Axborot byulletenimizga obuna bo‘ling
Twitter
Facebook
Youtube
Rss
M.logo uz latn

2018-07-19 | Diplomatiya

Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari Qirg‘izistonda uchrashuv o‘tkazmoqchi


Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, 6-iyul, Ostona. (Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi)

Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, 6-iyul, Ostona. (Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi)

Arman Kaliyev

BISHKEK – Markaziy Osiyoning besh mamlakati tashqi ishlar vazirlari mintaqaviy va xalqaro masalalar hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun juma-yakshanba (20-22-iyul) kunlari Qirg‘izistonda yig‘ilishni rejalashtirmoqdalar.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning oliy darajali davlat mulozimlari Issiqko‘l viloyatining Cho‘lpon ota shahrida uchrashadilar, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 16-iyul kungi bayonotida.

Ular 15-mart kuni Ostonada o‘tgan Markaziy Osiyo rahbarlarining uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda bugungi kunning dolzarb voqealarini muhokama qiladilar.

O‘shanda yopiq eshirlar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuv mintaqaviy muammolar, jumladan, chegara masalalari, savdo, suv va sayyohlik muammolarini hal qilishga qaratilgan edi. Ammo erishilgan kelishuvlar haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari 6-iyul kuni Ostona Qozog‘iston poytaxti deb e’lon qilinganining 20 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ham uchrashgan edilar.

Vazirlar Ostonadagi yangi arxitektura ob’yektlari, xalqaro ixtisoslashgan EXPO ko‘rgazmasi hududiga, Ostona xalqaro moliya markaziga tashrif buyurdilar.

Munosabatlardagi chinakam o‘zgarishlar

Kuzatuvchilarga ko‘ra, har bir rasmiy uchrashuvdan so‘ng, Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘lida yana bir qadam oldinga siljimoqdalar.

“Biz davlatlararo munosabatlarda haqiqiy yutuqlarni ko‘rmoqdamiz”, dedi olmaotalik siyosatshunos Talgat Ismagambetov Karvonsaroy nashriga. “Misol uchun, O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan transport aloqasini yo‘lga qo‘ydi – endi bu davlatlar o‘rtasida avtobus va poyezd qatnovlari mavjud.”

“Toshkent va Dushanbe o‘rtasida viza olish jarayoni yengillashtirildi, mamlakat ichida vizasiz bo‘lish muddati 30 kungacha uzaytirildi”, dedi u. “O‘zbekiston chegaralari ochilishi bilan davlatlararo savdo yanada faollashdi.”

“Hamkorlikni chuqurlashtirish tendensiyasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda”, dedi Ismagambetov. U shartnomalarni amalga oshirish – eng muhim masala ekanligini ta’kidladi.

Hamkorlik imkoniyatlari

Cho‘lpon Otada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari 2019-yil uchun o‘z strategiyalarini ko‘rib chiqadilar va muvofiqlashtiradilar, dedi bishkeklik xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassis Edil Osmonbetov.

Kelasi yil mintaqa uchun muhim yil bo‘ladi, dedi u Karvonsaroy nashriga. Qirg‘iziston Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga rahbarlik qiladi, ayni damda raislik Tojikistonga tegishli. Shu bilan birga, Qozog‘iston BMT Xavfsizlik kengashida o‘zining ikki yillik muddatini yakunlaydi.

“Bu Markaziy Osiyo mamlakatlariga geosiyosiy sub’yekt bo‘lish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir”, dedi u.

Markaziy Osiyo tashqi kuchlarning ta’sirisiz o‘zgarmoqda va kelajakda mustaqil geosiyosiy mintaqaga aylanishi mumkin, deb qo‘shimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 6

Fikrlar 0

Captcha