2017-12-04 | Din

Tahlilchilar: Qirgʻizistonda islom dini kengayishda davom etar ekan, dindorlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash talab etiladi

Asker Sultanov

Qoniqarsiz diniy ta’lim radikal tashkilotlar uchun unumdor zamin hozirlamoqda, deya ogohlantirmoqda ulamolar va tahlilchilar.

Musulmonlar juma namozini ado etishmoqda, Bishkek shahri, oktabr oyi. Masjid barcha namozxonlarni sigʻdirolmadi. [Asker Sultanov]

BISHKEK -- Diniy ulamolar va tahlilchilarning soʻzlariga qaraganda, islom dinini chuqur anglash qirgʻiz fuqarolarining radikallashuvining oldini olishda muhim oʻrin tutadi.

Asosiy muammo Qirgʻizistonda koʻp kuzatiladigan holat, ya'ni diniy ta'limning past darajada ekanligidadir, dedi Diniy masalalar boʻyicha davlat qoʻmitasining (GKDR) sobiq rais oʻrinbosari va Bishkek shahridagi Islom tadqiqotlari instituti eksperti Qanatbek Murzahalilov.

Qirgʻiziston 74 yillik Sovetlar tizimidagi majburiy ateizmdan soʻng (1917-1991), bu masalada islomiy e’tiqod tarixi buzilmagan mamlakatlarga qaraganda orqada qolib ketdi.

Radikal tashkilotlar ushbu savodsizlikdan oʻzlarining buzgʻunchi maqsadlarini olgʻa surishda foydalanishmoqda, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Islom bilan... shunchaki turli xil darslarga qatnash orqali yuzaki darajada tanish boʻlgan shaxslar radikallashuvga koʻproq moyil boʻladilar”, dedi u. “Islom haqida chuqurroq bilimga ega boʻlgan qirgʻizlar zararli radikal ta'sirlarga bardoshli boʻladilar, sababi ular islomni chuqurroq oʻrganganlar”.

“Madrasa bitiruvchilari .... yoki Qirgʻizistondagi 90 dan ortiq turli xil diniy ta'lim muassasalarini bitirganlar islomni chuqurroq oʻrganganlar toifasiga kiradi”, dedi Murzahalilov.

Ammo, mamlakatimizda “oʻzini musulmon sanab lekin islom dini talablarini bajarmaydigan insonlar toifasi ham mavjud”, deya qoʻshimcha qildi u.

Islomni yaxshi tushunuvchi dindorlar miqdori uni yuzaki darajada biluvchilar bilan solishtirganda ozchilikni tashkil qiladi.

“Islom dinini chala-chulpa oʻrganganlar shariat qonunlari yoki hadislarni chuqur bilmaydilar va shu sababli masjidga qatnab besh vaqt namoz oʻqishlariga qaramasdan radikallashuvga oson berilib ketadilar”, dedi u.

Musulmonlar soni va xilma-xilligi ortmoqda

Ichki ishlar vazirligiga koʻra mamlakatda 2600 ta masjid bor, ularning 68%i mamlakatning asosiy qismi qishloqlardan iborat va dindorlar soni koʻproq boʻlgan janubda joylashgan.

Bishkekda joylashgan Markaziy Osiyodagi Amerika Universitetida 15-noyabr kuni qilgan chiqishida, amerikalik tadqiqotchi, “Qirgʻizistonda islom” nomli kitob muallifi David Montgomeri - “Islom arkonlarini ado qilishda xilma-xillik paydo boʻldi va Qirgʻizistonda koʻpgina musulmonlar harakatlari vujudga keldi”, deya soʻzladi.

“Ayrim insonlar islomning barcha amallarini bajaradilar, besh vaqt namoz oʻqiydilar, boshqalari esa ayrim amallarni bajarish bilan cheklanishadi”, dedi Montgomeri.

Bishkeklik 30 yoshli Sulton Muratov poytaxtda musulmon dindorlar soni ortib borayotganini ta’kidladi. Unga koʻra, ularning miqdori shunchalik koʻpayganki, juma namozlarida shaharning Markaziy masjidi odamlar bilan toʻlib, joy yetmaganidan odamlar koʻchada namoz oʻqimoqdalar.

“Men oʻzimni musulmon deb bilaman. Gohida masjidga boraman... ammo umuman dindor emasman, men spirtli ichimliklar ichaman va sigaret chekaman”, dedi u.

“Dindor musulmonlar sonining sezilarli darajada oʻsgani quvonarli holat, tobora koʻpchilik yoshlar toʻgʻri yoʻlga oyoq qoʻymoqdalar”, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda Bishkekda yashovchi tadbirkor, 10 yildan beri islom diniga qat’iy amal qiluvchi Tariel Malashev.

“Ammo, biz ularni toʻgʻri ta’lim berish orqali ekstremistik gʻoyalardan himoya qilishimiz kerak”, dedi Malashev.

“Islom davlati” (ISHID) va boshqa “jihodchi guruhlar islomni namoyon qilmaydilar”, dedi u. “Ular hatto toʻgʻri namoz oʻqishni bilmaydilar, islomning asosiy arkonlarini ham anglamaydilar”.

Ekstremistik tajovuzga qarshi kurashish

Ekstremistik tashkilotlar tomonidan tinimsiz tajovuzga qaramasdan, davlat radikallashuv va terrorchilikka qarshi samarali kurash olib bormoqda, dedi Murzahalilov.

“Oktabr oyidaQirgʻizistonda oʻtgan prezident saylovlari radikal harakatlar saylov jarayoniga aralashmaganini namoyish qildi”, dedu u.

Taqiqlangan Hizbut-Tahrir guruhi odatda prezident va parlament saylovlarida qatnashar va ayrim nomzodlarni qoʻllab-quvvatlar edi, dedi u.

“Oktabr oyida oʻtgan saylovda esa bu holatlarning hech qaysi biri kuzatilmadi va bu hukumat tomonidan diniy ulamolar bilan birga ogohlikka chaqirish va profilaktika ishlari oʻz samarasini berayotganidan darak beradi”, dedi u.

Ammo, yana koʻp ishlar qilinishi lozim, deya fikrida davom etdi u. Qonunni muhofaza qiluvchi organlar oʻz e’tiborlarini ekstremistik qarashlar kengroq tarqalgan jugʻrofiy mintaqalarga qaratmoqlari lozim.

“Biz O‘sh viloyatidagi Qorasuv, Aravan, Nokat va Qadamjoy tumanlarida, Jalolobod va Issiqkoʻl viloyatlari, O‘sh va Bishkek shaharlarida tizimli profilaktika ishlarini olib borishimiz lozim”, dedi u.

“Yuqoridagi ishlarni amalga oshirishda ekstremizm yoyilgan nuqtalarni koʻrsatuvchi interfaol xaritadan foydalanish muhim”, dedi u. “Bu ishda imomlar bajaradigan vazifa juda muhimdir”.

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 4

Fikrlar

* Majburiy
Captcha
Asosiy maqola
2017-11-24 | Xavfsizlik

Suriya va Iroqdan qaytayotgan Qozog‘istonliklarni qiyinchiliklar kutmoqda

“Islom Davlati” mag‘lubiyat arafasida turgan bir paytda, guruhga a’zo bo‘lgan Qozog‘istonliklar o‘z uylariga qaytadigan ko‘rinadi, ularni vatanlarida aksil-terror choralar kutmoqda.

So‘rovnoma

Yaqin Sharq va undan tashqaridagi islomiy isyonlarning Markaziy Osiyoda qo‘llab-quvvatlanishi sustlashmoqda.

Natijalarni ko‘rish