Karvonsaroy
Fan va texnologiya

Qozog‘iston IT sohasini rivojlantirish yo‘lida ildam qadamlar tashlamoqda

Aydar Ashimov

Ostonadagi EXPO pavilyonida joylashgan Astana Hub, 3-iyul. (Aydar Ashimov)

Ostonadagi EXPO pavilyonida joylashgan Astana Hub, 3-iyul. (Aydar Ashimov)

OSTONA – Qozog‘iston hukumati o‘z loyihalarini Astana Hub – xalqaro IT va startap akseleratorida amalga oshirishga rozi bo‘ladigan iste’dodli xorijiy va mahalliy IT-mutaxassislarga moliyaviy ko‘mak taklif etmoqda.

Poytaxtdagi EXPO pavilyonida joylashgan Astana Hub “Raqamli Qozog‘iston” davlat dasturi doirasida “Zerde” milliy infokommunikatsiya holdingi hamda Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

3-iyul kuni Astana Hub qozog‘istonlik va xorijlik IT-mutaxassislarni yangi loyihaviy imkoniyatlar bilan tanishtirdi, deyiladi “Zerde” bayonotida.

“Innovatsion ekotizim g‘oyasi amaliyotda o‘z ifodasini topmoqda”, dedi bosh vazir o‘rinbosari Askar Jumagaliyev tadbir davomida.

3-5 iyul kunlari Astana Finance Days tadbirlari doirasida ishtirokchilar Astana Hub xalqaro texnoparkidagi imkoniyatlar bilan tanishmoqdalar. (Aydar Ashimov)

3-5 iyul kunlari Astana Finance Days tadbirlari doirasida ishtirokchilar Astana Hub xalqaro texnoparkidagi imkoniyatlar bilan tanishmoqdalar. (Aydar Ashimov)

Yangi Astana Hub taqdimotining o‘tkazilishi texnoparkka diqqat qaratish, IT hamjamiyati bilan hamkorlik imkoniyatlarini belgilash va Qozog‘istonning asosiy raqamli loyihalarini namoyish etishga xizmat qiladi, deb xabar berdi “Zerde”.

“Astana Hub butun dunyodan ilg‘or texnologiyalar va iqtidorli mutaxassislarni jalb etuvchi markazga aylanadi va aylanmoqda”, dedi Qozog‘iston Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayev taqdimot marosimida.

Asosiy iste’dodlarni jalb qilish

TengriNews xabariga ko‘ra, bosh vazir Bakitjan Sagintayev 3-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Qozog‘istonning global investitsiyalar bo‘yicha davra suhbatida “Texnologiyalar o‘zgarib bormoqda va bizga mana shu yuqori texnologiyalar bilan ishlay oladigan mutaxassislar kerak”, deb aytgan.

Qozog‘iston hukumati yosh mutaxasislarga grantlar, ish va uy-joy ajratishga tayyor, dedi u.

“Dunyo bo‘ylab iqtidorlar uchun kurash ketayotgan davrda yopiq eshiklar ortida o‘tirsak, vaziyatga noto‘g‘ri yondashgan bo‘lamiz”, deb qo‘shimcha qildi u.

Astana Hub markazining asosiy maqsadi – butun dunyodan yosh IT-mutaxassislarni birlashtirish va ularga o‘z g‘oyalarini Qozog‘istonda amalga oshirishga ko‘maklashish, dedi Sagintayev.

“Qisqa vaqt ichida mahalliy mutaxassislarni yetishtirish juda mushkul, shu bois bizga yuqori malakali mutaxassislar kerak va bizning eshiklarimiz ular uchun doim ochiq”, dedi u.

“Kizilordinskiye Vesti” nashrining yozishicha, bosh vazir hozirda Astana Hub yosh, ishga chanqoq yoshlar o‘zlariga ofis ochib, ishlay olishlari uchun barcha sharoitlarga ega ekanini ta’kidladi.

Yosh IT mutaxassislari Ostonadan ko‘mak izlamoqda

“Astana Hub startap-loyihalar dasturi ishtirokchilarining ilk guruhini chiqarishga ulgurdi. Kelajakda bizda akseleratsiya dasturlaridan tashqari boshqa ko‘mak loyihalari ham amalga oshiriladi”, dedi u Karvonsaroyga.

Qozog‘iston axborot texnologiyalari sohasini ham mahalliy, ham xorijiy mutaxassislarni jalb etish orqali rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridan bo‘lgan axborot texnologiyalari mutaxassisi Nurbek Kulbayev 3-5 iyul kunlari Astana Finance Days tadbirlarida ishtirok etish uchun Ostonaga kelgan.

“Men va hamkasblarim yordamga muhtojmiz va bu yordamni Ostonadan izlayapmiz. Ayni damda biz talabalar uchun mo‘ljallangan, blokcheyn texnologiyasi asosida ishlovchi mobil ilovani ishlab chiqmoqdamiz. Bizda yaxshi g‘oya bor, ammo uni ro‘yobga chiqarish uchun tashkiliy va moliyaviy ko‘mak zarur”, dedi u Karvonsaroyga.

Ostonalik 43 yashar dasturchi va tadbirkor Vadim Buranov Qozog‘istonda malakali IT mutaxassislar kamligini aytadi.

“Kelajak raqamli texnologiyalarga bog‘liq”, dedi u Karvonsaroyga. “Qozog‘iston mintaqada yetakchi bo‘lishga va zamonaviy texnologiyalar sohasida oldinda yurishga intilmoqda. Shu sababli ham xorijdan mutaxassislar jalb etish masalasi tilga olinmoqda”, dedi u.

“Men bu qarorni qo‘llab-quvvatlayman, lekin o‘zimizning IT mutaxassislarimizni ham tayyorlashimiz kerak”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500