Rossiya Yaqin Sharqdagi harbiy va iqtisodiy manfaatlarini kengaytirish uchun Suriyadagi xususiy qoʻriqlash kompaniyalarining xizmatidan foydalanish bilan bir qatorda, qamalda qolgan mijozi – prezident Bashar al-Assadni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda.
Suriyada Kreml nomidan kamida uch turdagi qoʻshinlar faoliyat olib bormoqda: Rossiyaning muntazam qurolli kuchlari, aksari postsovet mamlakatlar yoshlarini oʻz safiga yollovchi Rossiya pudratchilari va mahalliy erkaklarni yollovchi Suriyaning qoʻriqlash kompaniyalari.
“Vega” va “Vagner guruhi” kabi pudratchi kompaniyalar Rossiyaga Suriyadagi urushda Kremlning kitoblarida “qon toʻkmay” qatnashish imkonini beradi.
Rossiyaning xususiy harbiylari bir necha yillardan buyon Suriyada, shuningdek, Ukraina, Venesuela, Sudan, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya va Madagaskarda jang qilib kelmoqda.
Xususiy kompaniyalar Rossiyaga foyda keltirmoqda
Moskva xususiy qoʻriqlash kompaniyalaridan foydalanib, sharqiy Dayr Az-zor viloyati kabi tiklanishga muhtoj yoki neft va togʻ-kon sanoati salohiyatiga ega boʻlgan mintaqalarda harbiy nazoratni qoʻlga kiritishga intilib kelgan.
Bu pudratchilar hozir va kelgusidagi har qanday tiklash ishlarida oʻz mavqelarini mustahkamlash uchun Suriya rejimi va Eron Islom inqilob posbonlari korpusi (IIPK) bilan bogʻliq boʻlgan raqib qurolli guruhlarni ushbu mintaqalardan siqib chiqardi.
Ulardan biri “Al-Maham” qoʻriqlash kompaniyasi boʻlib, u rasman “Al-Maham” himoya va xususiy qoʻriqlash firmasi sifatida roʻyxatdan oʻtgan. 2016-yilda tashkil etilgan bu kompaniya “Qaterji” kompaniyasining shoʻʼbasi hisoblanadi, deydi Dayr Az-zorlik faol Jamil al-Obid.
“Qaterji” kompaniyasi “Qaterji International Group” nomi bilan ham tanilgan boʻlib, turizm, neft, transport va import-eksport kabi qator sohalarda ish yurituvchi bir nechta shirkatlarga egalik qiladi.
2018-yil sentyabr oyida Qoʻshma Shtatlar bu shirkat va uning sohibi Muhammad Qaterjiga Suriyaga noqonuniy tarzda neft va qurol-yarogʻ olib oʻtishda yordam bergani, shuningdek rejim va “Islom davlati” (ID) oʻrtasidagi yoqilgʻi oldi-sotdisiga koʻmaklashgani uchun sanktsiyalar joriy qilgan edi.
Oʻtgan yilning noyabr oyida Muhammadning ukasi, “Qaterji” shirkatining hamsohibi boʻlgan suriyalik deputat Hussam Qaterji ham AQSH sanksiyalari ostiga tushgan.
Aka-ukaning “Al-Maham” kompaniyasini ularning ikki qarindoshi boshqaradi. Qoʻriqlash kompaniyasi Damashq va uning atrofida, shuningdek Xoms, Tartus, Dayr Az-zor va Halabda faoliyat olib boradi, deydi al-Obid.
Al-Obidning aytishicha, bir yildan oshibdiki, “Qaterji” shirkatlari Rossiya bilan yaqin aloqalarni oʻrnatgani maʼlum va bu ularga Dayr Az-zor, Raqqa va Halab viloyatlarida biznes yuritishga imkon bergan.
Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya va unga aloqador “Qaterji” yollanmalari “oʻz qarorgohlari oldiga, ayniqsa, Dayr Az-zorda ochiqdan-ochiq Rossiya bayrogʻini ilib qoʻyishgan”.
“Qaterji” yollanma jangarilari “Al-Maham” tashkil etilishidan avval mavjud boʻlgan va Halab shahri uchun kechgan janglar chogʻida Suriya rejimi kuchlari safida urushib, “tinch aholiga qarshi koʻplab harbiy jinoyatlar sodir etilishida qatnashgan”, dedi Al-Obid.
Jangarilarning aksari keyinchalik “yuridik niqob” ortida oʻz faoliyatini davom ettira olishi uchun “Al-Maham” safiga yollangan, deb qoʻshimcha qildi u.
“Vagner” yollagan, Rossiya qurollantirgan
“Al-Maham” - xavfli oʻyinchi, uning “koʻplab hududlar boʻylab tarqalgan 1000 dan ortiq xodimlari bor”, deydi suriyalik huquqshunos Bashir al-Bassam.
“Ular qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarni Rossiya kuchlaridan oladilar. Aynan Rossiya harbiylari ularni bevosita yoki Vagner guruhi vositasida jangovar tayyorgarlikdan oʻtkazadi”, dedi u.
“Vagner” guruhi Rossiyaning koʻmagi bilan “Al-Maham” safiga Dayr Az-zor aholisini jalb qildi. Bu “Eron va Rossiya oʻrtasida jangarilar va qoʻriqlash kompaniyalari orqali mintaqa nazoratini qoʻlga olish uchun kurash” kabi koʻrinuvchi harakatlar doirasida amalga oshirildi, dedi u.
“U 200 ming Suriya lirasiga (390 AQSH dollari) teng (oylik) maosh, Suriya kuchlari va amaldorlarining taʼqibidan himoya, hayot sugʻurtasi va Suriyada harbiy yoki zaxira xizmatini oʻtaganlikni hujjatlar bilan tasdiqlash zaruriyatidan ozod boʻlishni taklif qiladi.”
“Al-Maham” Suriya armiyasiga chaqiruvdan qochib yurgan Dayr Az-Zor yoshlari uchun boshpanaga aylandi, dedi Al-Bassam.
“Al-Maham va boshqa qoʻriqlash kompaniyalarining koʻmagi bilan Rossiya nafaqat harbiy va xavfsizlik nazoratini qoʻlga olish, balki neft, togʻ-kon sanoati va qimmatbaho metallar bilan bogʻliq ishlarda ham imkon qadar koʻproq narsaga ega boʻlishni koʻzlaydi”, dedi u.
Shuningdek, u qisman “Qaterji” bilan aloqalaridan foydalanib, “kelajakdagi rekonstruktsiya loyihalarida keng ishtirok etishga” intilmoqda, dedi u.
“Vagner”: bosqon bilan oʻldirish buyrugʻi
“Vagner guruhi” razvedka rotasining sobiq qoʻmondoni Marat Gabidullin dekabr oyida Rossiyaning “Meduza” mustaqil nashriga Suriyada oʻzi guvoh boʻlgan vahshiyliklar haqida soʻzlab bergan.
Uning soʻzlariga koʻra, Suriyadagi “Vagner” kuchlari qoʻmondoni 2017-yilda Suriya armiyasidan qochgan askarni kaltaklash va kallasini olishga buyruq bergan.
Videolavhada toʻrt erkak jabrlanuvchining oyoqlarini katta bolgʻa bilan urib sindirayotganini koʻrish mumkin. Ular uning jasadini yoqib yuborish oldidan, boshini olib, qoʻllarini kesib, oyoqlaridan bogʻlab osib qoʻyishgan.
“Vagnerning oʻzi (qoʻmondon Dmitriy Utkin) ularga shunday buyruq bergan”, dedi Gabidullin.
Vagnerning yollanma askarlari Palmiradagi YUNESKO obyektini ham talon-taroj qildilar, deya qoʻshimcha qildi u Suriyadagi “Vagner” guruhining bazalarida koʻrgan “qadimiy toshlar” va “bareleflarni” eslab.
Gabidullin 2015-yilda ilk marta Suriyada jang qilish uchun yollanganida, u harbiy xizmatning ehtimoliy oqibatlari toʻgʻrisida ochiq ogohlantirilgan.
“Ular ochiqchasiga shunday deyishdi: “Yigitlar, siz davlatimizning manfaatlari bor hududda jang qilish uchun kelgansizlar. Ayanchli oqibatlarga tayyor turinglar. Oʻlimga”, deb eslaydi u “Meduza” bilan suhbatda.
Vagner Kremlning strategik va geosiyosiy manfaatlari boʻlgan mamlakatlarda faoliyat olib boradi. Suriyada platsdarm hozirlash orqali Rossiya butun sharqiy Oʻrtayer dengizi – Yaqin Sharqqa kirish yoʻlini ochishga intilmoqda.
Yaxshi maqola
Javob berishFikrlar 2
Kremlning bu jangarilari terrorchilardan farq qilmaydi.
Javob berishFikrlar 2