Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan Liviyadan xorijiy qoʻshinlarni olib chiqish uchun belgilangan muddat tugab, oʻtib ham ketdi, lekin Rossiyaning unga rioya qilish niyati yoʻqqa oʻxshaydi.
Aksincha, Kreml qoʻllovidagi “Vagner guruhi” yollanma askarlari tomonidan Liviya boʻylab koʻplab xandaqlarning qazilishi Rossiyaning urushdan aziyat chekayotgan davlatdagi uzoq muddatli maqsadlari borasida xavotir uygʻotmoqda.
Xandaqlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rejalari uchun xizmat qiluvchi harbiylashgan tashkilot – “Vagner” guruhining bu yerda “uzoq muddatga qolmoqchi” ekanligidan dalolat beradi, dedi AQSH razvedkasi vakili CNNga.
Kreml “Vagner” guruhidan oʻz manfaatlarini ilgari surish va haqiqatnamo inkor niqobi ostida gibrid urushlar olib borishda foydalanib kelmoqda.
“Vagner” Kremlning strategik, geosiyosiy manfaatlari doirasiga kiruvchi mamlakatlarda harbiy operatsiyalarni oʻtkazib kelmoqda. Bu kabi hodisalar Moskva oʻz taʼsirini oʻtkazishni istagan dunyoning koʻplab olovli nuqtalarida, jumladan Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Ukraina, Sudan, Suriya, Venesuela va boshqa mamlakatda yuz bermoqda.
Razvedka rasmiysining aytishicha, “Vagner” dunyo boʻyicha Liviyada eng katta harbiy hozirlikka ega.
Liviyani tark etish niyati yoʻq
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan fotosuratlarda koʻrish mumkin boʻlgan xandaqlar sohilboʻyi Sirt shahridan 70 km janub tomonga, “Vagner” nazoratidagi al-Jufra tayanch punktiga qadar choʻzilgan va puxta inshootlar bilan mustahkamlangan, deb xabar beradi CNN 22-yanvar kuni.
Oktabr oyida BMT vositachiligida xalqaro miqyosda tan olingan Milliy kelishuv hukumati (MKH) hamda general Xalifa Haftar rahbarligi va Rossiya qoʻllovidagi Liviya milliy armiyasi (LMA) oʻrtasida tinchlik bitimi imzolangan boʻlib, barcha xorijiy kuchlar 23-yanvarga qadar mamlakatni tark etishi kerak edi.
“Biz barcha tomonlarni Liviya suverenitetini hurmat qilishga va Liviyadagi barcha harbiy aralashuvlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqiramiz”, dedi AQSH elchisi vazifasini bajaruvchi Richard Mills 28-yanvar kuni BMT Xavfsizlik Kengashining Liviya boʻyicha yigʻilishi chogʻida.
U shuningdek, “ular tarafidan Liviyada yollangan, moliyalashtirilgan, hozirlangan va qoʻllab-quvvatlangan xorijiy yollanma askarlar va harbiy vositachilarni chiqarib yuborishga” undadi.
BMT hisob-kitoblariga koʻra, Liviyada 20 mingga yaqin xorijiy qoʻshinlar va yollanma askarlar bor.
“Menimcha, bugun xandaq qazib, qoʻshimcha istehkomlarni oʻrnatayotganlar mamlakatni yaqin orada tark etmaydi”, dedi MKH mudofaa vaziri Salohiddin al-Namrush CNNga.
Bu xandaq “xavotirga sabab boʻlmoqda”, deb bayonot bergan Xalqaro inqiroz guruhi vakili Klaudiya Gazzini.
“Bu Moskva Liviyadagi hozirligini mustahkamlashga intilmoqda, degan fikrni keltirib chiqaradi”, dedi u CNN bilan suhbatda.
Rossiya Oʻrtayer dengizi janubidagi harbiy ishtirokini kuchaytirish, Yevropa va NATO manfaatlariga qarshi turish hamda Afrikaga yoʻl ochish maqsadida Liviyaga eʼtiborini qaratgan, deydi tahlilchilar.
Liviya neft sanoatidan olinadigan foyda esa qoʻshimcha bonusdir.
Suriyada reaktiv uchoqlarning shubhali parvozlari
Suriyada “MiG-29” qiruvchi samolyotlarining paydo boʻlgani ham Kreml oʻz eʼtibori va resurslarini Liviyaga koʻchirganini isbotlaydi.
Rossiya kuchlari Suriya prezidenti Bashar Asadni besh yildan ortiqroq vaqt davomida qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Suriyada ilk bor 2015-yilda joylashtirilgan Rossiyaning “Su-24” samolyotlari oʻshandan beri mamlakatda halokatli havo hujumlarini amalga oshiradigan asosiy qiruvchi samolyotlar boʻlib qolmoqda.
Rossiya jangovar samolyotlarining fuqarolik obyektlari, jumladan kasalxonalarni qasddan bombalashi natijasida Suriyada 7000 ga yaqin tinch fuqaro halok boʻldi, bir millionga yaqini qochqinga aylangan.
Ammo soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Suriyada “MiG-29” samolyotlari soni koʻpaygan, bu voqea kuzatuvchilarda nima uchun Rossiya shuncha yillar davomida “Su-24” samolyotlaridan foydalanib kelganidan soʻng endi ularni almashtirmoqda, degan savolni paydo qilgan.
Moskva Suriyadan Liviyaga yuboriladigan harbiy texnika va jangarilar uchun tranzit punkti va maydonchasi sifatida foydalanmoqda – samolyotlarning oʻzgargani shundan dalolat beradi, deydi kuzatuvchilar.
Oʻtgan yilgi faktlar bu daʼvolarni tasdiqlaydi.
Shu oy boshida rus OAV sunʼiy yoʻldosh suratlari orqali Rossiyaning Suriyadagi Xmeymim aviabazasida kimga tegishli ekani nomaʼlum boʻlgan oltita “MiG-29” qiruvchisi borligini aniqlagan edi.
Oʻtgan yil may oyida Kreml Haftar va “Vagner” guruhini qoʻllab-quvvatlash uchun Suriya orqali Liviyaga 14 ta “MiG-29” va “Su-24” samolyotlarini yuborgani oydinlashgan.
“Rossiya aviabazasidan havoga koʻtarilgan qiruvchi samolyotlar Suriyaga olib kelingan, Rossiyaga qarashli ekanini yashirish maqsadida ularni boʻyab, Liviyaga olib oʻtishgan”, deb bayonot bergan edi oʻshanda AQSH Qurolli kuchlarining Afrika qoʻmondonligi (AFRICOM).
“Liviya Milliy Armiyasi (LMA) ham, xususiy harbiy kompaniyalar ham bu jangarilarni davlat koʻmagisiz – Rossiyadan oladigan yordamsiz qurollantirish, ekspluatatsiya qilish va taʼminlashga qodir emas”, deb aytgan AFRICOM qoʻmondoni, general Stiven Taunsend.
Iyul oyida AFRICOM eʼlon qilgan sunʼiy yoʻldosh fotosuratlaridan Moskva Liviyada Vagner guruhiga jangovar samolyot, zirhli mashinalar, havo mudofaasi tizimlari, qurol-aslahalar yetkazishda davom etayotgani maʼlum boʻlgan edi.
Shuningdek, “Vagner guruhi” suriyalik yoshlarni Liviyadagi jangarilik faoliyatiga jalb qilish boʻyicha keng qamrovli choralarni muvofiqlashtirgan va bunda Asad rejimini qoʻllovchi siyosiy partiya yordamiga tayangan.
Choʻzilib ketgan muddat
Asadda Putin haqiqatan ham Suriyaga yordam bermoqchimi yoki bu mamlakat hududidan Kremlning proksi urushlarini boshqa joyga koʻchirish uchun qulay maydon sifatida foydalanyaptimi, deb shubhalanishga asos bor.
2015-yilda Suriyani qoʻllab-quvvatlay boshlaganidan beri, Moskva bir nechta qimmatbaho majburiyatlarni oʻz zimmasiga oldi.
“Vagner guruhi” Liviyaga 2018-yilda kirgan va uchinchi yildirki Haftarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Moskva 2018-yildan buyon oʻz kompaniyalariga qazilma boyliklar, xususan, oltin va olmos konlarini tadqiq qilish uchun berilgan imtiyozlar evaziga Markaziy Afrika Respublikasiga (MAR) diplomatik va moliyaviy yurishni amalga oshirmoqda.
2019-yil oxirida isyonchilarning parlament va prezident saylovlarini barbod qilish tahdidi tufayli Moskva MARga 300 nafar “harbiy instruktorlarini” yuborgan edi. Saylovlar oʻtgan yilning 27-dekabr kuni oʻtkazilgan.
Kreml, shuningdek, mamlakatga qurol-yarogʻ joʻnatib, amaldagi prezident Fostin Arkanj Tuaderuni ochiqdan-ochiq qoʻllab-quvvatlamoqda. Saylov arafasida, oktabr oyi oʻrtalarida poytaxt Bangi koʻchalarida Rossiya va MAR bayrogʻi ilingan zirhli mashinalar patrul nazoratini olib borgan.
2020-yili olti hafta davom etgan urushda Ozarbayjon Armaniston va boʻlginchi Togʻli Qorabogʻ mintaqasini tor-mor etganidan soʻng, Kreml u yerga 2000 kishilik “tinchlikparvar” kuchlarini yubordi. Urushga chek qoʻygan shartnomaga koʻra, rus askarlari kamida besh yil davomida Ozarbayjonda qoladi.
Bu orada Suriyadagi harbiy aralashuvdan oldingi tavakkalchiliklarda Rossiya qoʻshinlari va uning qoʻllovidagi ayirmachilar Ukraina sharqida ukrain askarlariga qarshi jang qilmoqda, rus qoʻshinlari Gruziyaning beshdan bir qismini egallab olgan va Moldovadagi Dnestrboʻyi oʻlkasini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Rossiyaning inkorlari
Rossiya Liviyada harbiy xizmatchilari borligini rad etib keladi, salmoqli dalillar esa buning aksini isbotlab turibdi.
“Liviya zaminida bizning hech qanday harbiy xodimlarimiz yoki xizmatchilarimiz yoʻq. Shunday ekan, Liviya Rossiyaning harbiy aralashuvidan xoli”, deb aytgan yanvar oyida AFPga mamlakat missiyasi vakili.
“Agar u yerda yollanib ishlayotgan Rossiya fuqarolari boʻlsa (biz buni istisno qilolmaymiz), ularni chaqirib olish masalasi boʻyicha yollovchilarga murojaat qilish kerak.”
Urushga tayyorgarlik boshlanishi.
Javob berishFikrlar 2
Choʻchqa bashara Rossiya u yerda nima topishi qiziq.
Javob berishFikrlar 2