Karvonsaroy
Xavfsizlik

Liviyadagi jang maydonidan topilgan planshetdan Vagner guruhining harbiy jinoyatlari fosh boʻldi

Karvonsaroy

Liviyaliklar 2018-yilda Bengʻozidagi portlash oqibatlarini koʻzdan kechirmoqda. [Abdulloh Doma/AFP]

Liviyaliklar 2018-yilda Bengʻozidagi portlash oqibatlarini koʻzdan kechirmoqda. [Abdulloh Doma/AFP]

TRIPOLI – BBC tarafidan Liviyadagi jang maydonidan topilgan siniq ekranli Samsung plansheti Vagner guruhining mamlakat va uning tashqarisidagi vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlarini fosh etgan.

Planshet ichida Rossiya yollanma armiyasining harakatlanishiga oid maʼlumotlar, uning odamlar yashaydigan tumanlarda minalar joylashtirganiga oid dalillar va soyadagi guruh ortida turgan pullarga taalluqli ishoralar bor, deb xabar bergan VVS payshanba (12-avgust) kuni.

Planshet Vagner askarlari 2020-yil bahorda poytaxt Tripoli janubidagi jang maydonlaridan ortda chekingan vaqtda guruhning nomaʼlum aʼzosi tarafidan tashlab ketilgan.

Vagner ilk marta 2014-yilda Ukrainada paydo boʻlgan. Oʻshandan beri uning yollanma askarlari butun dunyoda, jumladan Suriya, Mozambik, Sudan, Venesuela, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) va Chaddagi mojarolarda qatnashganlar.

Rossiyalik diplomat Viktor Tokmakov (chapda) va Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) prezidentining xavfsizlik boʻyicha maxsus maslahatchisi Valeriy Zaxarov, 2018-yilda Bangi (MAR) shahrida olingan surat. Oʻsha kuni Rossiya rasmiylari 2018-yilning 30-iyul kuni MARda oʻldirilgan uch jurnalistning jasadida qiynoq izlari topilmaganini aytganlar. Ular MARda urush jinoyatlari sodir etishda ayblanayotgan Rossiya yollanma armiyasi – Vagner guruhi haqida xabar tayyorlagan edi. [Floran Vern/ AFP]

Rossiyalik diplomat Viktor Tokmakov (chapda) va Markaziy Afrika Respublikasi (MAR) prezidentining xavfsizlik boʻyicha maxsus maslahatchisi Valeriy Zaxarov, 2018-yilda Bangi (MAR) shahrida olingan surat. Oʻsha kuni Rossiya rasmiylari 2018-yilning 30-iyul kuni MARda oʻldirilgan uch jurnalistning jasadida qiynoq izlari topilmaganini aytganlar. Ular MARda urush jinoyatlari sodir etishda ayblanayotgan Rossiya yollanma armiyasi – Vagner guruhi haqida xabar tayyorlagan edi. [Floran Vern/ AFP]

BMT tarafidan tan olingan Liviya milliy kelishuv hukumatiga (MKH) sodiq jangchilar 2020-yilning 4-iyun kuni Tripoli xalqaro aeroportida Moskva qoʻllovidagi kuchlar tomonidan yoʻq qilingan samolyot qoldiqlarini koʻzdan kechirmoqda. [Mahmud TURKIYa/AFP]

BMT tarafidan tan olingan Liviya milliy kelishuv hukumatiga (MKH) sodiq jangchilar 2020-yilning 4-iyun kuni Tripoli xalqaro aeroportida Moskva qoʻllovidagi kuchlar tomonidan yoʻq qilingan samolyot qoldiqlarini koʻzdan kechirmoqda. [Mahmud TURKIYa/AFP]

Vagner jangchilari Liviyada qachon paydo boʻlgani haqidagi maʼlumotlar turlicha – ayrim manbalar 2018, boshqalari esa 2019-yil, deydi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) hisobotida aytilishicha, ularning maqsadi Rossiya qoʻllovidagi feldmarshal Xalifa Haftar boshchilik qiladigan Liviya milliy armiyasini (LMA) dastaklash boʻlgan, deb yozgan edi BBC 2020-yilda.

57 sahifadan iborat hisobotda aytilishicha, Vagner operativ xodimlari Liviyada 2018-yil oktabridan beri boʻlib turibdi va “harbiy transportni taʼmirlashda texnik yordam koʻrsatib, jangovar operatsiyalarda ishtirok etmoqda”.

Haftarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti tan olgan Milliy kelishuv hukumatini (MKH) agʻdarishga qaratilgan harakatlari muvaffaqiyatsiz kechgan. Oʻtgan yil oktabr oyida ikki tomon oʻrtasida BMT vositachiligida tuzilgan tinchlik bitimida esa barcha xorijiy kuchlar 23-yanvargacha mamlakatni tark etishi shart qilib belgilangan.

Belgilangan oxirgi muddat tugab, oʻtib ham ketdi, lekin Vagner yollanma askarlari tarafidan Liviya boʻylab koʻplab xandaqlar qazilgani “Vagner” guruhining bu yerda “uzoq muddatga qolmoqchi” ekanidan dalolat beradi, deb xabar bergan AQSH razvedkasidagi manbalar.

Koʻplab dalillar, jumladan Samsung planshetidagi maʼlumotlar ham Kreml Rossiyaning oʻz manfaatlarini ilgari surish va haqiqatnamo inkor niqobi ostida gibrid urushlarini olib borish uchun Vagner guruhidan foydalanayotganini koʻrsatmoqda.

Taxminlarga koʻra, 2014-yildan buyon 10 mingtagacha erkak Vagner bilan kamida bitta shartnoma imzolagan.

Planshet tekshiruvi

BBCga koʻra, planshet ichidan oʻnlab fayllar, jumladan piyodalarga qarshi minalar va qoʻlbola portlovchi moslamalarning qoʻllanmalari, razvedka dronidan olingan tasvirlar va front chizigʻining harbiy xaritalari aks etgan xarita ilovasi (barchasi rus tilida) topilgan.

Xaritalarda Vagnerning yollanma askarlari deb taxmin qilinayotgan kod nomlari ham bor.

Planshetni tekshirish bilan birga, BBC Vagnerning sobiq jangchilari bilan ham suhbatlashgan, ular anonimlik sharti bilan guruhga yollanish jarayoni, yollanma jangarilar guruhiga qanday odamlar qoʻshilishi va moliyalashtirish manbalari haqida soʻzlab berganlar.

“Sobiq jangarilarga koʻra, odamlar Vagner nomli tashkilotga yollanmaydi, balki bir nechta soxta kompaniyalar bilan neft koni ishchisi yoki xavfsizlik xodimi sifatida qisqa muddatli shartnomalar tuzadi”, deb xabar bergan BBC.

Yollanma askarlar “Rossiyaning janubida, Rossiya harbiy bazasi yaqinida joylashgan Krasnodardagi Vagnerning norasmiy tayyorlov hududida” mashgʻulotga kirishish oldidan jismoniy tekshiruvlar va xavfsizlik sinovlaridan oʻtadilar.

Mashgʻulotlardan soʻng, Vagner jangchilari xorijga yuboriladi.

Bu odamlarning ham, tashkilotning ham asosiy maqsadi pul, deydi sobiq jangari BBC nashri bilan suhbatda.

Ularning aksari – ish tanqis boʻlgan shaharchalar va chekka hududlardan kelganlar. Koʻpchiligi jinoiy oʻtmishi sababli Rossiya armiyasida xizmat qila olmaydi.

Bundan tashqari, Vagner safiga qoʻshilib, Rossiyadagi oʻrtacha maoshning 10 barobarini topish mumkin, deydi sobiq jangarilardan biri.

“Qayerdadir qurolli toʻqnashuv sodir boʻlsa, Vagner askarlari u haqda gapirishardi. Oʻsha yerda boʻlganimizda edi, bu bizga mos ish edi, deyishardi. Chunki har bir shartnoma, har bir mamlakat – bu pul.”

Vagner oʻz jangchilari uchun hech qanday xulq-atvor kodeksini ishlab chiqmagan, deydi sobiq vagnerchilardan yana biri.

Qotilliklar izi

Hozirda planshetdagi xaritada Vagnerning joylashuvi deb koʻrsatilgan Liviyaning Espiaa qishlogʻida bir nechta fuqaroning rusiyzabon erkaklar tomonidan oʻldirilishi tergov qilinmoqda.

Liviya bu qotilliklarni urush jinoyati sifatida tergov qilmoqda, deydi mamlakat mudofaa vazirligida ishlaydigan liviyalik harbiy prokuror Muhammad Garuda.

Sobiq vagnerchilardan biri guruh qoʻlga tushganlarni oʻldirishini aytadi. “Ovqatlantirish kerak boʻlgan ortiqcha ogʻiz hech kimga kerak emas”, deydi u.

Tripolidagi janglarda oʻnga yaqin fuqaro Vagner jangarilari tomonidan oʻldirilgan boʻlishi mumkin, jumladan mashina ichidagi uch nafar erkak va ikki ayol snayperlar nishoniga aylangan, deb xabar beradi BBC.

Suriyada Vagner jangarilarining qotilliklari va urush jinoyatlari haqidagi hikoyalar talaygina. Guruh bu mamlakatga Moskva 2015-yil sentabrida Suriya prezidenti Bashar Asad armiyasini qoʻllab-quvvatlab nizoga aralashgan vaqtda kirgan.

Shuningdek, vagnerchilar 2017-yilda ham suriyalik erkakni oʻldirganlikda gumon qilingan edi.

“Internetda chop etilgan ikki videolavhada uning rusiyzabon erkaklar tarafidan qiynoqqa solinishi va boshining tanasidan judo qilinishi, tanasiga esa kirill harflarida har xil soʻzlar yozib tashlangani aks etgan”, deb xabar beradi BBC.

Rossiya ushbu holatni tergov qilishi uchun, erkakning oilasi nomidan huquqiy protseduraga start berilgan.

2018-yilda Vagnerning MARdagi faoliyatini tergov qilgan uch nafar rossiyalik jurnalist otib tashlangan edi.

Moskva 2018-yildan beri MARning qazilma boyliklari, ayniqsa oltin va olmos konlaridan foydalanishni koʻzlab keladi.

Qurollarga oid “xarid roʻyxati”

Planshet bilan birga, BBC ixtiyoriga qurollar va qurilmalarning “xarid roʻyxati” ham kelib tushgan. Tahlilchilarga koʻra, ular faqat Rossiya armiyasi zahirasida boʻlishi mumkin.

Tripolidagi liviyalik razvedka manbalaridan biri Vagnerning Liviyadagi joylashuviga oid 10 betlik hujjatni BBC nashriga taqdim etgan.

Hujjatning sanasi 2020-yil 19-yanvar – xuddi shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Liviyadagi tinchlik jarayoniga bagʻishlangan Berlin anjumanida ishtirok etgan edi.

Roʻyxatdagi qurollar “eng zamonaviy”, deydi Buyuk Britaniyada yashovchi xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchi va inson huquqlari tergovchisi Kris Kobb-Smit.

Ular “zamonaviy, texnologik jihatdan ilgʻor va hozirda Rossiya armiyasi foydalanayotgan uskunalar”, deydi u.

“Bu nafaqat salmoqli budjetdan foydalanish, balki eng soʻnggi maxfiy texnologiyalarni qoʻllash imkoniyati mavjudligini bildiradi”, deydi u.

“Vagner – Rossiya armiyasining shunchaki norasmiy unsuri emasligi oydinlashmoqda.”

Sobiq vagnerchilardan biri BBC rus xizmatiga guruh va uning aʼzolarini tasvirlab bergan.

“Bu mamlakatimiz chegaralaridan tashqarida manfaatlarimizni ilgari surishga xizmat qiladigan bir tizim”, deydi u.

Pul ortidan kuzatuv

Mozambikdagi Vagner kuchlari bilan bogʻliq 2019-yil noyabr oyidagi boshqa bir hujjat – buzilgan qurilmalarni yangilash talabnomasi boʻlib, u orqali guruhni Kreml nomidan kim moliyalashtirayotgani oydinlashadi.

Xizmat qaydi Suriyadagi neft va gaz konlarini oʻzlashtirish boʻyicha shartnomalar benefitsiari – Rossiyaning “OOO Yevro Polis” kompaniyasiga yoʻnaltirilgan.

“Evro Polis” Sankt-Peterburgda yashovchi biznesmen va Putinga yaqin shaxslardan biri, Vagnerning taniqli egasi Yevgeniy Prigojinga aloqador kompaniyadir.

AQSHda fitna uyushtirishda ishtirok etganlikda ayblangan Prigojin AQSH Federal qidiruv byurosining (FQB) qidiruvdagi shaxslari roʻyxatiga tushgan edi.

AQSH gʻaznachiligi kompaniya Prigojin tomonidan “nazorat yoki egalik qilingan” Suriyadagi neft konlarini “himoya” qilish boʻyicha shartnoma tuzgan, deb “Evro Polis”ga nisbatan 2018-yilda sanksiyalar joriy qilgan.

Prigojin “Evro Polis” yoki Vagnerga aloqadorligini rad etib keladi.

Bir necha yil davomida “Vagner guruhini” tergov qilgan rossiyalik jurnalist Denis Korotkovga koʻra, xat “Bosh direktorga”, yaʼni Prigojinga atalgan.

Vagner guruhining yana bir mutaxassisiga koʻra, ikkala hujjat ham “DU” harflari ostida “tasdiqlangan”, bu esa Dmitriy Utkinning aloqadorligini tasdiqlaydi.

Utkin sobiq rossiyalik desantchi va Vagner guruhining asoschisi hamda umumiy qoʻmondoni deb ishoniladi. Shu bilan birga, u “Toʻqqizinchi” nomi bilan ham tanilgan boʻlib, “9” raqami va “toʻqqiz” soʻzi ikkala hujjatda ham mavjud.

Utkin BBC murojaatlariga javob bermagan.

“Bu taqiqlangan mavzu”, deydi sobiq Vagner jangarisi guruhning moliyaviy qoʻllab-quvvatlovchilarini nazarda tutib. “Gapirishga ruxsat yoʻq, aks holda yuzingiz pachoq boʻlgan holda temir panjara ortiga tushishingiz mumkin.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ularni bejizga “qassob” deb atashmaydi. Ular NKVDning avlodlari, qotillar va zoʻravonlar.

Javob berish

Putinning mafiyasi hukumat tepasida ekan, Rossiya yovuzlik imperiyasi, haqiqiy Mordor boʻlib qoladi.

Javob berish

Odamlar azob chekmoqda; Rossiya bor joyda xunrezlik bor. Kimdir bu odamxoʻrlarni toʻxtatishi kerak.

Javob berish

Rossiya yana insoniyatga qarshi dahshatli jinoyatlarni sodir etmoqda!

Javob berish

Aslida Rossiyaning oʻzi terrorchi tashkilot

Javob berish