| Tahlil

Afgʻon urushi haqidagi salbiy film Rossiyada taqiqlanishi mumkin

AFP va Karvonsaroy


“Birodarlik” filmidan olingan kadr: Afgʻonistondagi sovet askarlari.

“Birodarlik” filmidan olingan kadr: Afgʻonistondagi sovet askarlari.

MOSKVA – Kinorejissyor mudhish nizoni haqqoniy tasvirlaganini eʼtirof etgan boʻlsa-da, Rossiya Afgʻonistondagi sovet askarlari haqidagi bu filmni katta ekranlarga chiqarish yoki chiqarmaslik haqida oʻylamoqda.

Uolt Disney kompaniyasining mahalliy boʻlimi tomonidan namoyishga chiqariladigan “Birodarlik” filmi yaqinda ekran yuzini koʻrgan, tashviqotga toʻla ekanligi sabab bir qator sobiq Sovet mamlakatlari tomonidan rad etilgan vatanparvarlik ruhidagi “Qrim koʻprigi. Mehr bilan qurilgan!” blokbasteridan ancha farq qiladi.

Rossiyalik rejissyor Pavel Lungin tomonidan suratga olingan “Birodarlik” filmida 1979-1989-yillardagi Sovet-Afgʻon urushining soʻnggi oylarida sovet askarlari mast holatda talon-taroj bilan shugʻullangani aks ettirilgan. Bu urushda 14 ming sovet askari qurbon boʻlgan.


Sarichadagi (Panjsher viloyati) Sovet davridan qolgan vertolyot qoldiqlari. 7-fevral, Afgʻoniston, Kobul shimoli. [Vakil Kohsar/AFP]

Sarichadagi (Panjsher viloyati) Sovet davridan qolgan vertolyot qoldiqlari. 7-fevral, Afgʻoniston, Kobul shimoli. [Vakil Kohsar/AFP]


15-fevral kuni Moskvada sovet qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilishiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda harbiycha qadam tashlab borayotgan faxriylar va boshqa ishtirokchilar. [Aleksandr Nemenov/AFP]

15-fevral kuni Moskvada sovet qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilishiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda harbiycha qadam tashlab borayotgan faxriylar va boshqa ishtirokchilar. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Kinofilm premerasi dastavval 9-mayga moʻljallangan edi. Har yili shu kuni Rossiya Ikkinchi jahon urushida natsistlar ustidan qozonilgan gʻalabani Qizil maydonda yirik parad bilan nishonlaydi.

Ammo, afgʻon urushi faxriylari va unda halok boʻlganlarning qarindoshlari urushda ishtirok etganlarni haqorat qilmoqda deya, film borasidagi rejalarning oʻzgarishiga sabab boʻldilar.

Chorshanba (17-aprel) kuni Rossiyadagi Disney kompaniyasining marketing boʻyicha vakili Yelena Brodskaya Rossiya axborot agentliklariga film Madaniyat vazirligi bilan kelishilganidek, rejadagidan bir kun kechroq ekranlarga chiqishi haqida xabar bergan.

Disneyning Rossiyadagi saytida ham film 10 may kuni ekranlarga chiqishi eʼlon qilingan.

Afgʻonistondagi Sovet qoʻshinlari asosiy kontingentining sobiq qoʻmondoni Boris Gromov film namoyishiga masʼul boʻlgan Madaniyat vazirligiga yuborgan xatida uni qattiq tanqid ostiga olgan.

Bu “klassik qora rusofobiyaga misol”, deb yozgan u.

“Birodarlik” sovet askarlarini “bir toʻda zoti pastlar, oʻgʻrilar, qalloblar, qotillar va razillar” kabi aks ettirgan, deb qoʻshimcha qilgan u.

Gromov 10 mingdan ortiq faxriylar uyushmasiga rahbarlik qiladi va vazirlikdan film namoyishining toʻxtatilishini talab qilmoqda.

Lungin “yoshlarni harbiy xizmatdan bezdiradigan, vatanparvarlikdan yiroq boʻlgan filmni suratga olgan”, deb aytgan boshqa bir sobiq harbiy Igor Morozov AFP nashriga. U ayni damda parlamentning fan, taʼlim va madaniyat boʻyicha qoʻmitasi raisi hisoblanadi.

Filmda “askarlarimizning karvonlarni talayotgani, yoqalashayotgani va koʻchalarda ichkilik ichayotgani koʻrsatilgan”, dedi u. Bu “halok boʻlgan sovet askarlari xotirasiga” va “davlat imidjiga putur yetkazadi”.

Urush Moskvaning sharmandali tarzda oʻz askarlarini mamlakatdan olib chiqib ketishi bilan tugadi va hatto Sovet rahbariyati tomonidan qoʻpol tashqi siyosiy xato deya qoralandi.

Soʻz erkinligi cheklanmoqda

Lunginning shafqatsiz filmiga oid shov-shuv yillar davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin qoʻli ostida soʻz erkinligining cheklanishidan keyin paydo boʻldi. Uning hukumati ancha vaqtdan beri mustaqil gazetalar va telekanallarning erkinligini cheklab kelgan boʻlsa, endilikda internet Rossiya senzurasining keyingi nishoniga aylanib borayotgan koʻrinadi.

Mart va aprel oylarida Kreml internetda soʻz erkinligini cheklashga oʻtdi.

Aprelda parlamentning quyi palatasi, qabul qilingan taqdirda “Moskvaning internet segmenti ustidan daxlsizligini kuchaytiruvchi” qaror loyihasini tasdiqladi. Bu haqda Reyter xabar bergan.

Mart oyida Putin “jamiyat, davlat, rasmiy davlat ramzlari va Rossiya konstitutsiyasiga” nisbatan “ochiqdan-ochiq hurmatsizlik” qiluvchi onlayn kontentni taqiqlovchi qarorni imzoladi. Bu haqda uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi xabarida aytiladi.

Senzuraning yangi turi

Rossiyaning madaniy arboblari sovet tarixini, jumladan, Ikkinchi jahon urushini ijobiy aks ettiruvchi kinematografiyani moliyalashtirish va targʻib qilish harakatlarini faollashtirganlar.

Yaqinda davlat tomonidan sport sohasidagi yutuqlar, fazoviy poygalar va Qrimning noqonuniy tarzda anneksiya qilinganiga ijobiy tus beruvchi boshqa filmlar ham moliyalashtirilgan edi.

Oʻtgan yili Rossiya mudofaa vazirligi britaniyalik yozuvchi va rejissyor Armando Yanuchchining “Stalinning oʻlimi” deb nomlangan qora komediyasini taqiqlagan.

Ikkinchi Jahon urushi vaqtida Leningradning qamal qilingani haqidagi komediyani suratga olgan rossiyalik rejissyor kinematografik reliz uchun ariza topshirish oʻrniga, oʻz filmini internet orqali chiqarishga qaror qilgan va deputatlarning gʻazabiga duchor boʻlgandi.

“Birodarlik” filmining rejissyori Lungin AFP bilan suhbatda Madaniyat vazirligi mutasaddilaridan emas, balki nufuzli faxriylar guruhidan kelib chiqayotgan “senzuraning bu kabi yangi turidan” hayratda ekanini aytgan.

“Men urushning avj pallasida qurbon boʻlgan yigitlar bilan oʻzlarini taqqoslab koʻrishlari uchun, yoshlarga moʻljallangan haqqoniy film suratga olmoqchi edim”, dedi u.

Filmning gʻoyasi nizoning ayrim qismlarida ishtirok etgan Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) sobiq rahbari Nikolay Kovalyovdan chiqqan, deb qayd etdi Lungin.

“Oʻlimidan sal oldinroq, shu oy 69 yoshni qarshilagan Kovalev meni natija bilan tabrikladi va filmga oq fotiha berdi”, dedi Lungin.

“Biz tariximizni ulugʻlashni bas qilib, jangchilar tomonidan Afgʻoniston va Chechenistonda qoldirilgan jarohatlar haqida soʻzlashni boshlashimiz kerak”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tarixga qayta boʻyoq berish

Film haqidagi shov-shuv fevral oyida, sovet qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilganiga 30 yil toʻlganidan koʻp oʻtmay koʻtarilgan.

Ayrim sobiq askarlar ushbu ogʻriqli tarixiy voqeani milliy xavfsizlik manfaatlari nuqtai nazaridan oqlashga uringanlar.

2015-yilda Putin intervensiyani oqlab, sovet hukumatining “real tahdidlarga” qarshi kurashishga harakat qilganini bayon qilar ekan, ayni vaqtda “koʻplab xatolarga” yoʻl qoʻyilganini ham tan olgan.

Yanvar oyi oxirida esa Rossiya parlamentining mudofaa qoʻmitasi sovet qoʻshinlari afgʻon hukumatiga “terrorchilik va ekstremistik guruhlarga” qarshi kurashga yordam bergani haqidagi rezolyutsiya loyihasini maʼqulladi.

Shunday boʻlsa-da, rezolyutsiya loyihasi yalpi majlisda yana ovozga qoʻyiladi. Bu hukumatnig ushbu ogʻriqli hodisaga rasmiy ravishda qaytish istagi yoʻqligini aks ettiradi.

Soʻnggi yillarda Gʻarbning qudratli davlatlari bilan munosabatlari keskinlashar ekan, “Rossiya Gʻarbga nisbatan yangi qarshilik amaliyotlarini oqlash maqsadida Sovet oʻtmishini qayta tiriltirmoqda”, degan edi fevral oyida Rossiyadagi “Memorial” inson huquqlari tashkilotining taʼsischi aʼzosi Irina Sherbakova AFP bilan suhbatda.

Sizga maqola yoqdimi?

52
39
Yo‘q
Fikrlar 6
Siyosat Captcha
| 2019-04-21

Afgʻondagi rus bosqinchilari haqida haqiqatni koʻrsatadigan film.

Javob berish
| 2019-04-20

Nega endi sovetlar u yerga suqilib kirib, Afgʻon fuqarolarini oʻldirishgan... Nima boʻlsa ham taʼzirini olgan, zanglagan dumini qisib qochgan.

Javob berish
| 2019-04-22

Sovet ittifoqi 1979 yil fevral oyida Eronda muvaffaqiyat bilan boshlangan va oʻzining geosiyosiy taʼsirini tarqatish bilan xavf solib turgan islom inqilobining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoga yoyilishining olidini olish maqsadida Afgʻonistonga qoʻshin kiritgan. Shu sabab, 1979-1989 yillarda Eron va Iroq urushi bilan Eron gʻarbda bloklangan boʻlsa, sharqdan sovet-afgʻon urushi bilan toʻsilgan. Bilishimizcha, bularning ikkisi ham bir vaqtda “hech qanday natijasiz” tugagan.

Javob berish
| 2019-04-23

AQSH va NATO zanglagan dumini qisib, Afgʻonistondan qochib qolgan. SSSR esa u yerni munosib holda bilan tark etgan, shuni unutma.

Javob berish
| 2019-04-20

Muallif kim? Ismi nima?
Javob bermasligingizni bilaman, shuning uchun aytaman - karvonsaroychilar, bekorlarni yebsiz

Javob berish
| 2019-04-19

Tarixni “qayta yozib” oʻzlaringizni tinchlantiryapsizlarmi. Qurbonlar xotirasini mazax qilmang. Sizdaqa qoʻshtirnoq ichidagi “insoflilarni” deb butun dunyoda fashizm kuchaymoqda. Afgʻonda odamlar halok boʻlayotgan vaqtda rejissyor diskotekalardan beri kelmagan shekilli.

Javob berish