http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/10/19/feature-01
| Atrof muhit

Rossiyaning “Soyuz” kemasi parvozi qozog‘istonlik ekologlarni xavotirga solmoqda

Kanat Altinbayev

image

Faollar qozog‘istonliklarni prezident Nursulton Nazarboyev va Vladimir Putin nomiga petitsiya yozib, Boyqo‘ng‘ir kosmodromini ekologik halokat hududi deb e’lon qilishga chaqirmoqdalar. (NASA)

OLMAOTA – 11-oktabr kuni Qozog‘istonning Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan fazoga uchirilgan Rossiyaning “Soyuz MC-10” kemasining muvaffaqiyatsiz parvozi mahalliy ekologlarni xavotirga solib qo‘ydi.

Videolavhadan ma’lum bo‘lishicha, Xalqaro kosmik stansiyaga parvoz qilishi kerak bo‘lgan “Soyuz” kemasida nosozlik kelib chiqqan.

“Kema havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, busterda yuz bergan nosozlik parvozning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga olib keldi. Qurilma ballistik qo‘nishni amalga oshirdi”, deb xabar berdi NASA. Ekipaj a’zolari tirik qolganlar.

Fazogirlar Qarag‘anda viloyatining Jezqozg‘on shahridan 25 kilometr uzoqlikda yerga qo‘nganlar, deb xabar berdi Tengrinews.kz yangiliklar portali.

image

11-oktabr kuni Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan Rossiyaning “Soyuz MC-10” kemasi uchirilgan edi. Uning yerga qulashi ekologlarni xavotirga solib qo‘ygan. (NASA)

image

2015-yilda Qustanay, Aqmola va Aqto‘be viloyatlarida 200 mingdan ortiq sayg‘oqlarning jasadlari topilgan. Ko‘pchilik ekologlar ushbu hodisaga Boyqo‘ng‘ir kosmodromining faoliyati sabab bo‘lgan deb hisoblaydilar. (Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi)

Muvaffaqiyatsiz parvoz Markaziy Osiyoda Rossiyaning atrof-muhit uchun halokatli amaliyotlaridan biri bo‘ldi. Qirg‘izistondagi Issiqko‘l yaqinida va boshqa davlatlarda muntazam ravishda o‘tkaziluvchi harbiy mashqlar va qurol-yarog‘ sinovlari ham shular jumlasidandir.

Rossiya uchun “Boyqo‘ng‘irni tark etish” vaqti kelgan

Qozog‘istonlik ekologlar va jamoatchilik faollari “Soyuz MC-10” kemasining halokati atrof-muhitga jiddiy zarar keltirganidan xavotir bildirmoqda. Asosiy muammo – raketa uchirishda qo‘llaniladigan yoqilg‘i bilan bog‘liq.

“Antigeptil” ekologik harakati asoschilaridan biri, olmaotalik Ulan Shamshetning Karvonsaroyga ma’lum qilishicha, “Soyuz” raketa tashuvchilarini uchirishda kerosindan tashqari, kimyoviy tarkibi sir tutiladigan yoqilg‘i turi ishlatiladi.

Yoqilg‘i tarkibi uning atrof-muhitga o‘ta yuqora darajada xavf tug‘dirishi sabab sir saqlanishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Shamshet 2013-yil iyul oyida Rossiyaning “Proton-M” raketa tashuvchisi bortida uchta “”Glonass-M” sun’iy yo‘ldoshi bilan yerga qulaganini eslatib o‘tgan.

O‘shanda raketa rejadagi yo‘nalishdan chiqib ketib, bo‘laklarga bo‘linib ketgan va kosmodrom yaqinida yerga qulagan edi. Portlash juda kuchli bo‘lgan, sababi qurilma bortida 600 tonna yoqilg‘i, jumladan geptil ham bor edi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, “raketa qoldiqlari Rossiyadan topilgan, aslida esa rossiyalik mutaxassislar ularni Qozog‘iston hududidan topib, o‘z mamlakatlariga olib ketishgan”, dedi u Karvonsaroyga.

“Proton kemasining halokati Qozog‘iston dashtlarida yashovhi sayg‘oqlarning o‘limiga sabab bo‘lgandi. “Soyuz” avariyaga uchraganidan so‘ng esa navbatdagi ekologik halokat yuz berishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi u.

Qozog‘iston atrof-muhit va suv resurslari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 5 yil muqaddam “Proton” kosmik kemasining portlashi tufayli atrof-muhitga yetgan zarar 13 milliard tengega baholangan edi (85 million dollardan ziyodroq).

Rossiya Qozog‘iston ekologiyasiga yetkazilgan zararni qoplamagan.

Shamshetning aytishicha, Qozog‘iston o‘z manfaatlarini qat‘iyatliroq himoya qilishi va muammoni uzil-kesil hal etishi lozim.

“Biz Rossiyaning Boyqo‘ng‘irdan ketishi tarafdorimiz. Rossiya aerokosmik texnologiyalar sohasida orqada qolib ketgan, uning raketalari muntazam ravishda halokatga uchramoqda. Biz bu sohada Moskva bilan aloqalarni uzib, AQSH yoki Yaponiya bilan hamkorlikdagi fazoviy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishimiz mumkin”, dedi u.

Geptilning salomatlikka zararli ta’siri

Rossiyaning kosmik sohasini nazorat qiluvchi “Roskosmos” davlat korporatsiyasi tomonidan amalga oshiriladigan raketa parvozlari ko‘p yillardan beri jamoatchilikning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lib kelgan.

Ayniqsa, Rossiya o‘z raketalarini uchirishda qo‘llaydigan geptil mahalliy ekologlarni chuqur tashvishga solmoqda. Geptil birinchi toifadagi xavfli moddalar sirasiga kiradi va g‘arb mamlakatlarida undan mazkur maqsadlarda foydalanish taqiqlangan.

Boyqo‘ng‘ir yaqinida yashovchi aholi hududdan geptil olib o‘tilayotgan vaqtda noxush hidni sezganlari va o‘zlarini yomon his qilganliklarini aytishgan, deb xabar bergan edi Tengrinews 2016-yili.

“Roskosmos” har oy “Proton” raketa tashuvchisini uchirish orqali atmosferaga bir necha o‘n tonnalab geptil moddasini tarqatish bilan cheklanmay, Qozog‘iston tabiatni qo‘riqlash xizmatlari uchun yopiq bo‘lgan hududlarga toksik chiqindilarni ham ko‘madi, dedi “Boyqo‘ng‘ir Eko Monitoring” fondi raisi Marat Dauletbayev.

“Natijada bolalar va go‘daklar orasida saraton kasalligiga chalinish va o‘lim holatlari ko‘paymoqda”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Ko‘p bo‘lalar jismoniy nuqsonlar bilan tug‘ilmoqda. Ammo bu haqdagi ma’lumotlar sir tutiladi.”

“Roskosmos” hududga va aholiga yetkazilyotgan zararni tan olmayapti, dedi u.

“Boyqo‘ng‘ir majmuasining ijara shartnomasi 2050-yilda tugaydi, bu vaqtga kelib mahalliy aholi orasida og‘ir kasalliklar avj oladi, Roskosmos ham bu yerdagi faoliyatiga yakun yasaydi. Ular Qozog‘istonga Semipalatinsk poligoni bilan solishtirsa bo‘ladigan darajada ulkan hajmli toksik chiqindilarni qoldirib ketishadi”, dedi u. Bu bilan u shimoli-sharqiy Qozog‘istondagi sobiq sovet ittifoqining asosiy yadroviy qurollarni sinash maydonini nazarda tutgan.

Dauletbayev qozog‘istonliklarni mamlakat prezident Nursulton Nazarboyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga petitsiya yo‘llab, Boyqo‘ng‘ir kosmodromini ekologik falokat hududi deb e’lon qilishga chaqirgan.

Sizga maqola yoqdimi?
5
Yo‘q
Fikrlar 2
Siyosat
Captcha

Rossiyada misli koʻrilmagan degradatsiya yuz bermoqda

Javob berish

Rossiya AQSH fazogirlarini koinotga eltishdan bosh tortgach, Vashington Qozogʻiston Rossiyani oʻz hududidan chiqarib yuborishi kerakligi haqida hayqira boshladi. Shuni yodda tutish kerakki, raketa parvozidan faqat Rossiya manfaatdor emas. Qozogʻiston Gʻarb davlatlarining talabini bajarmaydi.

Javob berish