili Saule Mustafayeva Tengrinews xususiy nashriga.

78 yashar Nazarboyev “Millat yetakchisi” deb nomlangan konstitutsiyaviy maqomga ega. U davlat boshqaruvidagi “Nur Otan” partiyasi raisi va davlat xavfsizlik kengashining umrbod raisidir.

“Biz qozoq xalqi irodasini hurmat qiluvchi ishonchli va keng qamrovli prezident saylovlari oʻtkazilishini sabrsizlik bilan kutamiz”, deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.

Saylovlarda kim gʻolib boʻlishidan qatʼi nazar, Qozogʻistonning yangi rahbari koʻplab qiyinchiliklarga, jumladan, Rossiyaning aralashuvi bilan bogʻliq xavotirlarga duch keladi.

Qozogʻiston shimolida asosan etnik ruslar istiqomat qilgani sabab, mamlakat rahbariyati etnik qozoqlarni janubdan shimolga ixtiyoriy ravishda koʻchirish chorasini qabul qilgan. Bu chora Kremlning mamlakatda etnik nizolar keltirib chiqarishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgani aytiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

2
1
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat Captcha
| 2019-04-19

Nazarboyev toʻgʻri qadam qoʻydi. Karimovga oʻxshab oʻlgunicha boʻlganida uning avlodlarini taqdiri xavotir ostida qolar edi. Ammo Qozoq yetakchisi ancha aqlli inson ekan. Endi navbat Tojiklarga keldi.

Javob berish