DUSHANBE – Tojikistonda barpo etilayotgan yangi oʻquv markazi butun mintaqadagi qutqaruvchilar malakasini oshirish va takomillashtirish hamda tabiiy ofatlarga qarshi kurashda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Afgʻonistonga oʻz saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tojikiston Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qoʻmitasi (FVFMQ) maʼlumotlariga koʻra, mazkur inshoot Shahrinav tumani (Hisor vodiysi), Qoratogʻ aholi punkti yaqinidagi sobiq harbiy qism oʻrnida joylashadi.
Qoʻmita mavjud obyektlarni qayta taʼmirlash va zarurat boʻlsa qoʻshimcha binolar barpo etishni rejalashtirmoqda.
“Biz loyiha boʻyicha hamkorlarimiz koʻmagida 2022-yilgacha binoni modernizatsiya qilishni yakunlaymiz”, dedi FVFMQ rahbari Rustam Nazarzoda 19-yanvar kuni loyihaning ochilish marosimida. “Ushbu oʻquv markazi Markaziy Osiyoda tabiiy ofat tahdidi oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha treninglar oʻtkazuvchi yagona muassasadir.”
Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) hamda FVFMQ bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
Bu loyiha “Tojikiston hukumatining YI va YXHT bilan mamlakat fuqarolik mudofaasi salohiyatini va Afgʻoniston bilan chegaradagi hamkorlikni kuchaytirishga oid yangi va oʻziga xos hamkorligini ifodalaydi”, dedi Yevropa Ittifoqining Tojikistondagi elchisi Merilin Jozefson ochilish marosimida.
“Yevropa Ittifoqining umid qilishicha, loyihaning birinchi bosqichi bu sohadagi hamkorlikni yanada kuchaytirib, Tojikiston hukumatining YI va unga aʼzo davlatlar bilan birgalikda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha boshqaruvidagi ishtirokini kengaytiradi”, deb qoʻshimcha qildi u.
Mukammal joylashuv
Sobiq harbiy qismga qarashli hududdan tashqari, qutqaruvchilarni tayyorlash boʻyicha maxsus mashgʻulotlar oʻtkazish uchun ishlatiladigan harbiy poligon va togʻ etaklaridagi yer uchastkalari ham FVFMQ ixtiyoriga beriladi. Bu haqda Karvonsaroyga Shahrinav tumani hokimligi maʼlum qilgan.
28 gektar maydonni egallagan milliy oʻquv markazi oshxona va yotoqxonalar, malaka oshiruvchilarga mintaqa mamlakatlariga xos sharoitlarda zarur koʻnikmalar oʻrgatiladigan binolarni ham oʻz ichiga oladi.
Hisor togʻ tizmalari etaklari – tojikistonlik va afgʻonistonlik qutqaruvchilarga togʻ sharoitida zaruriy koʻnikmalarni mashq qilish uchun eng yaxshi joydir, deydi Shahrinav tumani hokimi Jabbor Nosirzoda.
Oʻquv markazining oʻzida mashgʻulotlar uchun yaratilajak maxsus sharoitlardan tashqari, “qutqaruvchilar sof tabiiy sharoitlarda oʻz malakalarini oshirishlari mumkin”, dedi u.
“Togʻli hududlarda qutqaruvchilar koʻpincha sellar, yer va qor koʻchkilari, toshlarning koʻchishi, qoyalarga chiqish, kechuvdan oʻtish kabi toʻsiqlarga duch kelishadi”, deb qoʻshimcha qildi u.
Loyiha bosqichlari
Birinchi bosqichda yotoqxona va oshxona taʼmirlanganidan soʻng, markaz talabalarni qabul qila boshlaydi va qutqaruvchilarni tayyorlash dasturini davom ettiradi, deb xabar beradi YXHT.
Ikkinchi bosqichda qutqaruvchilar malakasini oshirish uchun zarur boʻlgan sport inshootlari, toʻsiqlar chizigʻi, qoyaga koʻtarilish devorlari va boshqalarni barpo etish koʻzda tutilgan.
Shundan soʻng Markaziy Osiyo hamkorligi doirasida mutaxassislarni tayyorlash dasturi boshlanadi.
“Bir necha yil avval oʻtkazilgan baholash ishlari mintaqaviy boʻlinmalar qutqaruvchilarini muntazam ravishda oʻqitishga ehtiyoj borligini koʻrsatdi, zero ular bugungi kunda juda kam tajriba orttirmoqda”, deydi Dushanbedagi YXHT dasturlari idorasi rahbari Valeriu Chiver.
“Maqsadimiz – qutqaruvchilar malakasini oshirishga koʻmaklashish, natijada ular tabiiy ofatlar qurbonlariga yanada samaraliroq yordam berishga qodir boʻladilar”, dedi u.
Oʻquv markazida Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va Afgʻonistondan kelgan qutqaruvchilar uchun ixtisoslashgan treninglar tashkil qilinishi mumkin, dedi u.
“Bu kabi xalqaro darajadagi ishtirokchilar uchun oʻtkaziladigan treninglar Tojikistonga qoʻshni davlatlarning tabiiy ofatlarga qarshi kurash salohiyatini oshiribgina qolmay, xavfsizlik boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham yordam beradi, bu esa YXHTning asosiy maqsadlaridan biri”, deydi u.
Hamjihatlikdagi choralar zarur
Qutqaruvchilar uchun oʻquv markazining ishga tushirilishi Tojikiston va Afgʻoniston uchun birdek ahamiyatli, dedi Afgʻonistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar Karvonsaroy bilan suhbatda.
Bu ikki mamlakat 1360 km uzunlikdagi chegaraga va bir-biriga oʻxshash landshaftga ega, dedi u.
“Tabiiy ofatlar chegara bilmaydi. Chegara tumanlaridagi zilzilalar, koʻchkilar, toshqinlar va hasharotlar bosqini har ikki tomonga ham katta talafot yetkazishi mumkin”, dedi Agbar.
“Shu bois bunday zararlarni minimallashtirish juda muhim. Hozir oʻz vaqtida koʻriladigan choralar, muvofiqlashtirilgan harakatlar va tayyorgarlikdan oʻtgan qutqaruvchilarga muhtojmiz”.
“Tojikiston Milliy oʻquv markazida mashgʻulot oʻtkazish uchun sharoitlar yaratish Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston oʻrtasida doimiy tajriba almashish, oʻzaro saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kuchlarini birlashtirish uchun yoʻl ochadi”, dedi u.