https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/04/03/feature-02
Qozogʻiston toʻlov shartlarining ogʻirlashib ketgani sababli Xitoyning moliyalashtiruvidan voz kechdi
| Salomatlik

Tojikistonda xalqaro donorlar ko‘magida ichimlik suvi va oqova suv tizimlari yaxshilanadi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki

image

Tojik ayoli va qizi toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lishmoqda, sanasiz surat. YTTB Tojikistonga suv ta’minoti tizimini yaxshilashga yordam bermoqda. (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki)

XO‘JAND, Tojikiston – Markaziy Osiyoning eng nochor mamlakatida sanitariya, suv ta’minoti va jamoat transporti kabi asosiy sohalar e‘tiborsiz qoldirib kelingan va yetarlicha moliyashtirilmagan. Yaqin-yaqingacha, 2012-yilda ayrim viloyatlar aholisiga toza ichimlik suvi uzilishlar bilan yetkazib berilar edi.

Tojikistonning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lgan Xo‘jandda suv taqsimoti va oqova suv tizimlari bundan 60 yilcha avval jihozlangani aytiladi.

“Men kasalxona ochilganidan beri shu yerda ishlayman. Bemorlarga suv yetishmasligi sabab, uning shunday abgor ahvolga kelib qolganidan afsusdaman”, deydi Xo‘jand viloyat kasalxonasi hamshirasi Larisa Veretennikova.

“Vaziyatning yaxshilanishiga umidimiz qolmagan edi. Kasalxona ishi qayta tiklanmasa kerak, deb o‘ylagandim”.

Vaqt o‘tishi bilan nasos va quvurlar eskirib, shahardagi binolar va uy xo‘jaliklariga suv yetkazish qiyinlashdi, ularning haddan tashqari ifloslanishi, suv quvurlarining zanglashi oqibatida suv ta’mi ham o‘zgardi.

Bu, ayniqsa, nasos qurilmalarining zaifligi sabab yuqori qavatlarga suv yetib bormay qoladigan ko‘p qavatli binolarda tez-tez uchraydigan holat edi. Quvurlardan suv oqishi ham oddiy holga aylangan, buning natijasida suv iste’molini nazorat qilish qiyinlashgan edi.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun yetarlicha mablag‘ ajratilmagani vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Bunday holatlar ichimlik suvi ta’minotining qisman yoki butunlay to‘xtab qolishiga va suv yetkazib berishda uzoq muddatli uzilishlarga sabab bo‘lgan. Ayrim kunlari shahardagi binolarga suv sanoqli soatlardagina berilgan.

“Ichimlik suv ta’minotida jiddiy muammolar bor edi”, deb eslaydi Veretennikova. “Ba’zida suv ichida qum bo‘lardi, ba’zan esa shifoxonadagi kundalik ehtiyojlar uchun qayerdan bo‘lsa ham suv tashib kelishga majbur edik.”

24 soatlik uzluksiz suv ta’minoti

Tojikistondagi uy xo‘jaliklari, tashkilotlar va jamoat binolarini 24 soat davomida uzluksiz xavfsiz ichimlik suvi va tegishli sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlash masalasi bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro miqyosdagi hamkorlikni taqozo etdi.

Nafaqat moliyalashtirish, balki baholash-ekspertiza sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun, hukumat tashqi yordamga ehtiyoj sezib, YTTB va uning donorlariga murojaat qildi.

Xo‘jand aholisi uchun suv ta’minoti va oqova suv tizimlari infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Xo‘jand suv ta’minoti tashkilotiga YTTB tomonidan 6,55 million AQSH dollari (57,8 million tojik somoniysi), Shveytsariyaning iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) tomonidan 12,47 million AQSH dollari (110 million tojik somoniysi) miqdorida mablag‘ ajratildi.

“YTTB shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilishga sarmoya kiritmoqda. Bu – mintaqaning iqtisodiy rivoji uchun muhim hissa”, dedi Dushanbedagi YTTB bosh ofisi rahbari Ayten Rustamova.

“Mazkur loyiha Xo‘jandda yashovchi odamlar uchun qanday o‘zgarishlar olib kelganini ko‘rib turibmiz va bunga hissa qo‘shganimizdan mamnunmiz.”

Ajratilgan mablag‘ yangi quvurlar va suv ta’minoti tarmoqlari, uy-joylar uchun suv o‘lchagichlari, suv va oqova nasoslarini almashtirish, shu bilan birga, suv ta’minoti quvvatini oshirish maqsadida yangi quduqlar qazishga sarflandi. Keyingi bosqichda Xo‘jand oqova suvlarni qayta ishlash stansiyasini tiklash ishlari olib boriladi.

Infratuzilmaga investitsiyalarning kiritilishi “mo’tadil” infratuzilma siyosati va huquq tizimini takomillashtirish bilan amalga oshdi.

SECO loyihani ishlab chiqish va uni amalga oshirish ishlarini moliyalashtirdi, Finlandiya esa shahardagi suv manbalari va uni saqlash, yetkazib berish va qayta ishlashni tahlil qilishga qaratilgan bosh rejaga mablag‘ ajratdi.

Norvegiya Xo‘jand suv ta’minoti tashkilotining moliyaviy va operativ faoliyatini yaxshilashning eng yaxshi usullarni topishga qaratilgan dastur uchun donorlik mablag‘larini taqdim etdi.

Bundan tashqari, YTTBning o‘tish iqtisodiyoti davlatlari uchun mo‘ljallangan jamg‘armasi suv xo‘jaligi tashkilotining institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan korporativ rejani moliyalashtirdi, bunda har qanday qaror qabul qilish oldidan uni fuqarolar muhokamasiga qo‘yishga imkon beradigan platforma ham ko‘zda tutilgan.

Natijada, Xo‘jandning muruvvatli insonlari Xo‘jand suv ta’minoti tashkilotining iqtisodiy tomondan o‘z xarajatlarini qoplash va ularning aholi uchun hamyonbop bo‘lishiga erishdilar.

“Shveytsariya YTTB bilan bir qatorda, Xo‘jand hokimiyati va Xo‘jand suv ta’minoti tashkilotini qo‘llab-quvvatlaganidan faxrlanadi. Dasturning asosiy maqsadi suv ta’minoti va sanitariyasini yaxshilash orqali yashash sharoitlari va iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilashdir. Bu xavfsiz va keng qamrovli suv bilan ta’minlash, oqova suvlarni tozalash hamda sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilashini o‘z ichiga oladi”, deydi Tojikistondagi Shveytsariya hamkorlik idorasining rahbari Valburga Roos.

Suv hayot demakdir

Ushbu o‘zgarishlarning barchasi 161 ming aholi, shuningdek, 571 korxona va 230 davlat tashkiloti, jumladan, maktab va shifoxonalar hayotini tubdan yaxshiladi.

Yangi tizim noqonuniy o‘rnatilgan umumiy kranlar va quvurlarning zanglashi tufayli suv ifloslanishidan kelib chiqadigan kasalliklarga chalinish hollarini kamaytirishga yordam bergan.

“Suv sifati birga, suv ta’minoti ham yaxshilandi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda buyrak kasalliklariga chalinish holatlari ham keskin kamaysa kerak”, deydi Xo‘jand viloyati kasalxonasi shifokori A’zamxon Kamolov.

Xo‘janddagi 6-o‘rta maktab o‘quvchisi Manija Ziyoboy xavfsiz ichimlik suvining ahamiyati haqida so‘zlar ekan, jumladan, shunday dedi: “Suvsiz hayot yo‘q. U bizga yemak tayyorlash, ichish va kir yuvish uchun kerak. Iflos suv ichadigan bo‘lsak, kasallikka chalinishimiz mumkin”.

“Biz toza suvdan oqilona foydalanishimiz zarur, chunki u salomatligimiz poydevoridir”.

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha

Xoʻjand viloyatining Isfara shahrida ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq inqirozli vaziyat yuzaga keldi. Suv quvurlari 40 yil oldin oʻrnatilgan va shu darajada yomonlashganki, odamlar ulardan foydalana olmaydilar. Suv quvurlarini taʼmirlash uchun mahalliy aholi qaysi xalqaro tashkilotga murojaat qilsin?

Javob berish