KIYEV – Rossiya qoʻshinlarining Ukrainada sodir etgan vahshiyliklari muttasil tashviqot va Rossiyaning tubanlashib borayotgan jamiyati mahsulidir, deydi kuzatuvchilar.
Rossiya qoʻshinlari butun mamlakat, xususan, hozirda ular olib chiqib ketilgan Kiyev atrofidagi hududlarda keng koʻlamli vahshiyliklar sodir etishda ayblanmoqda.
“Rossiya qurolli kuchlari aholi punktlarini betartib oʻqqa tutib bombalagan, tinch aholini oʻldirib, kasalxonalar, maktablar va boshqa fuqarolik infratuzilmasini vayron qilgan, bu esa urush jinoyatlariga tenglashtirish mumkin boʻlgan harakatlardir”, dedi juma (22-aprel) kuni BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Ravina Shamdasani.
BMT huquqlar monitoringi missiyasi Kiyev yaqinidagi Bucha shahrida 50 nafar tinch aholining oʻldirilishi, jumladan ommaviy qotillik bilan bogʻliq holatni qayd etgan, dedi Shamdasani.
Tergovchilar poytaxt atrofidagi boshqa hududlarda koʻchalar, hovlilar va vaqtinchalik qabrlardan 1000 dan ortiq, jumladan qoʻl-oyoqlari bogʻlangan yoki boshining orqa qismidan oʻq yegan fuqarolar jasadlarini toʻplagan, deb xabar beradi rasmiylar payshanba kuni.
“Bu holatlarning barchasi tergov qilinmoqda”, dedi Kiyev viloyati harbiy boshqarmasi direktori Oleksandr Pavlyuk jurnalistlarga. “Halok boʻlgan tinch aholining yakuniy soni yoʻq”.
Seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, shuningdek, tergovchilar Rossiya qoʻshinlari tomonidan vaqtincha bosib olingan hududlarda “yuzlab zoʻrlash holatlari”, jumladan, kichik bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holatlariga oid xabarlar olinganini aytdi.
“Dalillar toʻplanmoqda. Ming-minglab qurbonlar. Yuzlab qiynoq holatlari. Kanalizatsiya va yertoʻlalardan jasadlarni topish davom etmoqda”, deb aytgan Zelenskiy videoaloqa orqali Litva deputatlariga.
“Yuzlab, jumladan, yosh qizlar va juda kichik bolalarni zoʻrlash holatlari qayd etilgan.”
Jabrdiydalarning koʻrsatmalarini hujjatlashtirgan huquqbon tashkilotlar zoʻrlash Ukrainada “urush quroli” sifatida qoʻllanilayotganini aytadi.
Ukrainalik ombudsman Lyudmila Denisova 11-aprel kuni “Bi-bi-si”ga shunday holatlardan birini batafsil bayon qildi.
“Ishgʻol vaqtida Buchadagi uylardan birining yertoʻlasida 14 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan 25 nafarga yaqin qiz va ayol muntazam ravishda zoʻrlangan. Ulardan toʻqqiz nafari homilador”, dedi u.
“Rossiya askarlari ukrainalik bolalar tugʻilishining oldini olish uchun ularni hech qanday erkak bilan jinsiy aloqa qilishni istamaydigan darajada zoʻrlashlarini aytishgan”.
“Istaganingni qil”
“Bosqinchilar doim erkaklarni oʻldirib, yangi askarlar avlodini dunyoga keltirishi uchun ayollarni zoʻrlashga harakat qilgan. Lekin bu yerdagi vahshiylik darajasi juda dahshatli”, deydi ukrainalik psixiatr Oleksandr Ivanov Karvonsaroyga.
“Eng dahshatlisi – armiya va mamlakat rahbarlari askarlarga “istaganingni qil” deb koʻrsatma bergan. Shu tariqa jazosizlik shunday aqlsizlikka olib kelgan”, dedi Ivanov.
Ivanovning aytishicha, agar rasmiylar ruxsat bermaganida bunday vahshiyliklar sodir boʻlmas edi. Lekin, ukrainlar va boshqa millatlarga nisbatan nafrat uygʻonishiga Rossiya tashviqoti ham sabab boʻlmoqda.
Bosqin boshlanganidan beri Rossiya telekanallari faqat Kreml tashviqotini yoyinlamoqda yoki yoki sukut saqlamoqda, jumladan, Markaziy Osiyoda ham.
“Koʻp yillar davomida televideniye ruslarga ularning irqiy jihatdan ustun ekanligi va ukrainaliklar darajasining pastroq ekani haqida gapirgan. Ularni odam oʻrnida koʻrishmagan. Avvaliga ular shunchaki “kichik birodarlar”, keyin “soxta mamlakat” va “soxta til” odamlariga aylandi.
“Oxir-oqibat, hammasi ukrainaliklarni ochiqdan-ochiq fashistlar deb atash bilan yakunlandi – yaʼni ularni kaltaklash, mayib qilish, zoʻrlash mumkin. Bularning bari hukumat tashviqotining bir qismi”, deydi u.
Slavyanlardan farqli oʻlaroq, koʻzlari qisiqroq va terisining rangi toʻqroq boʻlgan Markaziy osiyoliklar oʻnlab yillar davomida, hatto rossiyaliklar oʻzlari uchun ep koʻrmaydigan ishlar bilan shugʻullanib ham rossiyaliklarning taassubiga chidab kelishdi. Ammo, sanksiyalar va iqtisodiy tanazzul rossiyaliklarni migrantlar bilan raqobatlashishga majbur qila boshlagan.
Ivanov Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tarafidan qoʻlga kiritilgan va 12-aprel kuni eʼlon qilingan rossiyalik askar va uning rafiqasi oʻrtasidagi soʻzlashmani tilga oldi.
Ayol eriga ochiqchasiga ukrainalik ayollarni zoʻrlashi kerakligini aytgan.
“Shunday ekan, borib ukrainalik ayollarni zoʻrla, xoʻpmi? Menga hech narsa dema. Tushundingmi?” deydi ayol audioyozuvda.
“Zoʻrlab, senga hech narsa demasligim kerakmi?” javob beradi askar.
“Ha, men hech narsani bilmay. Xoʻsh, nima boʻpti?” deydi u kulib.
“Shunday qilsam boʻladimi?”
“Ha, ruxsat beraman. Faqat himoyadan foydalan!”
Keyinchalik ukrainalik jurnalistlar tomonidan aniqlanishicha, bu 2018-yilda Rossiyaning Orlov viloyatidan Qrimga koʻchib kelgan, bir qarashda oddiy boʻlib koʻrinadigan juftlik boʻlib chiqqan.
Ivanovning soʻzlariga koʻra, ularning suhbati hayvonlarga xos tajovuzkorlikka qarab tubanlashib borayotgan Rossiya jamiyatida sodir boʻlayotgan voqealarni yaqqol aks ettiradi.
“Bu xotin ukrain ayoli ham unga oʻxshagan odam ekanligini tushunmaydi. U ukrainalik ayol qandaydir jonsiz qoʻgʻirchoq, va eri xohlasa, uni tahqirlashi mumkin, deb biladi”.
“Insoniylik nuqtai nazaridan, bu toʻgʻri yoʻldan ozishdir. Ammo fotosuratlarga qarasangiz... bu jajji bolasi bor oddiy er-xotin”, dedi u.
“Yovvoyilik”
Ukrainalik tarixchi va siyosatshunos Aleksandr Paliyning fikricha, rus qoʻshinlarining shafqatsizligi sabablarini Rossiya jamiyati bilan bogʻlash mumkin.
“Xoʻsh, bu qadar vahshiylik qayerdan kelib chiqyapti? Odamlar soʻz erkinligi yoʻq, hukumat ularni oyoqlari ostiga olib toptaydigan, huquq-tartibot idoralari esa... odamlarni butilka va dubinkalar bilan zoʻrlaydigan mamlakatda yashamoqda”.
“Odamlar doim tahqirlanadi va kamsitiladi. Va ular buni normal holat deb biladilar. Bu vahshiyliklar ular uchun oddiy hol”, deydi Paliy.
“Nega Rossiya qoʻshinlari Ukraina askarlaridan shunchalik qoʻrqadi-da, tinch aholini shafqatsizlarcha otib tashlaydi? Chunki eng qoʻrqoqlar eng shafqatsizlardir”, deb qoʻshimcha qildi u.
U samolyotda uchishdan qoʻrqadigan va oʻziga hech kimni yaqinlashtirmasligi bilan tanilgan Sovet ittifoqi rahbari Iosif Stalinga ishora qildi.
“Endi esa atrofidagilarini oʻziga yaqin yoʻlatmay, COVID-19 testini topshirishga majbur qiladigan [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinga qarang. Uzunligi oʻnlab metr keladigan mashhur stoli-chi! Qoʻrqoqlar eng shafqatsiz odamlardir”, dedi u fevral oyida Putinning 6 metr uzunlikdagi stolning bir chetida oʻtirgani aks etgan suratlar ortidan paydo boʻlgan hazillar va internet-memlarga ishora qilib.
Bunday mentalitetni rossiyalik askarlar sodir etgan talonchiliklarda ham koʻrish mumkin.
Rossiyalik askarlar eng oddiy roʻzgʻor buyumlari – kir yuvish mashinalari, velosipedlar, atir-upa, tilla taqinchoqlar, bolalar oʻyinchoqlari va hatto baliq ovlashga moʻljallangan qarmoqlarni ham oʻmarishgan, deb xabar beradi huquq tartibot idoralari.
SBU qoʻlga kiritgan va eʼlon qilgan telefon suhbatida rossiyalik askarning otasi egallab olingan uylarning biridan baliqchilik ilmogʻini olishni soʻragan.
“Nima boʻlsa ol, ammo ehtiyot boʻl, qara, talonchilikda ayblab qoʻyishmasin, jin ursin, buni oʻlja desa ham boʻladi, lekin u yerda hech kim seni suratga olmasin”, deb aytgan ota oʻgʻliga.
“Ukraina shaharlaridan birida rossiyalik askarlar “Bunday yaxshi yashashni senlarga kim qoʻyibdi?” deb yozib ketishgan. Ularning hech nimasi yoʻq, ularga ruxsat berilmagan, shu sababli ham nima uchun boshqalarga ruxsat berilgan deb oʻylashadi”, deb aytgan Paliy.
“Rossiyalik askarlarning ichi toʻla hasad. Shuning uchun Ukrainadagi chiroyli uylarni koʻrganlarida, u yerdagi hamma narsani olib chiqib ketishmoqda”, deb aytgan u.
“Ertami-kechmi jazolanadi”
Rossiyalik askarlar qilgan jinoyatlari uchun jazolanadi, deb vaʼda bermoqda ukrainalik rasmiylar.
Ukraina va boshqa Yevropa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari, shuningdek huquqbon faollar Xalqaro jinoiy sudga yuborish uchun dalillar toʻplamoqda.
Ukraina parlamenti allaqachon Rossiyaning Ukrainada amalga oshirgan vahshiyliklarini qatliom sifatida tan olgan.
“Barcha sudyalarga aniq boʻlgan holatlar bor va ular uchun dalil kerak emas. Rossiya Ukrainaga nisbatan tajovuz qilgani ochiq-oydin koʻrinib turibdi”, deb aytgan Ukraina fuqarolari huquqlarini himoya qilish boʻyicha Xalqaro Liga rahbari Eduard Bagirov.
Tergovchilar yillar davomida dalillarni toʻplaydilar va sud jarayonlari oʻtkaziladi, deb aytgan u.
“Barcha aybdorlar ertami-kechmi jazolanadi. Maxfiy boʻlgan narsalar oydinlashadi. Masalan, hozir Gitler nimalar degan, kim buyruq bergan, kim ularni bajargani maʼlum. Putin bilan, tinch aholini oʻldirgan askarlar bilan ham xuddi shunday boʻladi”, deb aytgan Bagirov.
“Hammasi oydinlashadi.”
Rossiyada keng koʻlamli defashizatsiya va aholini dealkogolizatsiya qilishni boshlash vaqti kelgan.
Javob berishBuning uchun qancha repartsiya va ruhshunos kerakligi nomaʼlum. Yillar davomida olib borilgan tashviqot sababli miyasi zaharlangan shuncha odamni normal holga qanday qaytarish mumkinligini tushunmayman.
Javob berishFikrlar 2