TOSHKENT – Rossiyaning Ukrainaga bosqini Xitoy uchun Markaziy Osiyoda yangi siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarni paydo qildi, bu esa Pekin taʼsirining kengayishi bilan bogʻliq xavf-xatarlarini keltirib chiqarmoqda.
7-8-iyun kunlari Nur-Sultonda “Xitoy-Markaziy Osiyo” muhokama guruhidagi tashqi ishlar vazirlarining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev va uning xitoylik hamkasbi Van I “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishiga oid hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirish muhimligini qayd etdilar, deb xabar beradi Qirgʻiziston TIV.
Mazkur temiryoʻl qurilishi shu yil kuzda boshlanishi kutilmoqda, deb xabar bergan 24.kg may oyida.
Bu va Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar (Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston) temir yoʻli Markaziy Osiyoni mintaqalararo transport va logistika yoʻlaklariga integratsiyalashuvida muhim ahamiyatga ega, dedi uchrashuvda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, deb xabar beradi Kun.uz.
Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston temir yoʻli qurilishi allaqachon boshlangan, deb yozgan edi Kun.uz mart oyida sanaga oydinlik kiritmay.
24.kg xabariga koʻra, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli 1991-yildan keyingi Qirgʻiziston tarixidagi eng yirik loyiha boʻladi, deb aytgan Qirgʻiziston bosh vaziri Oqilbek Japarov may oyida vazirlar mahkamasi yigʻilishida.
Loyiha Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan Markaziy Osiyo davlatlariga, soʻngra Yaqin Sharq va janubiy Yevropaga yangi temir yoʻl koridorini yaratishga imkon beradi.
Rossiya Ukrainaga bosqin bilan ovora boʻlib turgan bir paytda Xitoyning taʼsiri kuchayib borishi kutilmoqda.
Bishkeklik jurnalist va tahlilchi Odil Turdiqulovning aytishicha, Xitoyning Qirgʻiziston iqtisodiyoti va tashqi savdosidagi ishtiroki urushdan oldin ham salmoqli edi.
Endi esa bu jarayon yanada faollashdi, chunki Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo hajmi kamayib, investitsiya imkoniyatlari pasaygan, deydi u.
Oʻsayotgan qarzlar
Bunday taʼsir natijasida Markaziy Osiyo davlatlari oldida Pekinning qarz tuzogʻiga tushib qolish xavfi ortadi.
Xitoy banklari “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Markaziy Osiyoda togʻ-kon sanoati loyihalarini, yoʻllar, koʻpriklar, gidroelektrostansiyalar, metrolar va boshqa yirik obyektlar qurilishini moliyalashtirib kelmoqda.
“Tashqi qarzimizni diversifikatsiya qilishimiz va kamaytirishimiz kerak. Bu Qirgʻiziston uchun juda muhim”, dedi Turdiqulov.
Kaktus.media maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻizistonning Xitoy oldidagi tashqi qarzi oʻn yil avvalgiga nisbatan 6,5 barobarga oshib, qariyb 1,5 milliard dollarga koʻpaygan.
2021-yilda u 1,77 milliard dollar yoki Qirgʻiziston umumiy tashqi qarzining 42,5 foizini tashkil etgan edi.
Qirgʻiziston oʻz qarzlarini toʻlay olmasa yoki toʻlashni kechiktirsa, xitoyliklar oʻzlari moliyalagan va ular uchun kredit bergan obyektlarni tortib oladi, degan edi Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 2021-yil martda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida.
“Masalan, [Bishkekdagi] issiqlik elektr stansiyasi, “Shimol-Janub” yoʻli va “Datka-Kemin” elektr uzatish liniyasi. Biz bu loyihalar uchun pul olganmiz”, dedi u.
Bishkek elektr stansiyasini modernizatsiya qilish toʻrt yil davom etdi va buning uchun Qirgʻiziston Xitoydan 386 million dollar qarz oldi. Biroq 2018-yil yanvarida – 2017-yil avgust oyidagi tantanali ochilish marosimidan bir necha oy oʻtib, stansiya ishdan chiqdi va Bishkek toʻrt kun davomida issiqlik taʼminotisiz qolib ketdi.
“Toʻlov amalga oshmasa, obyektlar boshqaruvi boshqa tomonga oʻtishini koʻzda tutuvchi shartnoma imzolaganmiz. Agar bu yetarli boʻlmasa, ular boshqa obyektlarga ham haqli boʻladi”, deydi Japarov.
Oʻtgan yil oxirida Oʻzbekiston Xitoydan 4,2 milliard dollar qarzdor boʻlgan, bu umumiy qarzning 16,7 foizini tashkil qilgan.
Markaziy Osiyoning yana bir davlati – Tojikiston Pekindan qariyb 1,1 milliard dollar qarz boʻlib, bu – mamlakat tashqi qarzining 35 foizini tashkil qiladi.
Ayni paytda Markaziy Osiyodagi eng yirik qarzdor Qozogʻiston hisoblanadi. Qozogʻiston Milliy banki maʼlumotlariga koʻra, 1-yanvar holati boʻyicha uning Xitoydan qarzi 9 milliard dollarga yetgan.
Xavfli qaramlik
Umuman olganda, Rossiyaning mintaqadagi iqtisodiy va siyosiy taʼsirining kutilayotgan zaiflashuvi muayyan boʻshliq hosil qiladi, uni esa Xitoy toʻldirishi aniq, deydi Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tashkiloti rahbari Alisher Ilhomov.
“Xitoy Rossiyani bu pozitsiyalardan siqib chiqargach, mintaqaning asosiy savdo sherigi va investoriga aylanadi”, deydi Ilhomov.
“Markaziy Osiyo davlatlari ehtiyot boʻlishi va Xitoyga iqtisodiy jihatdan haddan tashqari qaram boʻlib qolmaslikka harakat qilishi lozim”, dedi u.
Aftidan, Pekinning qoʻshnilariga nisbatan hududiy daʼvolari koʻpayadi. Ayni damda asosiy bosim Janubiy Osiyo davlatlari, shuningdek, Xitoyga (2011-yilda qarz evaziga) kichik hududini berib qoʻygan Tojikistonga toʻgʻri kelmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.
Oʻzbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, Xitoy – tashqi siyosatda katta ambitsiyalarga ega avtoritar davlat boʻlib, unga ayniqsa, moliyaviy nuqtai nazardan haddan tashqari qaram boʻlish xatarlidir.
“Mintaqaning ayrim mamlakatlarida, xususan, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda aksil-Xitoy kayfiyati juda kuchli. Shuning uchun menimcha, savdo va investitsiya oqimini diversifikatsiya qilish oqilona ish boʻladi”, dedi Yusupov.
Xitoy Gʻarb sanksiyalariga duchor boʻlgan Rossiyaga muqobil boʻlib koʻrinsa-da, “Xitoy ham, Rossiya ham avtoritar rejimlar tomonidan boshqariladi, ularning taʼsiri Markaziy Osiyoda institutsional taraqqiyotga salbiy taʼsir qiladi”, deydi u.
“Ikkala davlat ham oʻziga qoʻshni mamlakatlarda avtoritar va korrupsiyalashgan rejimlarni qoʻllab-quvvatlashga moyil. Va bu mintaqa uchun muammo: “oq ritsarlar” yoʻq, faqat “qoralar”, deydi Yusupov.