Karvonsaroy
Siyosat

Rossiyadagi tub xalqlar faollari oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga oid masalani koʻtarib chiqmoqda

Kanat Altinbayev

2019-yil 18-may kuni Kiyevda Qrim tub aholisining Sovet Ittifoqi tomonidan deportatsiya qilinganiga 75 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan xotira marosimida “Putin, uyingga ket” deb yozilgan plakatni ushlab turgan erkak. 2022-yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan tahlilchilar Rossiyaning koʻp millatli davlatlarga boʻlinib ketish ehtimoli kuchayishini taxmin qilmoqdalar. [Jenya Savilov/AFP]

2019-yil 18-may kuni Kiyevda Qrim tub aholisining Sovet Ittifoqi tomonidan deportatsiya qilinganiga 75 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan xotira marosimida “Putin, uyingga ket” deb yozilgan plakatni ushlab turgan erkak. 2022-yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan tahlilchilar Rossiyaning koʻp millatli davlatlarga boʻlinib ketish ehtimoli kuchayishini taxmin qilmoqdalar. [Jenya Savilov/AFP]

OLMAOTA – Rossiyadagi olti tub xalq vakillari Ukrainaning rus bosqinchilariga qarshi kurashidan ilhomlanib, Rossiya “mustamlakachiligidan xalos boʻlish” va “toʻliq suverenitetga erishish” yoʻlida yangi siyosiy koalitsiya tuzdilar.

Cultural Survival veb-sayti maʼlumotlariga koʻra, Rossiyada 100 dan ortiq etnik guruhlar mavjud boʻlib, ulardan 41 tasi “tub xalqlar” deb tan olingan va qonuniy himoyaga ega. Ayrim guruhlar 50 mingdan ortiq aholiga ega boʻlgani uchun diskvalifikatsiya qilingan, boshqalari esa oʻzlarining tan olinishi yoʻlida harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, milliy oʻzlik yoki titulli millat sifatida tasniflangan 24 ta yirik etnik guruh ham bor. Ular mustaqil davlatlar yoki Rossiyadagi avtonom hududlarda istiqomat qilishadi, lekin alohida huquqiy himoyaga ega emaslar.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi tobora obroʻsizlanib borar ekan, ayrim faollar va tahlilchilar yaqin yillarda Rossiyada katta oʻzgarishlar yuz berishini bashorat qilmoqdalar.

Erzyan xalqining bosh oqsoqoli Sires Bolayen (oʻrtada) fevral oyi oxiridan beri Ukraina hududiy mudofaa kuchlari safida jang qilmoqda. May oyida Bolayen va tub xalqlarga mansub boshqa besh nafar rossiyalik yetakchi Rossiyadan suverenitetni himoya qilish uchun Erkin millatlar ligasi platformasini tuzgan. [Ozod Idel-Ural/YouTube]

Erzyan xalqining bosh oqsoqoli Sires Bolayen (oʻrtada) fevral oyi oxiridan beri Ukraina hududiy mudofaa kuchlari safida jang qilmoqda. May oyida Bolayen va tub xalqlarga mansub boshqa besh nafar rossiyalik yetakchi Rossiyadan suverenitetni himoya qilish uchun Erkin millatlar ligasi platformasini tuzgan. [Ozod Idel-Ural/YouTube]

Ushbu ehtimoliy oʻzgarishlarga tayyorgarlik koʻrish uchun olti etnik guruh – boshqird, buryat, ingush, qalmiq, erzyan va adigeylar vakillari may oyi oxirida Erkin millatlar ligasi tuzilganini eʼlon qildilar. Ularning tugʻilib oʻsgan hududlari Rossiyaning Yevropa qismidan Uzoq Sharqqa qadar choʻzilgan.

Tashkilot tomonidan Internetda eʼlon qilingan bayonotda tub xalqlar liderlari “subyektlik prezumpsiyasi” tamoyili aks etgan manifestni ochiqlaganlar.

Bu shuni anglatadiki, agar Rossiyada amaldagi rejimi qulasa, uning mintaqalari suverenitetga ega boʻlish uchun hech kimga murojaat qilishi shart emas.

“Bugungi kunda Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi tufayli jahonda yirik siyosiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda va bu bizga ortiq obyekt emas, balki subyekt davlat boʻlish imkonini beradi”, deydi oyrat-qalmiq xalq Kongressi va Erkin millatlar ligasi tashabbuskorlaridan biri Vladimir Dovdanov bayonotga koʻra.

“Men Rossiyadagi boshqa koʻplab xalqlarning ham xuddi shunday istagi borligini koʻrmoqdaman.”

Oʻz kelajagini oʻzi belgilash huquqi

Erzyan xalqining bosh oqsoqoli, Erkin millatlar ligasining yana bir tashabbuskori Sires Bolayen may oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining tub xalqlar boʻyicha doimiy forumida nutq soʻzlab, Rossiyadagi tub xalqlarning nochor ahvoliga eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi Ukrainaning Euromaidan Press yangiliklar sayti.

U Moskvani Rossiyadagi ichki respublikalar va tub xalqlarni ijtimoiy jihatdan qoloq va yaxshi rivojlanmagan mintaqalarga aylantirganlikda aybladi – bu yerda yoshlar Rossiya armiyasini halokatli qashshoqlikdan qutulishning yagona yoʻli deb biladilar.

Rossiya Ukrainada urush boshlanganidan beri tub xalqlardan boʻlgan koʻplab Rossiya fuqarolari (ayrimlari ixtiyorsiz ravishda) mamlakat armiyasiga jalb qilingan.

Bolayenning aytishicha, halok boʻlgan askarlarning koʻpi Shimoliy Osetiya, Buryatiya, Tuva, Dogʻiston, Ingushetiya, Chukotka va Idel-Ural mintaqalaridagi aholi hissasiga toʻgʻri keladi.

Bolayen Ukrainada boʻlib, ukrain armiyasi safida jang qilayotgan erzyanlik koʻngillilar guruhiga rahbarlik qiladi va Rossiyadagi etnik ozchiliklarning mustaqilligi uchun harakat qilayotgan yana bir tashkilotning hammuassisi hisoblanadi.

2018-yilda tashkil etilgan “Ozod Idel-Ural” harakati Volgaboʻyidagi olti ichki respublika – Boshqirdiston, Tatariston, Chuvashiya, Mordoviya, Mariy El va Udmurtiyani Rossiya tarkibidan chiqarish va “Idel-Ural” konfederatsiyasini tuzish tarafdori.

“Barcha mintaqalar, oʻz taʼrifiga koʻra, toʻliq suverenitetga erishishi va Moskvadan butunlay mustaqilligini eʼlon qilishi mumkin”, deyiladi Erkin millatlar ligasi manifestiga iqtibosan “Ozod Idel-Ural” harakatining may oyidagi bayonotida.

“Soʻng erkin hududlar sifatida yoʻl tutishi va oʻz kelajagini: mustaqil qolishi, boshqa viloyatlar va respublikalar bilan birlashishi yoki davlatlar konfederatsiyasini tuzishini oʻzi hal qilishi mumkin”.

Bayonotda aytilishicha, Erkin millatlar ligasi aksilimperialistik qarashlarga ega barchani uning safiga qoʻshilishga taklif qiladi, dedi Bolayen.

Potensial ittifoqchilarga murojaat

Erkin millatlar ligasi ishtirokchilari ishni Yevropa, Turkiya va Qozogʻiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari va siyosiy partiyalar bilan aloqa oʻrnatishdan boshlamoqchi.

Qozogʻistondagi siyosiy doiralar vakillari bu voqealarga hali ochiq munosabat bildirgani yoʻq.

Biroq, Qozogʻistonda aksil-Rossiya kayfiyati kuchaymoqda chunki rasmiylar Nur-Sultonning Moskva bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini yumshatishga bir necha bor uringanlar.

Rossiya bir yil ichida Ukrainadagi urushda magʻlub boʻladi, deb taxmin qilgan Qozogʻistonning eng yirik telekanallari boʻlmish “Xabar” va “KTK”ning sobiq menejeri, olmaotalik Arman Shurayev.

Bu magʻlubiyat Rossiyaning qulashiga olib kelishi muqarrar, uning avtonom respublikalari esa suverenitetni qoʻlga kiritadi, deydi u.

Ukrainadagi boʻlginchilar referendum oʻtkazib, mustaqil davlat boʻla olar ekan, nega endi Rossiya tarkibidagi alohida xalqlar – tatarlar, boshqirdlar, chechenlar va boshqalar bunday qila olmaydi?” dedi u.

Uning aytishicha, Kremlning oʻzi Ukrainadagi urushga asosan Rossiyadagi ozchilik guruhlardan boʻlgan erkaklarni joʻnatib, shunday tendensiyalarni keltirib chiqarmoqda.

“Ukrainada halok boʻlgan askarlarning aksariyati buryatlar, dogʻistonliklar va etnik qozoqlar”, dedi Shurayev.

“[Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning bunday tanlovi bejiz emas – Rossiyadagi ozchiliklar Moskvaga qarshi chiqa olmacliklari uchun ularning harbiy salohiyati atayin pasaytirilmoqda”.

28-fevral kuni – Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan toʻrt kun oʻtib, Rossiya adliya vazirligi Bosh prokuratura ortidan “Ozod Idel-Uralni” Rossiyadagi nomaqbul tashkilotlar roʻyxatiga kiritgan.

Qozogʻistondagi kuzatuvchilar bu chorani Kremlning ikki yoqlama standartlariga dalil oʻlaroq baholaganlar.

“Rossiya hukumati Ukrainadagi ruslarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini tan olib, oʻz hududidagi boshqa millat vakillarining ayni huquqini tan olmayotgan boʻlib chiqyaptimi?”, deydi xalqaro munosabatlar boʻyicha Nur-sultonlik ekspert Ruslan Nazarov.

“Shu adolatdanmi?”

Moskva dogʻistonliklarga referendum oʻtkazishga va suveren davlat boʻlishga yoʻl qoʻymaydi, deb aytgan u.

“Agar vaziyat keskinlashsa, Putin u yerda qonli qirgʻin boshlaydi, ammo oʻz fuqarolariga Qrim va Donbass aholisiga bergan imtiyozlarni bermaydi.”

Singan Rossiya

Ozarbayjonlik kuzatuvchilar ham Rossiya ichida ayirmachilik kayfiyati kuchayib borayotganini sezishgan.

“Rossiyaning koʻp millatli davlatlarga parchalanib ketishi ehtimoli keskin ortgan”, deb yozadi Bakudagi jurnalist va siyosiy tahlilchi Haganiy Jafarli 9-may kuni.

Rossiya parchalanishi ehtimolining asosiy omillari haqida soʻz yuritar ekan, Jafarli sanksiyalar uni global iqtisodiyotdan ihotalab qoʻygani va ichki iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni kuchaytirib, Rossiyaning tarkibiy qismlari oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarga putur yetkazganini aytgan.

Xuddi Shurayev kabi u ham Ukrainada Rossiyaning ozchilik guruhlari nomutanosib talafot koʻrganini taʼkidladi.

“Rus boʻlmaganlarni Rossiyadan ajralib chiqishga undagan yana bir jihat shuki, Ukrainaga qarshi urushda halok boʻlgan aksarlarning koʻpi mamlakatning chekka hududlaridan boʻlgan”, deb yozadi u. “Hozir bu Rossiyadagi ozchilik guruhlariga uncha taʼsir qilmasa-da, urushdan keyin keskin ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.”

Rossiyaning Ukrainaga hujumi Kremlning tub xalqlarning erkinlikka intilishini bostirish salohiyatini keskin kamaytirdi, deb yozgan Jafarli.

“Ukrainadagi urushdan oldin rus boʻlmaganlarning emansipatsiyaga erishish boʻyicha saʼy-harakatlariga harbiy va politsiya harakati, etnik elitaga neft pullari bilan pora berish orqali putur yetgan edi, ammo Rossiyaning Ukrainadagi harbiy magʻlubiyati Rossiya taʼsiridan chiqishga harakat qilayotgan ozchilikni boʻgʻish imkoniyatlarini keskin chegaralaydi”, deb yozgan u.

“Etnik diskriminatsiya va etnik ozchiliklarka nisbatan kamsitish kuchaygani” sababli Rossiyadagi mintaqaviy elitaning noroziligi ancha avval avj olgan edi.

“Shuningdek, Rossiyaning harbiy-siyosiy elitasiga qarshi sanksiyalar va urush jinoyatidagi ayblovlar mintaqaviy elitaga Moskvadan uzoqlashish uchun jiddiy omil boʻladi”, deb yozgan Jafarli.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500