Karvonsaroy
Xavfsizlik

“Talonchilar armiyasi”: Rossiyaning Ukrainani talon-taroj qilishi navbatdagi jinoyat boʻldi

Karvonsaroy

Suratda: Rossiyalik askarlar Belarusdagi pochta boʻlimida oʻgʻirlangan narsalarni oʻz oila aʼzolariga joʻnatayotgani Ukrainadagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan. [Belaruskі Gayun]

Suratda: Rossiyalik askarlar Belarusdagi pochta boʻlimida oʻgʻirlangan narsalarni oʻz oila aʼzolariga joʻnatayotgani Ukrainadagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan. [Belaruskі Gayun]

Bosqinchi Rossiya askarlari Ukrainaning Kiyev shahri va uning atrofidagi hududlarni rejalaganidek tezlik bilan ishgʻol qila olmagach, qoʻllariga tushgan har qanday narsani tashib, koʻp qavatli uylar va korxonalarni talon-taroj qila boshlagan.

Magʻlubiyatdan soʻng ruhan tushkun holatdagi Rossiya qoʻshinlari Kiyev yaqinidagi Gostomeldan ortga chekinar ekan, mahalliy aholi ushbu hududda marodyorlik holatlari avj olgani haqida xabar berdi.

Mahalliy aholining aytishicha, turar joy majmualarining birida, 90 foiz xonadonlarning eshiklari buzilib, talon-taroj qilingan va vayron holatga keltirilgan, deb xabar beradi Politico nashri 13-aprel kuni.

Boshqa bir mahalliy aholi vakilining aytishicha, u ikki askarning turar-joy majmuasiga bolta bilan kirib kelayotganini koʻrgan, ular eshik qulflarini buzib tashlaganlar.

Ukraina xavfsizlik kamerasidan olingan sanasiz suratda rossiyalik askarlarning savdo doʻkonini talon-taroj qilayotgani aks etgan. [Fayl]

Ukraina xavfsizlik kamerasidan olingan sanasiz suratda rossiyalik askarlarning savdo doʻkonini talon-taroj qilayotgani aks etgan. [Fayl]

Suriyaning qadimiy Palmira shahrida patrul nazorati olib borayotgan Rossiya armiyasi askarlari, 2016-yil. Qadimiy shaharning ayrim boyliklari rossiyalik va “Vagner” yollanma askarlari tomonidan talon-taroj qilingan. [Vasiliy Maksimov/AFP]

Suriyaning qadimiy Palmira shahrida patrul nazorati olib borayotgan Rossiya armiyasi askarlari, 2016-yil. Qadimiy shaharning ayrim boyliklari rossiyalik va “Vagner” yollanma askarlari tomonidan talon-taroj qilingan. [Vasiliy Maksimov/AFP]

Ularga roʻbaroʻ kelganimda rus zobiti qurol qidirishayotganini daʼvo qildi, deydi u. “Sizning armiyangiz talonchilar armiyasi... askarlaringiz tinch aholining eshiklarini buzib, talon-taroj qilmoqda”, deb aytdim”.

U shuningdek, bir juft krossovkani yelkasiga ilganicha yugurib ketayotgan rossiyalik askarni koʻrganini aytdi. Boshqa askarlar esa boʻsh turgan xonadonlarni talon-taroj qilib, narsalarni qoplarga solib olib ketishgan.

“Bu sharmandalik”, dedi u.

Rossiya harbiylari va Kreml qoʻllovidagi yollanma askarlar jang qilayotgan mojaro hududlarida – talon-taroj odatiy hol, deydi kuzatuvchilar. Askarlar va yollanma jangarilar jang maydonida yaxshi jihozlanmagan va oʻz yurtlarida ham qulayliklardan mahrum.

Roʻzgʻor buyumlari va “oʻljalar”

Ukraina huquq-tartibot idoralari xodimlari Rossiya qoʻshinlaridan qolgan narsalarni koʻzdan kechirar ekan, ukrainaliklarning uylaridan kir yuvish mashinalari, velosipedlar, atir-upa va zargarlik buyumlaridan tortib, oʻyinchoqlar va baliq ovlash moslamalarigacha oʻgʻirlab ketilganini aniqlagan.

Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) qoʻlga kiritgan va 12-aprel kuni eʼlon qilgan telefon suhbatida rossiyalik askarning otasi egallab olingan uylarning biridan qarmoq ilgagi olishni soʻragan.

“Nima boʻlsa ol, ammo ehtiyot boʻl, qara, talonchilikda ayblab qoʻyishmasin, jin ursin, buni oʻlja desa ham boʻladi, lekin u yerda hech kim seni suratga olmasin”, deb aytgan ota oʻgʻliga.

The London Times nashrining 6-aprel kuni xabar berishicha, boshqa telefon suhbatlarida rossiyalik askarlar oʻz ayollariga talon-taroj qilingan mol-mulk bilan ipoteka kreditlarini toʻlayotganini aytib maqtangan.

SBU eshitishga muvaffaq boʻlgan yana bir telefon soʻzlashuvida askarning rafiqasi undan noutbuk, krossovka va kerakli oʻlchamdagi kostyum olib kelishni soʻraydi.

SBUga koʻra, “Rossiya askari bularning barchasini Ukrainada egallab olingan uylardan olishi kerak”. “U allaqachon unga yaxshi atir-upa va futbolkalar olgani bilan maqtanmoqda, uning safdoshlari esa oʻljalar bilan toʻldirilgan qoplarni koʻtarib yurishibdi!”

Ayrimlar esa bosqin “supermarketga tashrifga oʻxshaydi” deb hazillashgan.

Belarus pochta boʻlimida Rossiyalik askarlarning 2000 kg atrofidagi oʻgʻirlangan narsalarni qadoqlab, oʻz oilalariga joʻnatayotgani kuzatuv kameralariga tushgan.

Ukrainalik tarixchi va siyosatshunos Aleksandr Paliy rossiyalik askarlarning oʻz vatanidagi yetishmovchiliklariga ishora qilar ekan, ayrimlarning uyida hatto yopiq hojatxona ham yoʻqligini taʼkidlaydi.

Uning aytishicha, “ular Ukraina shaharlarining birida “Bunday yaxshi yashashni senlarga kim qoʻyibdi?” deb yozib ketishgan.

“Ularning hech vaqosi yoʻq, ularga ruxsat berilmagan, shu sababli ham nima uchun boshqalarga ruxsat berilgan deb oʻylashadi. Rossiyaliklarning ichi toʻla hasad. Shuning uchun Ukrainadagi chiroyli uylarni koʻrganlarida, u yerdagi hamma narsani olib chiqib ketishmoqda”, dedi u.

“Nochorroq, zaifroq, himoyasizroq”

Kuzatuvchilarga koʻra, Kreml dunyodagi mojarolarda, xususan, tabiiy resurslarga boy hududlarda Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalari, jumladan, mashhur Vagner guruhidan ham foydalanadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi boʻlgan rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin 2014-yilda Rossiya Ukrainadan Qrimni anneksiya qilganida paydo boʻlgan “Vagner guruhi” ortida turishi aytiladi.

Rossiyaning yollanma askarlari Ukrainadan tashqari Suriya, Venesuela, Sudan, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Mali, Liviya, Chad va Madagaskarda ham bor.

“Vagner kelib, mamlakatni yanada beqarorlashtiradi, mineral resurslarni talaydi va ketishga qaror qilishdan oldin qoʻldan kelganicha pul ishlashga harakat qiladi”, degan edi mart oyi boshida AQSH Harbiy dengiz kuchlarining Afrikadagi maxsus operatsiyalar qoʻmondonligi rahbari Milton Sends Washington Post nashriga.

“Mamlakat nochorroq, zaifroq, himoyasizroq boʻlib qoladi. Har safar.”

Vagner guruhi yollanma askarlari 2018-yildan beri Liviyada Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan harbiy qoʻmondon Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasini dastaklab jang qilmoqda.

Liviyaning ulkan neft zaxiralari va Oʻrtayer dengizidagi strategik joylashuvi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada oʻz mavqeini mustahkamlashga intilayotgan Moskvani oʻziga jalb qiladi.

Vagner guruhi 2018-yildan beri urush iskanjasida qolayotgan MAR hukumatini qoʻllab-quvvatlab keladi. Buning evaziga Prigojinga aloqador kompaniya oltin va olmos qazib olish uchun litsenziyalarni qoʻlga kiritgan.

Urush jabhasini mustahkamlash maqsadida MARga oʻnlab suriyalik va liviyalik jangchilarni tashlagan Rossiya hozirda Ukrainadagi janglar uchun suriyaliklarni yollamoqda.

Foreign Policy nashrining 25-mart kungi xabariga koʻra, MARdagi kam maosh oladigan va yaxshi jihozlanmagan suriyalik va liviyalik yollanma askarlar ham keng koʻlamli talonchiliklar (tovuq, echki va boshqa chorva mollarini, shuningdek, pul, motosikl va matraslarni oʻgʻirlash kabi) sodir etgan.

Vagner guruhi jangarilari prezident saroyini qoʻriqlayotgan Malida mart oyida Murada yuzlab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan operatsiya borasida tortishuvlar avj oldi.

Matbuot va Human Rights Watch suhbatlashgan Mali armiyasi va guvohlar operatsiyani Mali askarlari va ruslar deb aytilgan xorijiy jangarilar tomonidan amalga oshirilgan zoʻravonlik, talonchilik va tinch aholining qirgʻini deya taʼriflagan.

“Hamma qaynoq nuqtalarda oʻgʻrilik avjida”

Moskva Suriyadagi xususiy harbiy kompaniyalar orqali neft va konchilik salohiyatiga ega hududlarda raqib qoʻshinlarini siqib chiqarish va Rossiyaning kelajakdagi tiklash ishlaridan manfaat olishi uchun nazoratni qoʻlga kiritishga harakat qilgan.

Vagnerchi yollanma jangchilar Palmirada YUNESKO obyektini oʻmarishgan, deb aytgan razvedka rotasining sobiq qoʻmondoni Marat Gabidulin Rossiyaning mustaqil Meduza veb-saytiga 2020-yil dekabr oyida.

U Suriyadagi Vagner bazasida “qadimiy toshlar va barelyeflarni” koʻrganini eslagan.

Suriyaning Deyr az-Zor shahrida Rossiya qoʻllovidagi rejim bilan bir safdagi safarbarlik kuchlari urushdan qochganlarning uylarini talon-taroj qilishda muntazam ishtirok etgan. Ular hatto bozorlar tashkil etib, oʻgʻirlangan narsalar bilan ochiq savdo qilgan.

“Rejim armiyasi va safarbarlik kuchlari tomonidan amalga oshirilgan hatti-harakatlar barcha hududlarda namuna boʻlgan, chunki barcha qaynoq nuqtalarda oʻgʻrilik avjiga chiqadi”, degan edi Qohiradan suriyalik jurnalist Muhammad al-Abdulloh 2017-yili Diyaruna nashriga.

Xuddi shunday talonchilik holatlari Halabda ham kuzatilgan, u yerda ayrim guruhlar tizimli ravishda oʻgʻirliklar sodir etib, bir qator xonadonlar va zavodlar, hatto hukumat idoralari va binolarini talon-taroj qilgan, dedi u.

Gruziyadagi talonchilik

Gruziyaliklar 2008-yilni achchiq xotiralar bilan eslaydi. Oʻshanda rossiyalik askarlar ularning mamlakatiga bostirib kirib, uning beshdan bir qismini ishgʻol qilgandi.

Rossiyaliklar xuddi Suriya va Ukrainada qilgan ishlarini qilishgan.

Rati Mujiri 2008-yil avgustda Gruziya teleradiokompaniyasida ishlagan va TV orqali Rossiya-Gruziya urushini yoritib borgan. Gruziyalik jurnalistlar rossiyaliklar chiqib ketishidan oldin okkupatsiya qilgan Gori kabi shaharlarda ishlashgan.

“Gruziya harbiy bazasidagi hojatxonalarni olib, Rossiya harbiy yuk mashinalariga ortishgani hecham esimdan chiqmaydi”, deydi muxolifat telekanalida ishlaydigan Mujiri. “Buni videotasvirga olganmiz, hozir u Gruziya teleradiokompaniyasi arxivida.”

Shida Kartli viloyati, Frisi qishlogʻidan boʻlgan 63 yashar Tea Motsikulashvili oʻgʻlidan ayrilgan. “Qishloqdan qochganimda 9 yoki 10-avgust edi. 24 yoshli oʻgʻlim Bagrat Bortsavadze esa oʻsha yerda qolgan edi.”

“Bagratini oʻldirishdi”, deb aytgan u. “Rossiyaliklar uning tanasini bir necha kun davomida koʻchada qoldirishgan. Hozir ham nima boʻlganini bilmayman. Uyimni talon-taroj qilishgan va yoqib yuborishgan... Yoqtirgan narsalarini olib, qolgan narsalarga oʻt qoʻyishgan.”

Shida Kartli viloyati, Nikozi qishlogʻidan 82 yashar Leyla Kandelaki rossiyaliklar uyini oʻmarishayotganini chorasiz kuzatib turgan. “Bir necha kun davomida asirlikda edik”, deydi u oʻsha davrlarni eslab.

Rossiyaliklar “buvimning katta, chiroyli divanini olib ketishdi... Oshxonamdagi rakovinani, hamma qishki kiyimlarimni, juda yaxshi, qimmat chinnilarimni olib ketishgan. Oʻldirishmaganiga shukur qilishim kerakligini aytib ketishgan.”

[Ushbu maqolani tayyorlashga Kiyevdan Olxa Chepil va Tbilisidan Metyu Ratman koʻmaklashgan.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Naqadar uyat va sharmandalik! Barcha qiyofalar kamerada koʻrinib turibdi, bunga qanday yoʻl qoʻyishgan ekan? Men oʻsha qoʻshinlar oʻljalarini dunyodagi eng ifloslangan joyda - Qizil oʻrmonda saqlashganini ham oʻqidim; u yerdagi radiatsiya barcha mumkin boʻlgan meʼyorlardan oshib ketgan – shundan keyin ham ular talon-taroj qilingan narsalarni oilalariga yuborishgan. Ularda insoniylik yoʻq deb boʻlmaydi, ularda umuman miya yoʻq!

Javob berish

Hayratlanarli joyi yoʻq. Hayot faqat Moskva va boshqa bir qancha shaharlarda bor; qolgan joylarda esa hali 19-asr. Ularning koʻpchiligi hech qachon maishiy texnikani koʻrmagan.

Javob berish

Texnika? Ular maishiy texnika yoki yuqori darajadagi qulayliklar uyoqda tursin, sivilizatsiyalashgan dunyoda standart turmush darajasini hech qachon koʻrmaganga oʻxshaydi.
Kareliya – biz u yerga taxminan 2015-yilda borgandik, yozda bu mintaqani tabiiy gazdan uzib qoʻyishardi (gaz eng koʻp ishlab chiqariladigan mintaqa) va odamlar gaz ballonlaridan foydalanar edi. U yerda yogʻoch uylar juda koʻp edi - ular yogʻochdan yasalgan tarixiy obidalar emas, balki eskirib ketgan kulbalar edi. Poytaxtdan yoki bir necha yirik shaharlardan bir necha kilometr tashqarida, yaxshi turmush sharoitlari umuman mavjud emas.

Javob berish

Balki Rossiya armiyasida uysizlar va qashshoqlar xizmat qilar

Javob berish

100%! Ayollarning ich kiyimi va unitazlarni oʻgʻirlashlariga qarab, ularni tilanchidan boshqa nom bilan atash qiyin. Intervyuda kimdir, ular “oʻlja” olishyapti deb aytgan edi.
Bu gadoylar ayollar gigiyenik vositalari, ich kiyimlari va konservalarni oʻgʻirlashyapti. Dunyoning ikkinchi oʻrindagi armiyasi, pastdan tepaga qarab sanaganda!

Javob berish