2017-12-01 | Ta’lim

Oʻzbekiston Afgʻon talabalari uchun oʻquv markazi tashkil etmoqda

Maksim Yeniseyev

Yangi oʻquv markazi, transport bogʻlamalari va Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining yaqinlashib kelayotgan tashrifi ikki tomonloma aloqalarning kuchayotganidan darak bermoqda.

Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani (chapda) va uning Oʻzbek hamkasbi Shavkat Mirziyoyev (oʻngda) 10-sentyabr kuni Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorligi tashkiloti sammiti vaqtida muzokaralarda qatnashmoqda. Oʻzbekiston tomoni Gʻanining Toshkentga tashrifi dekabrning boshida amalga oshishini kutmoqda. [Oʻzbekiston Prezidentining matbuot xizmati]

TERMIZ, Oʻzbekiston – Oʻzbekiston hukumati ikki davlat orasida hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida Termiz tumanida, Afgʻoniston bilan chegarada Afgʻon fuqarolarini oʻqitishga moʻljallangan oʻquv markazini qurishni rejalashtirmoqda.

Markaz faoliyatining qanday boʻlishi borasidagi tafsilotlar hali toʻliq ishlab chiqilmagan. Afgʻoniston tomoni kunduzgi boʻlimda oliy ma'lumot beruvchi oʻquv dasturlarini xohlashi yoki Afgʻon ishchilariga qisqa oʻquv kurslarini tashkil etishni soʻrashi mumkin. Oʻqish, ham kunduzgi toʻliq, hamda onlayn koʻrinishda tashkil etiladi.

Talabalarning etnik tarkibi (Afgʻonistonda ozchilik millat boʻlgan oʻzbeklarning yirik guruhi istiqomat qiladi) va oʻqitish til(lar)ini tanlashni Afgʻon tomoni hal qiladi.

Markaz, qurilishni moliyalashtirayotgan Oʻzbekiston hukumatining 19-noyabrda qabul qilgan qaroriga koʻra, keyingi yili ochilishi kutilmoqda.

Markaz Termiz shahri chetidagi sobiq kollej binosida joylashtiriladi va oʻz ichiga zamonaviy, toʻliq jihozlangan oʻquv hududini oladi, dedi Karvonsaroy bilan suhbatda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus ta'lim vazirligi matbuot vakili Javohir Xatamov.

“Markaz gumanitar, pedagogik, muhandislik va texnik yoʻnalishlardagi mutaxassislarni tayyorlashni rejalashtirmoqda”, dedi u. “Afgʻon tomoni qanday fanlar oʻqitilishini belgilaydi”.

Davlat qaramogʻidagi ushbu oʻquv dargohida Oʻzbekiston diplomlari beriladi.

Loyiha chegara hududida infratuzilmani yaxshilash borasidagi Oʻzbekiston siyosatini davom ettirishga qaratilgan, deydi rasmiylar. Bundan avvalgi harakatlar chegara hududida Afgʻoniston bilan savdoni rivojlantirish va terrorizmga qarshi kurash uchun xalqaro logistika markazini qurish rejalarini oʻz ichiga olgan edi.

Yoʻlovchilik aloqalarini kuchaytirish

Markazda oʻqishi rejalashtirilgan Afgʻon talabalarining oʻqish pullari qisman Oʻzbekiston Temir Yoʻllari AJ (OʻzTY) tomonidan qoplanadi.

“Afgʻon talabalari talab etilgan toʻlovning faqat 50% toʻlaydilar – qolganini Oʻzbekiston Temir Yoʻllari toʻlab beradi. Ular viza toʻlovlaridan ozod qilinadilar”, dedi Xatamov va markaz ma'muriyati homiylik toʻlovlari va xalqaro grantlarni jalb qilishni rejalashtirgan deya qoʻshib qoʻydi.

Oʻzbekiston universitetlarida 2017-2018-yillarda oʻqish uchun toʻlanadigan oʻrtacha yillik toʻlov narxi 7 million soʻmni tashkil etdi ($872).

Toshkentlik siyosiy tahlilchi Valeriy Xanning aytishicha, bejizga homiy sifatida OʻzTY tanlanmagan.

“Oʻzbekiston Afgʻonistonda temir yoʻllar tarmogʻini rivojlantirishga oʻzining strategik maqsadi sifatida qaraydi va buning natijasida nafaqat iqtisodiy foydaga, balki mintaqada xavfsizlik ta'minlanishiga erishish mumkin boʻladi”, dedi u Karvonsaroyga.

OʻzTY ikki davlatni birlashtiruvchi, Afgʻonistonning 2011 yildan beri faoliyat yuritayotgan va ilk uzoq masofali umumiy temir yoʻli boʻlgan Hayraton - Mozori Sharif temir yoʻlini qurib bitkazgan. Oʻzbekiston hozirda temir yoʻlni Hirotga qadar uzaytirishga tayyorgarlik qilmoqda.

“Afgʻonistonda temir yoʻl qurish kabi yirik loyihalar mutaxassislarni talab qiladi”, dedi Xan. “Albatta, ularni tayyorlash ushbu oʻquv markazining asosiy maqsadlaridan biridir”.

Temir yoʻl Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi yagona bogʻlama turi hisoblanmaydi.

Afgʻoniston aviakompaniyalaridan biri boʻlgan Kam Air chorshanba tongida (29-noyabr) Kobuldan Toshkentga ilk bor parvoz qildi, deya xabar berdi Oʻzbekiston Havo Yoʻllari.

Kobul-Toshkent parvozlari dekabr oyidan boshlab, chorshanba va yakshanba kunlari doimiy ravishda amalga oshiriladi, deb xabar berdi 1news.uz sayti. Afgʻon aviakompaniyasi xodimlari ham Oʻzbekiston Havo Yoʻllariga qarashli texnik oʻquv markazlarida taʻlim oladilar.

“Birodarlik” rishtalarini yaxshilash

Kam Air'ning ilk reysi bilan Toshkentga dekabrning ilk kunlarida amalga oshiriladigan Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining tashrifidan bir necha kun avval Afgʻon hukumati delegatsiyasi yetib keldi.

Temir yoʻl masalalarini qamrab oluvchi bir necha hujjatlar Prezident Gʻani tomonidan uning Toshkentga tashrifi chogʻida imzolanishi uchun tayyor holatda turibti, deya Toshkentdagi Afgʻoniston konsuli Abdulloh Ahad Haliqyorning soʻzlariga asoslanib xabar tarqatdi Podrobno.uz.

Hujjatlardan biri Oʻzbekiston va Afgʻonistonni bogʻlab turishda oʻta muhim boʻlgan Hayraton yoʻli va koʻprigini mamlakatlar tomonidan birgalikda ta'mirlanishi va foydalanilishini nazarda tutadi, degan Haliqyor.

Prezident Gʻanining Oʻzbekistonga tashrifi aslida oktyabr oyida amalga oshishi kerak edi, ammo uchrashuv sanasi koʻchirilgan edi.

Shunga qaramay, 8-noyabr kuni Ashraf Gʻani Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yoʻllab mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25-yilligi bilan tabriklagan.

“Men sizga va butun Oʻzbek xalqiga, uzoq yillar davomida qoʻllab-quvvatlaganlaringiz uchun oʻz ehtiromimni izhor qilaman”, deya yozgan Prezident Gʻani. “Afgʻoniston qoʻshma loyihalar ustida qat’iy ishlashga bel bogʻlagan”.

Sizga maqola yoqdimi?

Ca mobile no 6

Fikrlar

* Majburiy
Captcha
Asosiy maqola
2017-11-24 | Xavfsizlik

Suriya va Iroqdan qaytayotgan Qozog‘istonliklarni qiyinchiliklar kutmoqda

“Islom Davlati” mag‘lubiyat arafasida turgan bir paytda, guruhga a’zo bo‘lgan Qozog‘istonliklar o‘z uylariga qaytadigan ko‘rinadi, ularni vatanlarida aksil-terror choralar kutmoqda.

So‘rovnoma

Yaqin Sharq va undan tashqaridagi islomiy isyonlarning Markaziy Osiyoda qo‘llab-quvvatlanishi sustlashmoqda.

Natijalarni ko‘rish