PEKIN – Pekin va Xitoy kompaniyalari Gʻarbning shiddatli sanksiyalari ortidan paydo boʻlgan boʻshliqni toʻldirishga kirishar ekan, Rossiya Xitoyning eng yirik neft taʼminotchisiga aylandi.
Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi tomonidan 20-iyun kuni eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, may oyida Xitoy Rossiyadan 8,4 million tonna neft import qildi, bu esa oʻtgan yili Saudiya Arabistonidan import qilingan 7,8 million tonnadan 55 foizga koʻp.
Rossiyaning Xitoyga neft eksporti hajmi oʻtgan oyga nisbatan 28 foizga oʻsib, rekord darajaga yetdi va Kremlga 5,7 milliard dollar daromad keltirdi.
Bloomberg News maʼlumotlariga koʻra, umumiy hisobda Xitoy may oyida Rossiyadan 7,47 milliard dollarlik energetika mahsulotlarini sotib oldi – bu aprel oyidagidan qariyb 1 milliard dollarga koʻp.
Bu daromad manbai Ukrainaga shafqatsiz bosqinini davom ettirayotgan Kreml uchun hayotiy ahamiyatga ega, zero Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻzini 18-asrda Rossiya imperiyasini kengaytirgan Buyuk Pyotrga qiyoslagan.
15-iyun kuni XXR raisi Si Szinpin Putinni Xitoyning Rossiya suvereniteti va xavfsizligini qoʻllab-quvvatlashiga ishontirdi.
Xitoy Moskvaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli harbiy hujumini qoralashdan bosh tortar ekan, Gʻarb sanksiyalariga putur yetkazgan holda Rossiyani diplomatik himoya bilan taʼminlab, Kiyevga qurol-yarogʻ sotib kelgan.
Xitoy markaziy televideniyesiga (CCTV) koʻra, Si Szinpin Putin bilan telefon orqali muloqoti chogʻida Xitoy “umumiy manfaatlar hamda suverenitet va xavfsizlik kabi asosiy masalalarda [Rossiyaga] yordam berishda davom etishini aytgan.
Bu 24-fevral – minglab odamlarning hayotiga zomin boʻlgan va millionlab odamlarni qochqinga aylantirgan Putinning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri ikki lider oʻrtasidagi ikkinchi telefon suhbati boʻldi.
CCTV xabariga koʻra, Si Szinpin yil boshidan buyon “jahondagi notinchlik va oʻzgarishlar sharoitida ikki tomonlama munosabatlardagi “taraqqiyotning ijobiy dinamikasini” yuqori baholadi.
Pekin “ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik muvofiqlashtiruvni jadallashtirishga tayyor”, dedi Si.
Kremlning bayonotiga koʻra, yetakchilar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olganlar.
“Gʻarbning noqonuniy sanksiyalar siyosati tufayli jahon iqtisodiyotidagi murakkablashgan vaziyatni inobatga olgan holda, energetika, moliya, sanoat, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi”, deyiladi Kremlning telefon suhbati ortidan eʼlon qilingan bayonotida.
“Tarixning teskari tomoni”
Qoʻshma Shtatlar Pekinning Moskva bilan kelishuviga sovuq munosabat bildirgan.
“Xitoy neytrallikni daʼvo qilsa-da, uning harakatlaridan hali ham Rossiya bilan yaqin aloqalarga sarmoya kiritayotgani aniq”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Bayonotda taʼkidlanishicha, “Xitoy allaqachon oʻz tanlovini qilib boʻlgan”.
Rossiyaning Ukrainadagi urushiga qariyb besh oy toʻlar ekan, “Xitoy hamon Rossiya tarafida. U hamon Rossiya tashviqotini dunyo boʻylab aks ettirmoqda. U hali ham Rossiyani xalqaro tashkilotlarda himoya qilmoqda... Hanuzgacha Rossiyaning Ukrainadagi vahshiyliklarini rad etmoqda va buning oʻrniga ularning sahnalashtirganini taxmin qilmoqda”, deyiladi unda.
“Vladimir Putin tarafini oladigan mamlakatlar oxir-oqibat tarix sahifalarida notoʻgʻri tomonga tushib qolishadi.”
“Hozir ikkilanadigan, yashirinadigan yoki nima boʻlishini kutib oʻtiradigan payt emas. Nimalar sodir boʻlayotgani allaqachon oydinlashgan”, deyiladi bayonotda.
Gʻarb Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaga nisbatan mislsiz sanksiyalarni joriy qildi, Moskva esa Yevropa va Qoʻshma Shtatlarni bu bilan global iqtisodiyotning sekinlashuvini keltirib chiqarganlikda ayblamoqda.
Moskva hujumdan keyin Rossiyani tark etgan yirik xorijiy kompaniyalarning oʻrnini bosuvchi bozorlar va taʼminotchilarni izlash bilan band.
Yevropa Ittifoqi va Qoʻshma Shtatlar Pekinning Rossiya urushini qoʻllab-quvvatlashi yoki Moskvaning Gʻarb sanksiyalaridan qochishiga yordam berishi oʻzaro aloqalarga putur yetkazishi bilan ogohlantirgan.
“Chegarasiz” doʻstlik
Sovuq urush davrida ashaddiy dushman boʻlgan Pekin va Moskva soʻnggi yillarda AQSHning global hukmronligiga qarshi hamkorlikni kuchaytirgan.
Ikki mamlakat siyosiy, tijoriy va harbiy sohalarda oʻz taʼbiri bilan aytganda “chegarasiz” doʻstlik doirasidagi aloqalarni kuchaytirgan.
Bu oyda ular Rossiyaning Blagoveshensk shahrini Xitoyning Xeyxe shahri bilan bogʻlovchi ilk avtomobil koʻprigini ishga tushirdilar.
Ikki yetakchining 15-iyun kungi telefon suhbati Sining 69 yoshni nishonlashiga toʻgʻri kelgan va Rossiyaning Ukrainani bosib olishidan beri xabari chiqqan ilk muloqoti boʻldi.
Xitoy bojxona maʼlumotiga koʻra, Pekin Moskvaning eng yirik savdo hamkori boʻlib, oʻtgan yilgi savdo hajmi 147 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.