Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Jahon banki Markaziy Osiyoda oziq-ovqat inqirozi yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirdi

Anna Karr

Tarazdagi dehqon bozori, 29-may. Jahon banki iqtisodchilariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosini tiklashga eʼtibor qaratishlari kerak. [Aydar Ashimov]

Tarazdagi dehqon bozori, 29-may. Jahon banki iqtisodchilariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosini tiklashga eʼtibor qaratishlari kerak. [Aydar Ashimov]

OLMAOTA – Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, koronavirus Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda, vaziyatni oʻnglash uchun davlatlar qishloq xoʻjaligini faol ravishda rivojlantirishi va hamkorlikni kengaytirishi lozim.

Yaqin kelajakda – kelasi uch oy ichida – mintaqa davlatlari muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin, dedi Jahon bankining qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta iqtisodchisi Sergiy Zorya 2-iyun kuni mintaqaviy OAV va ekspertlar hamjamiyati uchun oʻtkazilgan onlayn-brifingda.

“Jumladan, ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarning keskin koʻtarilishi mumkin, natijada daromad pasaygani sababli aholining zaif qatlamlari uchun ularni sotib olish qiyinlashadi”, dedi Zorya.

“Markaziy Osiyoda oziq-ovqat mahsulotlari aholining xarajatlarining 40-60 foizini tashkil qiladi, bu esa dunyoning boshqa mintaqalariga nisbatan odamlarni narxlarning koʻtarilishi oldida koʻproq zaiflashtiradi”, dedi u.

Xaridlardan soʻng supermarket yonida oʻtirgan ayol, Taraz, 29-may. [Aydar Ashimov]

Xaridlardan soʻng supermarket yonida oʻtirgan ayol, Taraz, 29-may. [Aydar Ashimov]

Jahon bankiga koʻra, kelasi olti oyda mintaqada iqtisodiy muammolar tufayli oziq-ovqatga boʻlgan talabning pasayishini kutilmoqda. Bunga jumladan, mehnat migrantlari daromadining pasayishi va oʻz oilasiga pul yubora olmasligi sabab boʻladi, dedi Zorya.

Fermerlarga banklardan olgan kreditlarini toʻlash qiyin boʻladi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Pandemiya sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tezkor choralarni qabul qildilar”, dedi Zorya. Xususan, mintaqa davlatlari oziq-ovqat zaxiralarini ishga solib, ularni yanada mustahkamlay boshladilar, eksportni cheklash va oziq-ovqat importi tariflarini pasaytirish orqali oziq-ovqat narxlari ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatib, narxlarni pasaytirdilar”.

Bunday sharoitda qishloq xoʻjaligi Markaziy Osiyo mamlakatlariga iqtisodiy oʻsishni tiklashga yordam beradi, u orqali boshqa sohalarga qaraganda koʻproq ish oʻrinlari yaratilishi mumkin, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbariyati qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosini tiklashga va mintaqada oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga eʼtibor qaratishlari lozim.

Shu bilan birga, Jahon banki mamlakatlarga veterinariya xizmatlariga hamda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalarini kompyuterlashtirish uchun koʻproq sarmoya kiritishni tavsiya qilmoqda.

Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash Jahon bankining Markaziy Osiyodagi ustuvor yoʻnalishlaridan biridir, deydi JBning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy rahbari Liliya Burunchuk.

“Bugungi kunda mintaqada oʻzaro hamkorlikda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarga teng loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Ular ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida qishloq xoʻjaligini isloh qilish va modernizatsiya qilishga qaratilgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

Burunchukning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki oyda Jahon banki sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash, iqtisodiyot va aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga 370 million dollardan koʻproq mablagʻ ajratgan.

Qozogʻistondagi nekbinlik

Koronavirus pandemiyasi tufayli muammolar saqlanib qolayotgan boʻlsa-da, Qozogʻiston boʻhronga dosh bera olishi aytilmoqda.

Qozogʻistonda aholining xarid qobiliyati koronavirus tufayli kelib chiqqan muammolar tufayli keskin pasaygan, deydi olmaotadalik iqtisodchi Arman Beysembayev.

Xizmat koʻrsatish sektori jiddiy zarar koʻrdi, chunki bu sohadagi hamma tashkilotlar ham karantin tugaganidan keyin faoliyatini tiklay olmaydi. Koʻpchiligi esa ishchilar sonini kamaytirib, maoshlarni qisqartiradi, dedi u.

“Ammo bu faqat Qozogʻistonda emas, butun dunyoda yuz berayotgan holat. Qozogʻiston iqtisodiyoti yaqin orada karantindan oldingi holatiga qaytmaydi. Lekin, oziq-ovqat xavfsizligi borasida jiddiy muammolar boʻlmasligi kerak”, dedi Beysembayev.

Qozogʻiston eng zarur oziq-ovqatlar – un, makaron mahsulotlari, sabzavotlar va oʻsimlik yogʻi bilan oʻz-oʻzini taʼminlay oladi, dedi u.

Karantin paytida oziq-ovqat yetkazishda muammolar yuzaga keldi, sababi Qozogʻiston ham dunyodagi boshqa mamlakatlar kabi hech qachon bunday pandemiya bilan toʻqnash kelmagandi, deb qoʻshimcha qildi Beysembayev.

Uning aytishicha, biznes egalari har qanday vaziyatga yechim topadilar va logistikaga oid muammolarni doim hal qiladilar.

“Dunyo karantindan chiqishni boshladi, savdo va mamlakat chegaralari asta-sekin ochilmoqda. Olti oy ichida hayot ham avvalgi surʼatiga qaytsa kerak. Karantinga esa qaytilmaydi degan fikrdaman”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya kasal, buzuq chala davlat.

Javob berish

Qachon Qozogʻiston dunyo xaritasidan oʻchib ketarkin?

Javob berish

Rossiya zavol topmoqda va bu bejiz emas.

Javob berish

Aslida, Markaziy Osiyo davlatlarida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hozirgi vaziyat inqiroz belgilarini namoyon etmoqda. 2020-yil kuzda oziq-ovqat taqchilligi bilan bogʻliq tartibsizliklar roʻy bermasligi uchun Qozogʻiston zudlik bilan oʻz chegaralarini butunlay ochishi kerak. Aks holda, bu mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning beqarorlashuviga va eng avvalo, Qozogʻistoning oʻzida turli shakllardagi ekstremizmning namoyon boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Javob berish

Faqat Rossiya bilan emas ))

Javob berish