http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/04/11/feature-01
| Iqtisodiyot

Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishda Afgʻonistonga oʻz yordamini taklif etmoqda

Maksim Yeniseyev

Namangan viloyatidagi toʻqimachilik korxonasi, fevral oyida olingan surat. (Oʻztoʻqimachiliksanoat)

TOSHKENT – Bir yilda 80 ming tonna paxta terib oladigan mamlakat uchun Afgʻonistonning tekstil ishlab chiqarish sektori yetarlicha rivojlanmagan, deydi tahlilchilar. Qoʻshni davlat bu borada yordam qoʻlini choʻzish niyatida.

Gazlama va toʻqimachilik mahsulotlari bilan dunyoga tanilgan Oʻzbekiston Afgʻonistonga tekstil sanoatini rivojlantirishga yordam berishni maqsad qilgan. Afgʻoniston yengil sanoati uzoq yillar davomida Tolibonlar va boshqa ekstremistik kuchlar bilan yuz bergan nizo va zoʻravonliklar sababli inqirozga uchragan edi.

Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati uyushmasi – “Oʻztoʻqimachiliksanoat” delegatsiyasi 31-mart kuni Kobulga tashrifi davomida afgʻonistonlik hamkorlar bilan hamkorlikka oid bitim imzoladilar. Bu haqda uyushma saytida xabar berilgan.

Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlari savdosi uyushmasi – “Oʻztoʻqimachiliksanoat” vakillari 31-mart kuni Kobulda afgʻonistonlik sheriklar bilan hamkorlik memorandumini imzoladilar. (Oʻztoʻqimachiliksanoat)

Oʻzbek va afgʻon delegatsiyalari 31-mart kuni Kobulda afgʻon toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. (Oʻztoʻqimachiliksanoat)

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston oʻz tekstil sanoatini isloh qildi, xomashyo eksportchisidan tayyor mahsulot eksportchisiga aylandi. Yangi ish oʻrinlarini yaratish bilan birga, yuqori texnologik toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish mamlakat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridandir.

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, 2015-yildan to 2018-yilgacha Oʻzbekistonning yillik paxta xomashyosi eksporti 500 ming tonnadan 115 tonnagacha tushgan. Oʻzbek korxonalari eksport qilinmagan paxtadan toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarganlar.

Tajriba almashinuvi va texnik yordam

Oʻzbekiston toʻqimachilik sohasida Afgʻoniston bilan boʻlisha oladigan juda boy tajribaga ega, dedi Toshkentda joylashgan korxonaning toʻqimachilik boʻyicha texnologi Azamat Muzaffarov Karvonsaroy nashriga.

“Afgʻoniston Oʻzbekiston bilan toʻqimachilik sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor boʻlishi shubhasiz”, dedi Muzaffarov. “Mamlakatimiz toʻqimachilik sohasida ilgʻor texnologiyalardan foydalanadi, rahbariyat mamlakatning Bangladesh va Pokiston bilan raqobatlasha oladigan mintaqa yetakchisiga aylantirishni maqsad qilgan.”

Mart oyi boshida “Oʻztoʻqimachiliksanoat” xodimlari tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida Afgʻonistonga tashrif buyurib, mamlakatning toʻqimachilik sanoati bilan tanishdilar, deb xabar berilgan “Oʻztoʻqimachiliksanoat” sahifasida.

Oʻzbekistonlik mutaxassislar Afgʻoniston paxta tozalash zavodlari va toʻqimachilik fabrikalariga tashrif buyurishdi.

31-mart kuni Kobulda Oʻzbekiston delegatsiyasi afgʻonistonlik rasmiylar bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Tomonlar Oʻzbekistonning Afgʻonistonga maslahat va texnik yordam koʻrsatishiga kelishib oldilar.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” bayonotiga koʻra, Oʻzbekiston afgʻon kompaniyalari uchun boshqa chora-tadbirlar bilan bir qatorda biznes rejalar ishlab chiqish, afgʻonistonlik mutaxassislar uchun Oʻzbekiston universitetlarida oʻquv kurslari tashkillashtirishga kelishib olgan.

Oʻzbekiston bir joyning oʻzida paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotga oʻtuvchi vertikal ishlab chiqarish klaster tizimini “jadallik bilan rivojlantirmoqda”, dedi Muzaffarov.

“Bu yetkazib berishda mablagʻ tejash imkoniyatini beradi, oʻz navbatida tayyor mahsulot narxi va global bozorda raqobatbardoshlikka taʼsir qiladi. Bu tajriba Afgʻonistonda ham yoʻlga qoʻyilishi zarur”, dedi Muzaffarov.

Savdo va biznes hamkorlikni kuchaytirish

Oʻzbekiston Afgʻonistonga ikki davlat oʻrtasida avval erishilgan hamkorlik kelishuvlariga muvofiq yordam koʻrsatmoqda, deb xabar beradi “Oʻztoʻqimachiliksanoat”.

Afgʻon va oʻzbek rasmiylari 2017-yil yanvar oyida Kobulda ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy “yoʻl xaritasini” imzolagan edilar.

Tomonlar yillik savdo hajmini 1,5 mlrd. dollarga oshirishga kelishib oldilar. 2016-yilning dastlabki 10 oyida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 429 mln. dollarni tashkil etdi.

Afgʻoniston prezideti Ashraf Gʻanining 2017-yil dekabr oyida Toshkentga tashrifi chogʻida, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari rahbarlari umumiy qiymati 520 mln. dollarlik shartnomalarni imzolaganlar.

Ushbu kelishuvdan soʻng, savdo hajmi keskin surʼatlarda oʻsdi. 2018-yil yanvarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2017-yil yanvar oyidagi umumiy koʻrsatkichdan 30 foizga oshgan, deb xabar bergan edi Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻzA) 2018-yilning martida.

2017-yilda Kobulda Oʻzbek savdo uyi va unda doimiy faoliyat yuritadigan “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” koʻrgazmasi ochilgan, deb xabar bergan edi OʻzA.

2017-yilda Termiz shahrida ochilgan logistika terminali va bojxona markazi ham Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha