Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Xitoyning ulkan kreditlari mamlakatlarni qarzdorlik domiga tortmoqda

Karvonsaroy va AFP

Xitoy prezidenti Si Szinpin 2019-yil 27-aprel kuni Pekin tashqarisida oʻtgan “Bir kamar – bir yoʻl” forumining soʻnggi kunidagi matbuot brifingida soʻzlamoqda. [Van Chjao/AFP]

Xitoy prezidenti Si Szinpin 2019-yil 27-aprel kuni Pekin tashqarisida oʻtgan “Bir kamar – bir yoʻl” forumining soʻnggi kunidagi matbuot brifingida soʻzlamoqda. [Van Chjao/AFP]

ASHXOBOD – Turkmanistonning koʻp milliard dollarlik gaz quvuri va gaz bilan bogʻliq yana bir loyiha uchun Xitoydan qarzini uzgani haqidagi eʼlonidan soʻng yuzaga chiqqan tafsilotlar Xitoyning “qarz tuzogʻi diplomatiyasiga” oid saʼy-harakatlaridan darak bermoqda.

Xitoy Turkmanistondan eng koʻp gaz sotib oladigan mamlakat sifatida uning gaz sohasini rivojlantirishga milliardlab dollar sarmoya kiritgan.

Sharqiy Turkmanistondan boshlanib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston orqali Xitoyga boradigan Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvuri va dunyodagi ikkinchi eng katta gaz koni boʻlgan Galkinishdagi koʻp bosqichli loyiha – Pekinning mamlakatdagi asosiy loyihalari hisoblanadi.

2011-yilda mamlakatga tashrif buyurgan Xitoy Taraqqiyot bankining (CDB) oʻsha paytdagi rahbari Szyan Chaolyan bank bu loyihalarni amalga oshirish uchun Turkmanistonga 8,1 milliard dollar qarz berganini aytgan edi.

2009-yilda Turkmanistonning Samantepasidagi neftni qayta ishlash zavodining ochilish marosimi oldidan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bayroqlarini ushlab turgan ishchilar. [STR/AFP]

2009-yilda Turkmanistonning Samantepasidagi neftni qayta ishlash zavodining ochilish marosimi oldidan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bayroqlarini ushlab turgan ishchilar. [STR/AFP]

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov (chapda) 2014-yil 12-may kuni Pekinda hujjatlarni imzolash marosimida xitoylik hamkasbi Si Szinping bilan qoʻl siqishmoqda. [Jeyson Li/AFP]

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov (chapda) 2014-yil 12-may kuni Pekinda hujjatlarni imzolash marosimida xitoylik hamkasbi Si Szinping bilan qoʻl siqishmoqda. [Jeyson Li/AFP]

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning soʻzlariga koʻra, Turkmaniston Xitoy tarafidan Galkinish quvurini barpo etish va ilk bosqichini oʻzlashtirish loyihasi uchun taqdim etilgan kreditni “oʻz vaqtida va toʻliq” uzgan. Bu haqda davlatga qarashli “Betaraf Turkmaniston” gazetasi 12-iyun kuni xabar bergan.

Xuddi shu xabar Turkmanistonning neft va gaz mutasaddisi Shaxim Abdurahmonovning bayonotida ham oʻz aksini topgan boʻlib, unda aytilishicha, CDB 8-iyun kuni Turkmanistonga yuborgan bildirishnomasida qarzlar toʻliq qaytarilganini tasdiqlagan.

Biroq, Berdimuhamedov ham, Abdurahmonov ham toʻlangan qarz miqdorini ochiqlamagan.

Bu borada shaffoflikning yoʻqligi ajablanarli holat emas.

Virjiniyadagi Uilyam va Meri universitetining tadqiqot laboratoriyasi – AidData tomonidan olib borilgan koʻp yillik oʻrganishlarga koʻra, Xitoy kreditlari shartlarining sir tutilishi odatiy holga aylangan.

Xitoy shartnomalarida odatdagidan ancha kengroq maxfiylikka oid shartlar boʻlib, ularga koʻra, qarz oluvchila shartlarni yoki ayrim hollarda hatto qarz berilganini oshkor qila olmaydilar, deb yozgan AidData 31-mart kuni.

Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, maxfiylikka oid shartlar birinchi marta 2008-yilda kiritilgan va vaqt oʻtishi bilan chuqurlashib borgan.

2014-yildan boshlab AidData tomonidan oʻrganilgan maʼlumotlar toʻplamidagi har bir shartnomada “uzoqqa boruvchi maxfiylik bandlari” mavjud boʻlgan.

CDBning barcha va Xitoy eksport-import bankining (Xitoy Eksimbanki) 43% shartnomalari shunday bandlarni oʻz ichiga olgan, deyiladi Aiddata hisobotida.

“Maxfiylik cheklovlari orqali bu kreditlar ularni soliqlar orqali qaytaradigan xalqdan sir tutiladi”, deyiladi xabarda.

Noshaffof bitimlar

Qoʻshimcha maʼlumotlarga ega boʻlmay, Turkmaniston Xitoydan qanday qilib qarzini uzganini bilish imkonsiz.

Yana bir ehtimol shuki, Turkmaniston Xitoyga eksport qilayotgan gazidan daromad olayotgani yoʻq . Tahlilchilarning taʼkidlashicha, katta ehtimol bilan, gazning puli Pekindan olingan koʻp milliardlik qarzni uzishga ketmoqda.

Bunday kelishuv Turkmanistondagi turmush darajasi turgʻunligi, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning kuchayishi va oziq-ovqat tanqisligi sharoitida imzolangan boʻlishi mumkin.

Xitoy rasman dunyodagi eng yirik kreditor davlat hisoblanadi, iqtisodi shakllanayotgan va rivojlanayotgan davlatlarning uchdan biri Xitoyga oʻz yalpi ichki mahsulotining (YIM) 5 foizidan koʻprogʻi miqdorida qarzdor.

Xitoyning aksariyat kreditlari oʻrta va past daromadli mamlakatlariga yoʻnaltiriladi, koʻpchiligi “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi doirasida taqdim etiladi.

Bu tashabbus 2013-yilda Xitoy prezidenti Si Szinpin tarafidan Xitoyning iqtisodiy va siyosiy taʼsirini kengaytirish maqsadida ishga tushirilgan boʻlib, uning doirasidagi koʻplab infratuzilmaviy rejalar Xitoy mahsulotlarini dunyo mamlakatlariga yetkazib berishni koʻzlaydi.

Tanqidchilarga koʻra, Xitoy ushbu ulkan investitsiya loyihasining yashirin maqsadlari borligini inkor etsa-da, oʻz taʼsirini kuchaytirish uchun moliyaviy vositalar yordamida “qarz tuzogʻi diplomatiyasini” olib bormoqda. Bu usul qarzdor davlatlar moliyaviy muammolarga duch kelganida, ularning strategik obyektlarini tortib olishga imkon beruvchi qattiqqoʻl shartlar va kelishuvlarni majburan ilgari surishni koʻzda tutadi.

Pekin mamlakatlarni qarz domiga tortadigan va suverenitetiga putur yetkazadigan noshaffof shartnomalar orqali ularning qaramligini kuchaytirmoqda, degan edi 2018-yilda AQSHning oʻsha vaqtdagi davlat kotibi Reks Tillerson.

Xitoyning ayovsiz kreditlaridan xavotir bildirgan eng yirik rivojlangan demokratik davlatlar liderlari 12-iyun kuni G7 sammitida “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi bilan raqobatlashuvchi va nochor davlatlarda infratuzilma barpo etishga koʻmaklashuvchi rejani qabul qilganlar.

Dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlari infratuzilmasi 40 trillion dollardan ortiq sarmoyaga muhtoj, bu boʻshliq COVID-19 pandemiyasi tufayli yanada chuqurlashgan, deyiladi Oq uy bayonotida.

“Zamonaviy dunyoni barpo etish” (B3W) loyihasi global miqyosda amalga oshiriladi va “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusining “qadriyatlarga asoslangan, yuqori sifatli va shaffof” muqobiliga aylanadi.

“B3W kelgusi yillarda past va oʻrtacha daromadli mamlakatlar uchun yuzlab milliard dollar infratuzilmaviy investitsiyalarni jadallashtiradi”, deyiladi xabarda.

Moliyalashtirish atrof-muhit va iqlim, mehnat xavfsizligi, shaffoflik va korrupsiyaga qarshi kurashga eʼtibor qaratadi va Xitoyning noshaffof moliyalashtiruvining aksi boʻladi.

Markaziy Osiyodagi qurbonlar

Xitoyning qarz sirtmogʻi shuningdek, Qirgʻiziston uchun ham real tahdid hisoblanadi, deydi tahlilchilar.

Mart oyi holatiga koʻra, Qirgʻizistonning tashqi qarzi 5 milliard dollarni tashkil etgan, uning katta qismi (40% dan koʻprogʻi) Xitoyning Eksimbankiga tegishli, deb xabar beradi mamlakat moliya vazirligi.

2020-yilda pandemiya Qirgʻiziston yalpi ichki mahsulotiga jiddiy zarba berdi. Inqiroz sababli Qirgʻiziston qarzlarini toʻlay olmay qoldi.

Oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy qiyinchiliklar sabab Qirgʻiziston hukumati bir necha bor Xitoydan kredit shartlarini yengillatishni, jillaqursa toʻlov muddatini uzaytirib berishni soʻragan.

Qariyb bir yil davomida bu iltimoslarni eʼtiborsiz qoldirib kelgan Pekin nihoyat noyabr oyida 2020-yil uchun toʻlovni kelasi toʻrt yilga boʻlib berishga rozi boʻldi, ammo bu “imtiyoz” evaziga qarzga yana 2 foizlik ustama qoʻshdi.

“Xitoydan olingan qarzlarni vaqtida qisman qaytara olmasak, koʻp obyektlarimizni yoʻqotamiz”, degan edi Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 13-fevral kuni Kabar agentligiga.

Xitoy tenderlarning xitoylik kompaniyalarga (ular orasida mojarolarga aralashgan kompaniyalar ham bor) berilishi sharti bilan Qirgʻizistonga yoʻllar, energiya infratuzilmasi va fabrikalar qurish uchun kredit taqdim etgan.

2018-yil boshida Bishkekda xitoylik kompaniya tarafidan modernizatsiya qilingan elektr stansiyasi ishdan chiqib, 20 daraja sovuqda bishkekliklarni issiqliksiz qoldirgan edi.

Yana bir mojaroli holat Issiqkoʻlning shimoliy qirgʻogʻi boʻylab choʻzilgan 104 km uzunlikdagi avtomobil yoʻli qurilishi bilan bogʻliq.

Xitoyning “Longhai Road and Bridge Corporation” kompaniyasi 2015-yil oxirida avtomagistralni qurish boʻyicha tenderda gʻolib boʻlgan. Qurilish 2017-yilda yakunlanishi kerak edi, ammo uzoq yillarga choʻzilib ketdi. 2019-yilda ishchilar kompaniyaning maosh toʻlamayotganidan shikoyat qilgan edilar.

Avtomagistralning taxminan 20 kilometrlik uchastkasi hozirga qadar bitmagan, tugallangan qismining yuzasida esa yoriqlar paydo boʻlmoqda.

Tojikiston ham xavf ostidagi mamlakatlardan biridir.

2018-yilning bahorida u “Dushanbe-2” elektrostansiyasining modernizatsiyasi boʻyicha 330 million dollarlik qarzni toʻlash uchun Soʻgʻd viloyatidagi Yuqori Qumarg oltin konini 50 tonna oltin zaxirasi bilan Xitoyga bergan.

“Tojikiston qarz tufayli Pekinga qaram boʻlib qoldi”, degan edi oʻshanda dushanbelik huquqshunos olim Shokir Hakimov EurAsia Daily bilan suhbatda. Shu sababli, rasmiylar qarzlarni toʻlay olmasliklarini anglab, Xitoyning taklifiga rozi boʻlishdi va unga oltin konini topshirishdi”, dedi u.

Bu orada Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi yerlarini chet elliklarga sotishni taqiqlovchi yangi qonun bilan voqealarning shu kabi rivojiga yoʻl qoʻymaslik choralarni koʻrmoqda.

13-may kuni prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev mamlakatga nisbatan Xitoyning hududiy tajovuzi va investitsiyaviy rejalari borasidagi xavotirlarni tasdiqlovchi qonunni imzolagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Birinchidan, nimaga kredit olishadi? Ikkinchidan, ularni qaytarishga ne hojat?

Javob berish