Karvonsaroy
Terrorizm

Afgʻonistonda “Islom davlati” tahdidi kuchaymoqda

Salaam Times va AFP

ID aprel oyida Kobuldagi Afgʻoniston aloqa vazirligiga uyushtirilgan hujumidan soʻng tarqatgan mazkur suratda guruhning bir nechta aʼzolari tasvirlangan. (Fayl)

ID aprel oyida Kobuldagi Afgʻoniston aloqa vazirligiga uyushtirilgan hujumidan soʻng tarqatgan mazkur suratda guruhning bir nechta aʼzolari tasvirlangan. (Fayl)

KOBUL – “Islom davlatining” (ID) “xalifaligi” tugatilganidan soʻng, guruh oʻz eʼtiborini Afgʻoniston va boshqa qoʻshni davlatlarga qaratishga harakat qilmoqda.

Iroq va Suriyada qonli janglar olib borgan ID jangarilari oʻz zoʻravonliklarini davom ettirish va Qoʻshma Shtatlarga qarshi “samarali” hujum rejalashtirishga yordam berish maqsadda Afgʻonistonga yoʻnalmoqdalar. Bu haqda AFP nashri AQSH rasmiysiga tayanib xabar bergan.

Yaqin Sharqdagi “xalifalikni” qoʻldan boy bergan ID Janubiy Osiyo dahshatli hujumlardan oʻnglanayotgan bir vaqtda mintaqadagi taʼsirini kuchaytirishga urinayotgani ogohlantirish oʻlaroq yangramoqda.

“Ularning baʼzilari u yerga yetib borib, orttirgan tajriba, malaka va bilimlarini yetkazishga urinayotganliklari bizga maʼlum”, dedi yaqinda Kobulda AFP muxbiri bilan suhbatlashgan AQSH razvedkasi rasmiylaridan biri.

Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari tomonidan qoʻlga olingan ID jangarilari Jalolobodda ommaviy axborot vositalariga koʻrsatilmoqda, 10 aprel kuni olingan surat. (Nurulloh Sherzoda/AFP)

Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari tomonidan qoʻlga olingan ID jangarilari Jalolobodda ommaviy axborot vositalariga koʻrsatilmoqda, 10 aprel kuni olingan surat. (Nurulloh Sherzoda/AFP)

IDning Xuroson boʻlinmasi 3 iyun kuni Telegram tarmogʻida ulashgan mazkur suratida Afgʻonistondagi jangarilaridan biri aks etgan. (Fayl)

IDning Xuroson boʻlinmasi 3 iyun kuni Telegram tarmogʻida ulashgan mazkur suratida Afgʻonistondagi jangarilaridan biri aks etgan. (Fayl)

“Agar biz Afgʻonistonda ID terrorizmiga qarshi kurashni davom ettirmasak, mamlakatimiz hududida bir yil ichida yirik hujum uyushtirilishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi rasmiy. U xavfsizlik maqsadida oʻz shaxsi sir qolishini istagan.

AQSH va NATO kuchlari uchun masʼul toʻrt yulduzli general Skot Millerga yordam berish uchun bir guruh tahlilchilar bilan Kobulga kelgan rasmiy hujum rejasi haqida hech narsa demagan.

Shunga qaramay, ID Amerikada bir nechta katta hujumlarga aloqador boʻlgan yoki ular guruh tashabbusi bilan uyushtirilgan. 2016-yil Floridada yuz bergan otishma ham shular jumlasidandir. IDga sodiqlikka qasamyod qilgan qotil tungi klubda 49 ta kishini oʻldirgan.

Rasmiylar minglab jangarilar oʻldirilganini aytgan boʻlsalar-da, yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarda Afgʻonistonda 2500 dan 4000 gacha ID aʼzolari borligi maʼlum qilingan. Ikki yil avval AQSH davlat departamenti shunga yaqin raqamlarni oshkor qilgan edi.

IDning Xuroson boʻlinmasidagi (ID-X nomi bilan ham tanilgan) jangarilar soni va imkoniyatlari ham oshgan, dedi AQSH senatori Jek Rid Afgʻonistonga tashrifidan soʻng.

AQSH razvedkasi rasmiysi Afgʻonistonda nechta sobiq jangari borligini aytib oʻtmagan, ammo “har qanday raqam muhim”, deb taʼkidlagan.

ID-X safida yevropaliklar, jumladan britaniya va frantsiyaliklar ham mavjud, deb qoʻshimcha qildi u.

Ularning hozirligi terrorchilar tomonidan Afgʻonistonni chet davlatlariga hujum uyushtirishga boshpana sifatida qoʻllashning oldini olishga vaʼda bergan Tolibonlar bilan erishilayotgan har qanday tinchlik kelishuvlariga putur yetkazishi mumkin.

“Biz Tolibonlarni bu muammoga yechim topish va uni hal etishga majburlay olmasak, ular hech qachon bu mamlakatni tashqi kuchlardan himoya qila olmaydilar”, dedi rasmiy.

Hamon oʻyinda

Jangarilar tomonidan foydalanilayotgan yer osti yoʻllari va bunkerlarni yoʻq qilish maqsadida Qoʻshma Shtatlar shiddatli havo hujumlarini amalga oshirdi, jumladan, Pentagonning eng katta noyadroviy bombasi – “Bombalarning onasini” ham tashladi.

Demokratiya mudofaasi fondi katta ilmiy xodimi va tashkilotning “Long War Journal” nashrining muharriri Tomas Joslin bu borada shunday dedi: AQSH IDning Afgʻonistondagi “rivojlanishini toʻxtatgan va ayrim hollarda ularning operatsiyalariga toʻsqinlik qilgan”.

“Biroq, bu ularni oʻyindan chiqara olmadi”, dedi u AFP bilan suhbatda.

Yaxshi moliyalashtiriladigan guruh oʻz saflarini moʻmay daromadni koʻzlagan xorijiy va mahalliy jangarilar bilan toʻldirdi.

IDning Xuroson boʻlinmasi Juzjon viloyatida yoʻqotishlarga uchragan boʻlsa-da, Nangarhor hamda Kunardagi tayanch nuqtalarini saqlab qolgan va Tolibon kuchlari hujumini qaytarib, minglab mahalliy aholini siqib chiqargan.

Hafsalasi pir boʻlgan Tolibon jangarilari baʼzida ixtiloflar yoki mafkuraviy sabablarga koʻra, Tolibonlarni Islomni talqin qilishdi yetarlicha qattiqqoʻl emasligini aytib, ID-Xuroson guruhiga oʻtib ketishgan.

Qoʻshma Shtatlar bergan maʼlumotga koʻra, ID-Xuroson guruhi 2016-yil Kobulda oltita puxta ishlangan hujumni uyushtirgan. 2017-yilda bu raqam 18 taga yetgan boʻlsa, oʻtgan yil 24 ta hujum sodir etilgan.

2019-yilda ID Afgʻonistonda amalga oshirilgan oʻnlab hujumlar, jumladan 2-iyun kuni Kobulning uch joyida yuz bergan portlash bilan bogʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi.

Ayrim afgʻonistonlik rasmiylar ID har doim ham shunday hujumlarga boshchilik qiladimi yoki yoʻqmi, ehtimol, Al-Qoidaga aloqador Haqqoniy tarmogʻi kabi Tolibon va Pokiston guruhlari ham ular uchun javobgar boʻlishi mumkinmi degan savollarni oʻrtaga tashlamoqda.

“Bu hujumlar shu kabi afgʻon va pokistonlik guruhlar tomonidan amalga oshirilsa-da, hamma sharaf javobgarlikni shu zahoti oʻz zimmasiga olgan IDga oʻtadi”, deb aytgan Afgʻoniston xavfsizlik xizmati rasmiy xodimi AFP nashriga.

Bir vaqtning oʻzida, texnik bilimga ega yollovchilar potentsial jangarilarni ijtimoiy tarmoqlar orqali va baʼzan Kobul universitetlarida tahsil oladigan oʻrtahol qatlamga mansub muvaffaqiyatli talabalarni izlab topib tayyorlaydilar.

ID boshqa hududlarni koʻzlamoqda

Afgʻoniston ID masalasida siljish roʻy berayotgan yagona mamlakat emas.

ID aprel oyida Pasxa bayrami chogʻida Shri-Lankadagi cherkovlar va mehmonxonalarda sodir etilgan va 253 kishini hayotdan olib ketgan hujumlar va portlashlar uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan.

30-aprel kuni jangarilarning qoʻlga tushmas yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy 2014-yilda ilk bor koʻrinish berganidan buyon tashviqiy videolavhada paydo boʻlgan edi.

ID Yaqin Sharq hududida tor-mor etilganidan soʻng, oʻz diqqatini Pokiston va Hindistonga qaratayotgan koʻrinadi.

May oyida ID “Pokiston viloyati” yaratilganini eʼlon qildi va “Hind viloyati” boʻlinmasi Kashmirning Hindiston boshqaruvidagi qismida hind kuchlariga qarshi uyutirilgan hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oldi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Albatta, homiy Kreml

Javob berish

Amerikalik ustalar tez orada uyingizga kelishadi

Javob berish

Bularning bari ortida Rossiya turgani aniq. Ular faqat ISHIDga homiylik qilibgina qolmay, balki tolibonlarni ham qoʻllab-quvvatlaydilar.

Javob berish