Karvonsaroy
Siyosat

Moskva bosib olingan Ukraina hududlarida tashviqot choralarini kuchaytirmoqda

Aleksey Kostenko

Xerson (Ukraina) shahrining havodan olingan surati, 20-may kun. Ukrainaning Moskva nazoratidagi Xerson viloyati maʼmuriyati 23-may kuni rublning Ukraina grivnasi bilan bir qatorda rasmiy valyuta sifatida muomalaga kiritilishini eʼlon qildi. Xerson shahri 24-fevral kuni Moskvaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin Rossiya qoʻshinlari qoʻliga oʻtgan birinchi yirik shahar boʻldi. [Andrey Borodulin/AFP]

Xerson (Ukraina) shahrining havodan olingan surati, 20-may kun. Ukrainaning Moskva nazoratidagi Xerson viloyati maʼmuriyati 23-may kuni rublning Ukraina grivnasi bilan bir qatorda rasmiy valyuta sifatida muomalaga kiritilishini eʼlon qildi. Xerson shahri 24-fevral kuni Moskvaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin Rossiya qoʻshinlari qoʻliga oʻtgan birinchi yirik shahar boʻldi. [Andrey Borodulin/AFP]

KIYEV – Ishgʻol qilingan Xerson viloyatida yashovchi ukrainaliklar Moskvaning tashviqot choralariga qarshi bor kuchi bilan kurashmoqda.

Moskva tomonidan anneksiya qilingan Qrim yaqinidagi Xerson shahri fevral oyida Kreml Ukrainaga bostirib kirganidan keyin Rossiya qoʻshinlari qoʻliga oʻtgan birinchi yirik shahar boʻldi. Viloyatning asosiy qismi urush boshlanganidan beri rossiyaliklar tomonidan bosib olingan.

Oʻshandan beri Moskva ruslashtirish kampaniyasini boshlab, rublni muomalaga kiritishga urindi, Rossiya pasportlarini chiqardi va iyun oyi oxirida Rossiya bankini ochdi.

Rossiya rasmiylari ham viloyatda tashviqot ishlarini kuchaytirib, tanqid ovozlarini bostirdi.

20-may kuni olingan ushbu suratda Xerson viloyati Skadovsk shahri koʻchalarining biri rossiyalik harbiy xizmatchilar patrul nazoratini olib borayotgan mahal xiyobonda bolasi bilan sayr qilayotgan ayol aks etgan. [Olga Maltseva/AFP]

20-may kuni olingan ushbu suratda Xerson viloyati Skadovsk shahri koʻchalarining biri rossiyalik harbiy xizmatchilar patrul nazoratini olib borayotgan mahal xiyobonda bolasi bilan sayr qilayotgan ayol aks etgan. [Olga Maltseva/AFP]

20-may kuni olingan surat: Xerson viloyati Skadovsk shahri koʻchalarining birida patrul nazorati olib borayotgan rossiyalik harbiy xizmatchilar yonidan oʻtib ketayotgan velosipedchi. [Olga Maltseva/AFP]

20-may kuni olingan surat: Xerson viloyati Skadovsk shahri koʻchalarining birida patrul nazorati olib borayotgan rossiyalik harbiy xizmatchilar yonidan oʻtib ketayotgan velosipedchi. [Olga Maltseva/AFP]

Xerson viloyatida yashovchi ukrainaliklar Rossiyaning bosqinchi kuchlari tomonidan bloklangan mahalliy telekanallarni tomosha qilish imkonidan mahrum boʻlishgan.

Rossiya armiyasi mart oyidayoq Xerson shahrida Rossiya telekanallarini koʻrsata boshladi va Ukraina koʻrsatuvlari oʻrniga Rossiya dasturlarini efirga uzatishni yoʻlga qoʻydi.

21-iyun kuni Xerson viloyatidagi yettita teleminoraning oxirgisi qayta sozlandi.

“Ommaviy axborot instituti” jamoatchilik tashkilotining mintaqaviy vakili Sergey Nikitenkoning aytishicha, telestantsiya va qamoqxona Xerson shahrida Rossiya harbiylari tomonidan egallab olingan ilk obʼektlar boʻlgan.

“Ular televideniye va qamoqxonadan tashqari hech qanday maʼmuriy binolar ham, shahar hokimiyati ham qiziqtirgani yoʻq”, dedi u.

Ukrainaliklar qarshilik koʻrsatmoqda

Bosqinning ilk oyida aksar ukrainalik jurnalistlar Xersonda ochiq faoliyati olib borishni toʻxtatgan.

Ular orasida Ukrainaning “1+1” telekanali hududiy muxbiri Yelena Vanina ham bor.

“Avvaliga Xersondan bevosita efirga chiqar edim. Keyinroq bunday qilish xavfli boʻlib qolgani uchun toʻxtatishga qaror qildik. [Rahbariyat] mendan oʻzimni shaharda yoʻqdek qilib koʻrsatishimni soʻradi”, deydi iyun oyiga kelibgina oilasi bilan joʻnab ketgan Vanina.

Ukraina taraf boʻlib munosabati bildiruvchi koʻplab markaziy osiyoliklar ham, xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi kundalik muhokamalarda Rossiyaning axborot urushi nishoniga aylanib bormoqda.

Xerson shahri va viloyatidagi barcha voqealar 2014 yilda Qrim va Donbassda ishga solingan stsenariyga asosan yuz bermoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

“Ular hamma narsani eski uslubda amalga oshirishdi. Hatto metodik qoʻllanmani ham oʻzgartirmadilar. Ishni televideniyedan boshladilar, Ukraina kanallari bloklab, uning oʻrniga oʻz kanallarini translyatsiya qilishmoqda”, dedi u.

Biroq, Xerson viloyati aholisi qarshilik koʻrsatmoqda, deydi Vanina.

“Ularning tashviqoti kimgadir taʼsir qilyapti, deb oʻylamayman”, dedi u.

Xersondagi beshta xususiy telekanalidan faqat bittasi bosqinchi kuchlar bilan toʻliq hamkorlik qilmoqda, mahalliy teleradiokompaniyalar esa ular bilan ishlashdan bosh tortmoqda.

“Bir oydan soʻng ular egallab olingan telestantsiyada oʻz telekanallarini ochayotganliklarini eʼlon qilishdi, oʻz ishining ustalari – jurnalistlar, operatorlar, rejissyorlarni ishga taklif qilishdi”, dedi Vanina.

“Hech kim kelishni xohlamadi.”

Qrimda Rossiya tashviqoti toʻxtamagan, Xerson viloyatidagilar esa soʻnggi olti yil davomida Rossiya televideniyesi koʻrsatuvlarini koʻrishmagan, dedi Nikitenko.

“Bu ijobiy taʼsirga ega boʻldi”, dedi u. “Odamlar shu vaqtgacha Ukraina televideniyesini tomosha qilishgan. Ruslar oʻz telekanallarini qaytadan ishga tushirganida, [ularda] jirkanish paydo boʻldi, chunki oradagi farq maʼlum edi”.

Rossiyaliklar shaharga kirganlaridan toʻrt oy oʻtibgina, Xersonda birinchi toʻlaqonli gazetani chiqarishga muvaffaq boʻldilar, dedi Nikitenko.

“Masalan, bungacha Kaxovkada ular oddiy Word orqali sahifalangan gazeta chiqarishgan”, dedi u.

Internetdagi muqobillar

30-may kuni Rossiya harbiylari butun viloyatni mobil aloqa va internetdan uzib qoʻyishgan.

“Ular uyali aloqani tiklashgani yoʻq, biroq internet ishga tushgan. Barcha provayderlarning Qrimga qayta ulanishi talab qilingan edi”, deydi urushning birinchi kunlaridanoq Xerson viloyatining axborot maydonini kuzatib borayotgan Nikitenko.

“Hozirda bu provayderlarning baʼzilari Ukrainaning yangiliklar va ijtimoiy-siyosiy saytlarini bloklayapti”, dedi u.

Ammo bosib olingan hududlardagi ukrainaliklar shunday qiyinchiliklarga duch kelishsa ham, Ukraina manbalaridan maʼlumot olishga qodir.

“Ukrainaliklar VPNdan [virtual xususiy tarmoq] foydalanishlari mumkin”, deydi Ukraina hukumatining dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andriy Shapovalov.

“Yaʼni, har kim oʻz telefoni va kompyuteridagi maxsus dastur yordamida yana Ukraina yangiliklari bilan tanishishi, telemarafonni koʻrishi yoki Telegramdagi ukrain kanallarini oʻqishi mumkin”, dedi u.

“Smartfon yoki kompyuterga VPN oʻrnatish va undan toʻgʻri foydalanishni tushuntirish Milliy qarshilik markazining vazifalaridan biridir”, deydi xavfsizlik vajidan oʻzini Ostap deb tanishtirgan markaz vakili.

Milliy qarshilik markazi – ishgʻol qilingan hududlarda Ukraina aholisi bilan ishlaydigan partizanlik tashkilotidir.

“Materiallarimizda bocqinchilarning cheklovlarini chetlab oʻtish yoʻllarini tushuntirishdan tashqari, qoʻporuvchilikni toʻgʻri amalga oshirish boʻyicha ham batafsil koʻrsatmalar berilgan”, dedi u.

“Va biz allaqachon buning taʼsirini koʻryapmiz. Xersonda bugungi kunda tadbirkorlar oʻrtasida Rossiya qoidalari va qonunlariga rioya qilish boʻyicha yakdil kelishuv yoʻq.”

“Bosqinchi maʼmuriyat faoliyat koʻrsatmayapti. Unga mutlaqo ishonch yoʻq. Hech kim unga murojaat qilayotgani yoʻq. Ular [bosqinchilar] Buyuk Rossiya haqida gapirsa-da, oʻzlari eng oddiy ishlarni ham bajara olmaydi”, deydi Ostap.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500